Shavkat Mirziyoyev investitsiya loyihalari bilan tanishdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 11-yanvar kuni Jizzax viloyatidan qaytib kelgach, investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Dastlab 2021-yilda tijorat banklari tomonidan amalga oshiriladigan yirik investitsiya loyihalari to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Mamlakatimizda zamonaviy texnologiyalarni jalb etgan holda eksportbop va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishga katta e’tibor qaratilmoqda. Xususan, tijorat banklari tomonidan 2021-yilda 120 trillion so‘m miqdoridagi yirik investitsiya loyihalarini moliyalashtirish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, qurilish materiallari, yengil sanoat, qishloq xo‘jaligi, neft-kimyo, mashinasozlik va boshqa tarmoqlarda qiymati qariyb 1 milliard dollar bo‘lgan 14 ta yirik investitsiya loyihasi ishlab chiqilgan.
Masalan, Sirdaryo shahrida faoliyat yuritayotgan polietilen qop va yengil konteynerlar ishlab chiqarish korxonasida 2 mingga yaqin kishi mehnat qilmoqda. Buning davomi sifatida, O‘zsanoatqurilishbank tomonidan «spanbond-meltblaun» noto‘qima matolarini ishlab chiqarishga qaratilgan 94 million dollarlik loyiha rejalashtirilgan.
Umuman aytganda, yangi loyihalar samarasida maxsus texnikalar, polimetall mahsulotlar, geosintetik materiallar, mineral paxta asosida qurilish plitalari, quvur, oyna va boshqa mahsulotlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish, meva-sabzavotchilik klasterlari hamda kichik sanoat zonalarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Davlatimiz rahbari loyihalarni hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatidan kelib chiqib, oqilona joylashtirish, sanoat infratuzilmasini yaxshilash, klaster va texnoparklar tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevga, shuningdek, poytaxtimizda investitsiya loyihalari amalga oshirilishi borasida ma’lumot berildi. Toshkent shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturiga asosan 2020-yilda moliyalashtirishning barcha manbalari hisobiga 3,7 milliard dollar investitsiya o‘zlashtirilgani qayd etildi. Qiymati 11 trillion so‘mdan ziyod 306 ta loyiha foydalanishga topshirilib, qariyb 13 mingta yangi ish o‘rni yaratilgan.
Misol uchun, Bektemir tumanidagi «DSK Binokor» mas’uliyati cheklangan jamiyat 504 milliard so‘mlik investitsiya hisobiga temir-beton mahsulotlar, Sergeli tumanidagi «Bek Mega Textile» korxonasi 119 milliard so‘mlik investitsiya evaziga to‘qimachilik tovarlari ishlab chiqarishni tashkil etgan.
Bu boradagi ishlarni izchil davom ettirish maqsadida 2021-2023-yillar uchun qiymati 109 trillion so‘mdan ziyod 1 ming 277 ta investitsiya loyihasi shakllantirilgan. Shundan qariyb 4,9 milliard dollari xorijiy investitsiya va kreditlarga to‘g‘ri kelishi kutilmoqda. Bu sa’y-harakatlar 86 mingga yaqin ish o‘rni tashkil etish imkonini beradi.
Joriy yilda mazkur loyihalar doirasida barcha manbalar hisobidan 4,1 milliard dollar investitsiya o‘zlashtirilishi belgilangan. 454 ta loyihani ishga tushirib, qariyb 29 ming kishini ish bilan ta’minlash maqsad qilingan.
Davlatimiz rahbari taqdimot qilingan loyihalarni belgilangan muddatlarda va sifatli, zamon talablariga mos ravishda amalga oshirish bo‘yicha qator topshiriqlar berdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter