Shavkat Mirziyoyev zamonaviy qurilish materiallari klasteri faoliyati bilan tanishdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Yuqori Chirchiq tumanidagi «Yevro Global Invest» mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi, deb yozadi davlat rahbari matbuot xizmati.
Bugun yurtimizda qurilish ko‘lami keng. Shu bois yangicha dizayndagi temir-beton materiallariga talab yuqori.
O‘tgan yili dekabrda ish boshlagan «Yevro Global Invest» korxonasi yirik yig‘ma temir-beton panellari tayyorlashga ixtisoslashgan. Mazkur loyihaning umumiy qiymati 40 million yevro. 7 gektarlik ishlab chiqarish maydoniga Italiya, Germaniya va Avstriyadan zamonaviy liniyalar keltirib o‘rnatilgan.
Korxona mahsulotlari jahon standartlariga mos, zilzilabardoshligi yuqori. Mazkur qurilish materiallari ishlatilgan uylar tannarxi boshqalarga nisbatan 30 foiz arzon bo‘ladi. Mahsulotlar rangli qilib tayyorlanishi ham mumkin.
Klaster usulidagi korxona yiliga 500 ming kub metr beton mahsulotlar ishlab chiqarish, 1 million tonna tosh maydalash, yana shuncha asfalt tayyorlash quvvatiga ega. Bu yerda shuningdek, ichki va tashqi eshiklar, deraza romlari, mebellar ham yasalmoqda.
Davlatimiz rahbari materiallar ishlab chiqarish va qurilishning to‘liq «zanjiri»ni tashkil etib, uy-joylar narxini yanada arzonlashtirish, ko‘proq yoshlarni ishga jalb etish zarurligini ta’kidladi.
Ayni paytda 850 nafar ishchi mehnat qiladi. Yil yakunigacha ish o‘rinlarini 1 ming 500 taga yetkazish rejalashtirilgan.
Shu yerda 2021-2022-yillarda Toshkent viloyatida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari taqdimoti o‘tkazildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter