Prezident noyob metallar qazib olish hajmini oshirish bo‘yicha topshiriq berdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 19-may kuni geologiya sohasini yanada rivojlantirish, foydali ma’danlar va yerosti suvi zaxiralarini kengaytirishga qaratilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.
So‘nggi yillarda yurtimiz geologiyasi ham ilm, ham texnologiya jihatidan kuchaytirilgani natijasida qidiruv ishlarining qamrovi kengaydi, yerosti boyliklarining yangi zaxiralari aniqlandi. Ularga asoslanib, yirik korxonalar qurilmoqda, istiqbolli loyihalar ishlab chiqilmoqda.
Xususan, uran bo‘yicha 27 ta yangi kon ochilib, barqaror xomashyo bazasi yaratildi. Lekin sohadagi imkoniyatlar ancha ko‘p. Shu bois davlatimiz rahbari nodir va noyob metallar qazib olish hajmini oshirish bo‘yicha topshiriq bergan edi.
Taqdimotda mutasaddilar shu borada ishlab chiqilgan rejalar yuzasidan axborot berdi. Unga ko‘ra, umumiy qiymati 182 million dollarlik 14 loyiha shakllantirilgan.
Prezidentimiz bu loyihalar bilan chegaralanmasdan, yuqoriroq marra olish kerakligini ta’kidladi.
Shu maqsadda, 2022-2026 yillarda geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Bu dasturda 8 ta yangi kon va 18 ta istiqbolli maydon hisobiga uran zaxirasini oshirish, zamonaviy burg‘ilash uskunalarini olib kelish, raqamli geologiya modelini yaratish ko‘zda tutiladi.
Shuningdek, «Navoiyuran» davlat korxonasini transformatsiya qilish, xorijiy mutaxassislarni jalb etib, texnologik jarayonlarni takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Uran zaxirasini xalqaro standartlarga muvofiq baholash, so‘nggi texnologiyalar asosida rudadan uranni ajratib olish darajasini oshirish muhimligi qayd etildi.
Taqdimotda istiqbolli konlarni tayyorlash va ularga investorlarni jalb qilishga oid taklif ham ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi huzurida «Yangi kon» loyiha ofisi tashkil etish, uning ustav kapitaliga 15 million dollar ajratish mo‘ljallangan. Bu loyiha ofisi litiy, alyuminiy, magniy, grafit va boshqa nodir metallarni ishlab chiqarish bo‘yicha investitsiya loyihalarini amalga oshiradi.
Davlatimiz rahbari jahon bozorida uran narxi barqaror o‘sib borayotgani, yangi loyihalarda bu xomashyoni qayta ishlash va qo‘shilgan qiymat yaratishga alohida e’tibor qaratish kerakligini ta’kidladi.
Albatta, buning uchun malakali kadrlar ham zarur. Shu bois Prezidentimiz tashabbusi bilan Geologiya fanlari universiteti tashkil etilgan edi. Navoiy konchilik institutiga universitet maqomi berildi. Italiyaning Piza hamda Rossiyaning Sankt-Peterburg konchilik universitetlari bilan qo‘shma dasturlar tuzildi.
Lekin, zamonaviy bilimga ega, axborot texnologiyalari va xorijiy tillarni yaxshi o‘zlashtirgan o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarinini tayyorlash sust. Jumladan, birgina Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tizimida yiliga 300 dan ortiq o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarga ehtiyoj bor.
Shu bois Zarafshon, Angren va G‘uzordagi texnikumlarda geologiyaga ixtisoslashgan yo‘nalishlarni ko‘paytirib, malakali ishchilar tayyorlash zarurligi ta’kidlandi.
O‘tgan yili mamlakatimizda mis sanoati klasteri tashkil etilgan edi. Dasturga ko‘ra, mis ishlab chiqarishni yagona «zanjir» asosida 2 baravarga ko‘paytirib, 8 milliard dollarlik mahsulot ishlab chiqarish reja qilingan.
Taqdimotda shu borada amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ham hisobot berildi.
Ma’lumki, mintaqamizdagi eng dolzarb muammolardan biri bu — suv tanqisligi. Bunday sharoitda yerosti suvidan aql bilan foydalanish zarur. Afsuski, so‘nggi yillarda yerosti suvining sathi yurtimizdagi 13 ta tumanda 5 metrgacha, 9 ta tumanda 20 metrgacha pasaygan.
Shu bois Prezidentimiz mutasaddi tashkilotlarga yerosti suvi zaxiralarini ko‘paytirish va ulardan oqilona foydalanishni tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter