Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident hokimlar va investitsiya vazirligiga muhim vazifa topshirdi

Prezident hokimlar va investitsiya vazirligiga muhim vazifa topshirdi

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Prezident o‘tkazayotgan yig‘ilishda quritilgan mevani eksport qilish uchun 27 xil turdagi tahlil qilinadigan laboratoriya talab etilishi, lekin birorta ham bunday laboratoriya yo‘qligi, to‘qimachilik mahsulotlarini Yevropa bozoriga olib kirish uchun zarur bo‘lgan 61 ta laboratoriya tahlilining 16 tasi bizda yo‘lga qo‘yilmagani tanqid qilindi.

Eng muhimi, tadbirkor bu muammolardan mahsulotini Yevropaga olib borgandan keyin xabar topayapti. Texnik jihatdan tartibga solish agentligi, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tadbirkorlar bilan ishlash, o‘qitish, muloqotni yo‘lga qo‘ymagani ko‘rsatib o‘tildi.

Shu munosabat bilan ushbu idoralar rahbarlari oldiga 20 mingta ishlab chiqaruvchi tadbirkorlar bilan ishlab, yil yakuniga qadar Yevropaga eksport qiluvchi korxonalar sonini 2 mingtaga ko‘paytirish vazifasi qo‘yildi.

Ularga bir oy muddatda qaysi standartni joriy qilish, qaysi laboratoriyani yangilash bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirildi.

Viloyat hokimlariga ham o‘z hududida eksportchilar sonini oshirish va yangi laboratoriyalar ochish bo‘yicha dastur qabul qilish topshirildi.

Investitsiya vazirligiga:

- xalqaro sertifikatsiya talablarining ichiga kirib, qaysi laboratoriyani modernizatsiyalash va qaysi standartni o‘zgartirish kabi masalalarni hal qilish;

- yil yakunigacha tekstil, elektrotexnika, agro va oziq-ovqat sanoati bo‘yicha 27 ta xalqaro ko‘rgazmada ishtirok etib, kamida 100 tadan eksportchilarni Yevropa bozoriga olib chiqish topshirildi.

Texnik tartibga solish agentligi yil yakuniga qadar xalqaro standartlar joriy qilingan korxonalar sonini 3 baravar oshirib, 1 ming 200 taga yetkazishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Ushbu korxonalarda Yevropaning 1,5 mingta standartlari joriy etiladi. Bu orqali, har bir korxona xalqaro laboratoriya xulosalari uchun 1 milliard so‘m iqtisod qilib, eksportga ketadigan vaqti 3 haftagacha qisqaradi.

Bundan tashqari, agentlikka 121 ta laboratoriya xulosalarini xalqaro standartlarga moslashtirib, kamida 100 ta davlatda tan olinishini ta’minlash topshirildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring