Soliq va boshqa majburiy to‘lovlar soni qisqartiriladi (sharh)
Moliya vazirligi Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon banki, xalqaro va milliy ekspertlar ishtirokida yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasini ishlab chiqdi. «Norma» nashri ushbu loyihani sharhladi.
Taqdim etilgan loyihada O‘zbekiston Respublikasining Soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasiga muvofiq soliq qonunchiligi normalarining qo‘llanishi maksimal darajada soddalashtirilgan. Buning uchun:
- soliq va boshqa majburiy to‘lovlar soni qisqartirilgan;
- bozorlar, qishloq xo‘jaligi tovarlarini ishlab chiqaruvchilar, advokatlik byurolari va firmalari, shuningdek gastrol-tomosha faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslar uchun maxsus soliq rejimlari bekor qilingan. Soddalashtirilgan soliq rejimlarining umumiy soni 3 tadan 1 tagacha kamaygan;
- davlat boji, ayrim turdagi tovarlarni (alkogolli mahsulotlar) sotish huquqi uchun yig‘imlar to‘lanishini tartibga soluvchi bo‘limlar Soliq kodeksi tarkibidan chiqarilgan;
- Soliq kodeksidagi moddalar soni ko‘paygan, soliqlarni tartibga solishdagi kamchiliklar bartaraf etilgan, qo‘llaniladigan atamalar yanada to‘liq tushuntirilgan. Bu ularni amaliyotda qo‘llash chog‘ida nizoli vaziyatlar soni kamayishiga olib keladi.
Yangi tahrirdagi Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarning aksariyat qismi insofli soliq to‘lovchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini kuchaytirishga yo‘naltirilgan. Xususan:
- soliqning «manfiy» summasini budjetdan qoplash hisobiga qo‘shilgan qiymat solig‘ining tadbirkorlik sub’yektlarining moliya-xo‘jalik faoliyatiga ta’sirining «neytrallashtirilishi» ta’minlandi, bu qo‘shimcha budjet xarajatlarini talab etadi. Shuningdek, asosiy vosita ob’yektlarini, shu jumladan ko‘chmas mulk ob’yektlarini xarid qilish (barpo etish) chog‘ida QQSning bir yo‘la hisobga olinishi joriy etilmoqda. Ayni paytda u teng ulushlarda ketma-ket keluvchi 12 oy davomida, ko‘chmas mulk ob’yektlari bo‘yicha esa 36 oy davomida amalga oshirilmoqda;
- soliq to‘lovchilar texnologik asbob-uskunalarni yoki ko‘chmas mulk ob’yektlarini xarid qilishda bir yo‘la amortizatsiya chegirmalari qila oladilar;
- foyda solig‘i bo‘yicha avans to‘lovlari yuzasidan ma’lumotnomalar bekor qilinmoqda. Avans to‘lovlarini faqat yirik soliq to‘lovchilar hisoblaydi;
- tovar (ishlar, xizmatlar) tannarxidan past bahoda sotilganda zararlarga soliq solish bekor qilinadi;
- huquqqa zid ravishda soliqlarni qo‘shimcha hisoblaganlik yoki moliyaviy jazo choralarini qo‘llaganlik, tadbirkorlik sub’yektlari ortiqcha to‘lagan soliq summalarini qaytarishni kechiktirganlik uchun soliq organlarining javobgarligi oshiriladi. Ushbu hollarda budjetdan soliq to‘lovchilarga muddati o‘tkazib yuborilgan har bir kun uchun penya to‘laydi.
Qonun hujjati loyihasi soliq nazoratini amalga oshirishning jahon amaliyotida muvaffaqiyatli sinalgan yangi tartibini nazarda tutadi. Bu maqsadda qo‘llaniladigan nazorat shakllari va mexanizmlari takomillashtirilgan. Muhimi – insofli soliq to‘lovchilarni qo‘llab-quvvatlash va soliq majburiyatlarini ijro etishdan bo‘yin tovlayotgan sub’yektlarni aniqlash. Bu maqsadga quyidagicha erishiladi:
- soliq to‘lovchilar va soliq organlari huquqlari va majburiyatlarini aniqlashtirish;
- «zaruriy ehtiyotkorlik» tushunchasini joriy etish. Bu «soliq sxemalari»dan foydalanish imkoniyatlarini qisqartiradi;
- inspektor ishtirokisiz kompyuter dasturi orqali tavakkalchilikni tahlil etish natijalariga ko‘ra insofli deb topilgan soliq to‘lovchilarga nisbatan soliq nazorati choralarini qo‘llamaslik;
- soliq nazorati shakllarini soddalashtirish: kameral nazorat, soliq auditi va sayyor tekshiruv. Faqat soliq auditi natijalariga ko‘ra, jarima choralari qo‘llaniladi;
- soliq huquqbuzarligini turiga qarab, jarima choralarining farqlanuvchi miqdorlarini belgilash.
Soliq kodeksi loyihasida soliqlar bo‘yicha soliq stavkalari nazarda tutilgan, aksiz solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq bundan mustasno. Ushbu soliq turlari bo‘yicha stavkalar har yili «Davlat budjeti to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bilan tasdiqlanadi.
Umuman olganda, yangi tahrirdagi Soliq kodeksining loyihasi soliq undirishning amalda sinovdan o‘tgan prinsip va yondashuvlari, boshqa mamlakatlarning ilg‘or tajribasiga asoslangan. Uning ustida ishlashda MDH va Yevropa Ittifoqi mamlakatlarining tajribasidan foydalanildi.
Yangi tahrirdagi Soliq kodeksining qabul qilinishi O‘zbekiston soliq tizimini xalqaro standartlarga yaqinlashtirish, qonunga itoatkor soliq to‘lovchilarning huquqlari yuqori darajada himoya qilinishini ta’minlagan holda mahalliy va xorijiy investorlarga uni yanada tushunarliroq qilish imkonini beradi.
Soliq kodeksining yangi tahriri QHTBT portalida joylashtirilgan va tadbirkorlar, huquqshunoslar, soliq maslahatchilari, auditorlar va buxgalterlar tomonidan keng muhokama qilishga taqdim etilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter