Soliq kodeksining 356-moddasiga qo‘shimcha kiritilishi nimani o‘zgartiradi?
2017-yilning 6-oktabrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ishtirokida turizmni qisqa va o‘rta muddatli istiqbolda rivojlantirish bo‘yicha davlat siyosatini yaxlit amalga oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazilgan edi. Mazkur yig‘ilishda mamlakatimizda sayyohlik sohasi uchun qulay sharoitlarga xizmat qiladigan vazifalar belgilab berilgan.
Shu asosda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan «O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 356-moddasiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida»gi Qonun loyihasi tayyorlandi.
Mazkur Qonun loyihasida O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 356-moddasiga sayyohlik xizmatlarini ko‘rsatuvchi xo‘jalik sub’yektlarining soliq solinadigan bazasidan onlayn tarzda bronlashtirish va sotish xizmatlarini ko‘rsatish uchun dasturiy mahsulotlar va axborot tizimlarini joriy qilishga yo‘naltirilgan mablag‘lar qiymatining kamaytirilishini ko‘zda tutadigan tegishli qo‘shimcha kiritilgan.
Bugungi kunda jahon iqtisodiyotining uchdan bir qismini egallab turgan turizm sohasida elektron tijoratning o‘rni borgan sari ortib bormoqda.
Xususan, elektron tijorat — turizmning quyidagi asosiy xizmatlarini amalga oshirish imkonini beradi:
— chiptalarni onlayn sotib olish;
— mehmonxonalarga buyurtma berish va joylarni bronlashtirish;
— turizm paketlarini sotib olish va buyurtma berish;
— transport xizmatlarini sotib olish va buyurtma berish va boshqalar.
Ikkinchidan, xorij mamlakatlarining tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, iqtisodiyotning muayyan bir sohasini, shu jumladan, elektron tijorat bilan faol integratsiya qilish orqali turizmni rivojlantirishda maqsadli soliq imtiyozlarini taqdim etishda davlat siyosati muhim rol o‘ynaydi.
Misol uchun, Buyuk Britaniyada turizm sohasidagi korxonalar daromad solig‘ini 33 foiz o‘rniga 25 foiz to‘lashadi.
Fransiyada turizm korxonalari qo‘shimcha qiymat solig‘idan, Germaniyada esa tijorat solig‘idan, Braziliyada sayyohlik korxonalari qo‘shimcha qiymat solig‘idan, xizmat ko‘rsatish solig‘idan hamda moliyaviy operatsiyalar bo‘yicha soliqdan ozod qilingan.
Xalqaro tajribaning o‘rganilishi shuni ko‘rsatdiki, MDH mamlakatlarining soliq kodekslarida aynan sayyohlik xizmatlarini onlayn bronlashtirish va sotish bo‘yicha dasturiy mahsulotlar va axborot tizimlarining joriy qilinishi uchun soliq imtiyozlarining berilishi mavjud emas.
Uchinchidan, O‘zbekiston Respublikasida hozirgi kunda 835 ta mehmonxona va 516 ta turoperator mavjud bo‘lib, ularning besh foizi mijozlarga onlayn bronlashtirish va bir foizi onlayn sotish xizmatlarini ko‘rsatib kelmoqda.
Qonun loyihasini ishlab chiqishda bir qator xorijiy (Yevropa va MDH) davlatlarning tajribalari o‘rganib chiqilgan.
Bundan tashqari Qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi normativ–huquqiy hujjatlarni muhokama qilish portali — www.regulation.gov.uz saytida joylashtirilib, jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.
Mazkur qonunning qabul qilinishi quyidagi natijalarni beradi:
birinchidan, sayyohlik xizmatlarini onlayn bronlashtirish va sotish bo‘yicha dasturiy mahsulotlar va axborot tizimlarini joriy qilish bo‘yicha zarur sharoitlar yaratiladi;
ikkinchidan, elektron tijorat infratuzilmasini rivojlantirishni rag‘batlantirishga hamda turizm xizmatlarini onlayn bronlashtirish va turizm mahsulotlarini onlayn sotish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatadigan sub’yektlar sonining oshishiga olib keladi;
uchinchidan, turizm sohasida ko‘rsatiladigan xizmatlar sifati va tezligi oshadi hamda turizm xizmatlari narxlari pasayadi, bu esa o‘z navbatida ularning raqobatbardoshliligi oshishiga olib keladi;
to‘rtinchidan, turizm faoliyati bilan shug‘ullanuvchi sub’yektlar tomonidan sayyohlik xizmatlarini onlayn bronlashtirish va sotish bo‘yicha yaratilgan dasturiy mahsulotlar va axborot tizimlarini joriy qilishga yo‘naltirilgan xarajatlarni soliq solish bazasiga qo‘shmaslik natijasida 3,4 mlrd. so‘mga yaqin mablag‘lar tejab qolinadi.
Qonun loyihasi o‘rnatilgan tartibda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan (Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Davlat soliq qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi, Moliya va Adliya vazirliklari) kelishilgan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi amaldagi qonun hujjatlari monitoringi institutining ijobiy xulosasi olingan.
Mazkur qonun loyihasi turizm xizmatlarini onlayn bronlashtirish va sotish bo‘yicha dasturiy mahsulotlarni va axborot tizimlarini rivojlantirish hamda joriy qilish uchun investitsiyalar kiritishni rag‘batlantiruvchi zarur sharoitlarni yaratishga qaratilgan.
Vazirlik ilgari surayotgan Qonun loyihasi hukumat rahbariyati tomonidan ma’qullangan taqdirda, ko‘rib chiqish uchun Oliy Majlisning Qonunchilik palatasiga taqdim qilinadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter