Sanksiya atrofidagi muhokamalar: xavotirlar o‘rinli(mi)?

Rossiya-Ukraina o‘rtasidagi harbiy mojarolar va bu jarayonga G‘arb mamlakatlarining aralashuvi jahon iqtisodiyotida pandemiyadan so‘ng yana bir jiddiy o‘zgarishlar, iqtisodiy inqiroz hamda xalqaro savdo tizimida oxiri ko‘rinmaydigan muammolarni keltirib chiqarishiga sabab bo‘lmoqda. Bunga AQSh, Yevropa Ittifoqi hamda boshqa davlatlarning birgalikdagi Rossiyaga nisbatan joriy etayotgan keng ko‘lamdagi sanksiyalarini misol keltirishimiz mumkin.
So‘nggi kunlarda Rossiya bilan Ukraina o‘rtasidagi vaziyatning keskinlashuvi oqibatida AQSh boshchiligida dunyoning ko‘plab mamlakatlari tomonidan Rossiyaga nisbatan qo‘llanilgan sanksiyalar soni 5,5 mingdan ortib ketdi. Albatta bu harakatlar juda ko‘plab, tahlilchilar, ekspertlar va siyosatchilar tomonidan keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Chunki e’lon qilingan sanksiyalar nafaqat Rossiyaga, balki butun jahon iqtisodiyotini o‘sishiga o‘zining salbiy ta’sirini o‘tkazadi. Bu o‘z navbatida xalqaro miqyosda ko‘plab iqtisodiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Deyarli har kuni Rossiyaga nisbatan e’lon qilinayotgan cheklov choralari va ularning soni oshib bormoqda. Bir so‘z bilan aytganda Rossiyaga nisbatan xalqaro boykot e’lon qilindi desak ham bo‘laveradi. Albatta bu joriy etilayotgan sanksiyalar Rossiya iqtisodiyoti uchun katta talofatlar keltirishi aniq. Shu bilan birga ushbu iqtisodiy sanksiyalar AQSh, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari iqtisodiyotiga ham salbiy ta’sirini ko‘rsatishni boshladi. Albatta, Rossiyaga nisbatan amalga oshirilayotgan bu sanksiyalar tahlilchilarning fikriga ko‘ra Yevropa Ittifoqi uchun ham ijtimoiy jihatdan, ham iqtisodiy jihatdan ancha qimmatga tushishi bashorat qilinmoqda. Ayniqsa, sanoat va qishloq xo‘jaligi maxsulotlari eksportidan Polsha, Sloveniya, Bolgariya kabi mamlakatlar fermerlari katta zarar ko‘rmoqda.
Rossiya iqtisodiyoti G‘arbning iqtisodiy cheklovlariga, sanksiyalariga nisbatan moslashuvchanligi va himoyalanganligini oshirishga harakat qilmoqda. Natijada farmatsevtika, sanoat, xizmatlar va qishloq xo‘jaligi maxsulotlarini o‘zida ishlab chiqarishga va iqtisodiyotini diversifikatsiya qilishga xarakat qilmoqda. Shuningdek, asosiy import maxsulotlarni Xitoy va Osiyo davlatlaridan olishga harakat qilmoqda. Albatta bu harakatlar O‘zbekiston biznesi uchun ham Rossiyaning bozorlarida yangi joylarni egallashga imkoniyat yaratadi.
Rossiya va Ukraina o‘rtasida bo‘layotgan inqiroz hamda Rossiyaga qarshi sanksiyalar albatta O‘zbekiston iqtisodiyotiga o‘z ta’sirini o‘zkazmasdan qolmaydi. 2021 yilda O‘zbekiston Respublikasi tashqi savdo aylanmasining uchdan bir qismi yoki 37,7 foizi MDH davlatlariga to‘g‘ri kelib, Rossiya bilan 7,5 mlrd. AQSh dollar (eksport 2,1 va import 5,4 mlrd. Dollar) va Ukraina bilan esa 704,0 mln. dollarni tashkil etgan. 2021 yilda O‘zbekistonning YeOIIi bilan savdosi aylanmasining 59 foizi Rossiyaga, 31 foizi Qozog‘istonga, 7 foizi Qirg‘izistonga hamda 3 foizi Belarus davlati hissasiga to‘g‘ri kelgan. Tahlillarning ko‘rsatishicha Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi siyosiy inqiroz va iqtisodiy sanksiyalar nafaqat O‘zbekiston iqtisodiyotiga, balki qo‘shni MDH mamlakatlari iqtisodiyotiga o‘z ta’sirini ko‘rsata boshladi.
Sanksiyalarning oqibatlari avvalombor mehnat migrantlari daromadiga, tashqi savdo balansiga, valyuta tushumiga, inflyasiya, aholi daromadlari, investitsiya loyihalari va YaIM kabi maroiqtisodiy ko‘rsatkichlarga o‘z ta’sirini o‘tkazishi mumkin.
Iqtisodiy sanksiyalarning O‘zbekiston iqtisodiyotida ko‘rsatadigan salbiy oqibatlarini kamaytirish bo‘yicha hukumat tomonidan zaruriy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Chunki mamlakatimizda sanksiyalarning O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta’sirini yumshatish bo‘yicha vakolatli davlat organlari hamda mutaxassislar tomonidan quyidagi yo‘nalishda chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda.
Birinchidan, Markaziy bank tomonidan Rossiyada mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan migrantlar uchun O‘zbekistonga pul o‘tkazmalarini amalga oshirish bo‘yicha qulayliklar yaratish maqsadida tijorat banklariga rossiya rublining o‘zbek so‘miga nisbatan sotish va sotib olish kursini mustaqil ravishda joriy xalqaro kotirovkalarga asosan belgilanishini, zaruriyatga ko‘ra o‘zgartirib borilishiga ruxsat berdi. Chunki sanksiyalar sababli Rossiya SWIFT tizimidan uzib qo‘yildi. SWIFT tizimini ishlamasligi fuqarolarimizni Rossiyadan pul o‘tkazmalarni amalga oshirishdan mahrum etdi. Shuning uchun Markaziy bank tijorat banklariga rubl ayirboshlashni to‘xtatib qo‘ymaslikni, sotib olish va sotish kursi o‘rtasidagi farqni maqbul darajada saqlab turishni tavsiya etdi.
Ikkinchidan, sanksiyalar sabab xorijdan kelishi kutilayotgan mehnat migrantlari uchun Bandlik va mehnat munosabatlari hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamkorlikda ish joylarini tashkil etish chora-tadbirlari ishlab chiqilmoqda.
Uchinchidan, O‘zbekistondan bahor-kuz oylarida xorijiy mamlakatlarga mavsumiy ishlash uchun borish imkoniyatidan mahrum bo‘lganlarni ish bilan ta’minlash maqsadida ishsiz bo‘lgan fuqarolarni jamoat ishlari hamda mavsumiy ishlarga jalb qilishda hokim yordamchilarini jalb etish mexanizmlari takomillashtirilmoqda.
To‘rtinchidan, sanksiyalar tufayli Rossiya bozorlarida yuzaga keladigan bo‘shliqlarni O‘zbekiston tovarlari va xizmatlari orqali to‘ldirish imkoniyatlarini izlab topish lozim. Buning uchun tezlik bilan chuqur marketing izlanishlarini amalga oshirish lozim bo‘ladi. Bu O‘zbekiston uchun iqtisodiy jihatdan katta imkoniyat hisoblanadi. Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, ijtimoiy tarmoqlar yoki boshqa manbalar orqali ayrim foydalanuvchilar tomonidan bildirilayotgan vahima va sarosimalarga hech qanday hojat yo‘q. Xalqimiz teziroq Rossiya-Ukraina o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni bartaraf bo‘lishini, harbiy mojaroni to‘xtashi tarafdori.
Nodirbek Rasulov,
Iqtisodiyot fanlari doktori
Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti loyiha rahbari
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter