Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev Osiyo taraqqiyot banki delegatsiyasini qabul qildi

Shavkat Mirziyoyev Osiyo taraqqiyot banki delegatsiyasini qabul qildi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bugun, 13-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturining vazirlar darajasidagi konferensiyasi tadbirlarida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Takexiko Nakao boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Uchrashuvda davlatimiz rahbari eng muhim ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni ilgari surishda O‘zbekistonning yetakchi va ishonchli sherigi bo‘lmish ushbu nufuzli xalqaro moliyaviy institut bilan o‘zaro manfaatli munosabatlar rivojlanish dinamikasini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

Mamlakatimizda Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi loyihalarni ishlab chiqish sifati va amalga oshirish sur’ati sezilarli darajada ortgani alohida ta’kidlandi.

Bugungi kunda ikki tomonlama hamkorlik yurtimiz iqtisodiyotining barcha ustuvor tarmoqlarini qamrab olgan holda amalga oshirilgan va davom etayotgan, umumiy qiymati qariyb 8 milliard dollarlik 60 dan ziyod loyihani o‘z ichiga oladi. Bankning 2019-2023 yillarda O‘zbekiston bilan sheriklikni kengaytirish bo‘yicha moliyalashtirish hajmi 5 milliard dollardan oshadigan yangi strategiyasi qabul qilindi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Uchrashuvda o‘zaro hamkorlikning istiqbollari har tomonlama ko‘rib chiqildi. Mamlakatimizda irrigatsiya-drenaj va avtomobil yo‘llari infratuzilmasini modernizatsiya qilish, jumladan, boshqaruv tizimini takomillashtirish, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy etish, kadrlar tayyorlash va boshqa masalalarga doir uzoq muddatli strategik va dasturiy hujjatlarni ishlab chiqish va amalga oshirishga e’tibor qaratildi.

Mintaqaviy miqyosdagi, avvalo, transport yo‘laklarini rivojlantirish, energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish, ekologik muammolarni hal etish bo‘yicha loyihalarni ilgari surish ustuvor ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.

Osiyo taraqqiyot banki rahbari O‘zbekiston bilan hamkorlikning bugungi darajasi va samaradorligini yuksak baholadi, shuningdek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini qayd etdi.

Takexiko Nakao yurtimizning barqaror taraqqiyoti va ravnaqi yo‘lidagi maqsad va vazifalarga erishishda bank bundan buyon ham asosiy sherik bo‘lib qolish istagidaligini bildirdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring