Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Subsidiyalar bo‘yicha yagona ochiq portal yaratish taklif qilindi

Subsidiyalar bo‘yicha yagona ochiq portal yaratish taklif qilindi

Foto: Prezident matbuot xizmati

«So‘nggi yillarda iqtisodiyot tarmoqlariga turtki berish uchun ilgari tariximizda bo‘lmagan imtiyozlarni joriy etishga majbur bo‘ldik. Bugun ulardan natija, saboq, tajriba qanday bo‘ldi, degan savolga javob topish kerak. Budjetdan ajratilgan har bir so‘mning hisob-kitobini joyiga qo‘yish, imtiyozlarning samaradorligini oshirish zarur», — dedi Shavkat Mirziyoyev bugungi yig‘ilishda.

Shundan kelib chiqib, Bosh vazir o‘rinbosari va moliya vaziriga barcha imtiyoz va subsidiyalarning natijadorligi ko‘rsatkichlarini belgilab, ulardan samarali foydalanish bo‘yicha qat’iy nazorat tizimini joriy etish topshirildi.

Hisob palatasida monitoring bo‘limi tashkil etib, imtiyozlar samaradorligini doimiy tahlil qilib borish vazifasi qo‘yildi.

Soliq va bojxona imtiyozlarini xatlovdan o‘tkazib, samarasizlarini bekor qilish, xorijiy va mahalliy investorlar uchun berilgan imtiyozlarni bir xillashtirish zarurligi ta’kidlandi.

Hududlar kesimida olganda, soliq imtiyozlarining 31 foizi Toshkent shahriga to‘g‘ri kelmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Xorazm va Surxondaryo viloyatlarining ulushi 2 foizdan oshmaydi. Lekin Surxondaryoning Oltinsoy tumanida ham, Toshkent shahrining Mirobod tumanida ham tadbirkorlar uchun belgilangan talablar, soliqlar, imtiyozlar, subsidiya, kompensatsiya va preferensiyalar bir xil.

Shu bois davlatimiz rahbari soliq imtiyozlarini hududlarning rivojlanish darajasidan kelib chiqib belgilash bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

«Endi joylarga borib, manzilli qarorlar qabul qilib, imtiyozlardan to‘g‘ri foydalanib, chekka-chekka tumanlarni ham rivojlanish yo‘liga olib chiqish kerak», — dedi Prezident.

Aholi va tadbirkorlarning bu borada xabardorligini oshirib, imtiyozlardan foydalanish qamrovini kengaytirish zarurligi qayd etildi. Subsidiyalar bo‘yicha yagona ochiq portal yaratib, barcha imtiyozlarni bosqichma-bosqich shu orqali berish taklifi bildirildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring