Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sublimatsiya usulida quritilgan mevalar — kelajak eksporti

Sublimatsiya usulida quritilgan mevalar — kelajak eksporti

Sublimatsiya — bir holatning ikkinchi holatga o‘zgarishi. Bir so‘z bilan aytganda, o‘zimizda tayyorlanadigan qo‘lbola mevaqoqilar ham sublimatsiyaga misol bo‘la oladi. Milliy bank ko‘magida meva-chevani qayta ishlaydigan SubDry korxonasi ushbu jarayonni yuqori texnologiyalar yordamida san’at darajasiga ko‘targan.

Korxonada tayyorlangan meva-cheva asl holatini 95-98 foizgacha saqlab qoladi. Buning uchun mahsulot tayyor holatga kelgunga qadar bir nechta bosqichdan o‘tadi.


Birinchi bosqichda yuvilgan va tozalangan mevalar -40 darajali muzlatgichga yo‘llaydi. U yerda 4 soat turgan maxsulot birdaniga sovutish natijasida asliga juda yaqin xolatda muzlaydi. Mutaxassislarning aytishicha, sublimatsiyadagi eng muhim jarayon ham aynan shu.

Ikkinchi bosqichda meva-sabzavotlar namligi bir necha soat davomida to‘liq tortib olinadi. Ushbu jarayonda mahsulot quritgichda qancha vaqt turishi qurilma funksiyasi tomonidan belgilanadi.

Shundan so‘ng maxsulot qadoqlash bosqichiga o‘tkaziladi. Namlikni so‘rib oluvchi vakuum bilan jixozlangan maxsus xonada qog‘ozlarga o‘ralayotgan maxsulot xavfsizligi ta’minlanadi.

Mahsulot nafaqat sifati balki ko‘rinishi bilan ham ishtaxa tortar bo‘lishi shart. Sublimatsiya ushbu talabni ham chetlab o‘tmaydi. Shu bilan birga meva tarkibida antioksid, foydali vitaminlar, mineral modda hamda mikroelementlar to‘laligicha saqlanib qoladi. Albatta vazn bu borada juda xam omadli emas. Sababi jarayon uni ko‘p yo‘qotishlarga majbur qiladi. Masalan, 1 kg quritilgan o‘rik va limonga 7 kg, qovun uchun esa 12 kg yangi maxsulot kerak bo‘ladi.

Xuddi mana shunday tovar uchun korxona kuniga 2-4 tonna mevani qayta ishlab, 500 kgdan 1 tonnagacha tayyor maxsulot ishlab chiqaradi. 100 foiz eksportga yo‘naltirilgan korxona loyihasi O‘zbekiston tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tomonidan moliyalashtirilgan.

Qadoqlangan mevalarning asosiy xaridori — Ispaniya, Xitoy, Isroil, Germaniya va Rossiya. Maydoni 1 gektar bo‘lgan korxonada bugun yana shuncha quvvatga ega texnikalar o‘rnatishga joy xozir. Demak tez orada, ishlab chiqarish xajmi ikki barobarga oshadi.

E’tiborli tomoni, SubDry mevalar chiqindisidan ham foydalanishni optimal usulini reja qilgan. Unga ko‘ra tez kunlarda o‘rik danagi va qovun urug‘idan yog‘ olish yo‘lga qo‘yiladi.

Bugungi korxonada 33 nafar xodim ish olib bormoqda. Yaqin vaqtlar ichida Milliy bank ko‘magida yana 600 kishi mavsumiy ish bilan ta’minlanishi rejalashtirilgan.

— Sardoba tumaniga O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki asosiy bank sifatida biriktirilgan bo‘lib, bir qator loyihalarni amalga oshirish uchun 2 million AQSh dollaridan ortiq mablag‘ ajratilgan.

Mazkur qishloq xo‘jaligi va sanoat loyihalarini amalga oshirish uchun tumanimizda 308 gektar ajratilgan va hozirgi kunda 147 gektar yerda aholi mavsumiy ishlarga jalb etilgan, — deydi Sardoba tumani hokimi o‘rinbosari Shuxrat Otaboyev.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring