Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Quyosh panellari o‘rnatganlik uchun imtiyozlar beriladi

Quyosh panellari o‘rnatganlik uchun imtiyozlar beriladi

Odamlarning yaxshi yashashi uchun eng zarur manbalardan biri – barqaror energiya resursi. So‘nggi yillarda aholining energiyaga bo‘lgan mavsumiy ehtiyoji keskin oshishi sababli barcha og‘irlik elektr tarmoqlariga tushmoqda.

Shu bois bugungi kunda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish, aholinining ushbu vositalardan faol foydalanishini rag‘batlantirishga alohida ahamiyat qaratilyapti. Xususan, yangi tizimga ko‘ra, har bir o‘rnatilgan quyosh panellari, quyosh suv isitish kollektorlari va shamol elektr uskunasi uchun, quvvatiga qarab, imtiyozlar berilmoqda.

Masalan, bir oila suv isitish uchun oyiga o‘rtacha 195 ming so‘m xarajat qiladi, deylik. Endi ular 6 million so‘m evaziga 200 litrli quyosh suv isitish qurilmasini o‘rnatsa, davlatdan 2 million so‘m kompensatsiya oladi. Bunda har oy ketgan xarajat iqtisod bo‘lishi hisobiga, suv isitish qurilmasi 21 oyda pulini oqlaydi va yonga qoladi.

Agar oila kompensatsiyani emas, bo‘lib-bo‘lib to‘lashni tanlasa, oylik to‘lov 170 ming so‘m bo‘ladi. Ya’ni, hozirgi to‘lovidan ham kam bo‘ladi va uch yildan keyin issiq suv uchun umuman xarajat qilmaydi.

Umuman, qayta tiklanuvchi energiya manbalari bo‘yicha qanday qulayliklar bor?

O‘zbekiston tarixida birinchi marta aholi xonadonida o‘rnatilgan quyosh panellari yordamida ishlab chiqarilgan elektr energiyasini davlat tomonidan sotib olish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.

Quyosh panellari va suv isitish qurilmalaridan foydalanilganda elektr va issiqlik energiyasi tekinga olinadi. Quyosh panellari orqali elektr energiya ishlab chiqarilganda atrof-muhitga hech qanday zararli gazlar chiqmaydi. Eng asosiysi, quyosh panellari va suv isitish qurilmalari o‘rnatilgan paytdan e’tiboran daromad olib kela boshlaydi. Bunday qurilmalar binolarning tom qismida hamda bo‘sh yer maydonlarga o‘rnatilgani uchun ishlash jarayonida hech qanday shovqin bo‘lmaydi. Zamonaviy vositalar xonadonni uzluksiz elektr energiyasi va issiq suv bilan ta’minlash imkonini beradi.

Bu qurilmalarni o‘rnatish juda oson va uzoq yillar texnik xizmat ko‘rsatish ham talab etilmaydi. Chunki mazkur qurilmalar maxsus sinov laboratoriyalari tekshiruvidan o‘tkazilgan holda o‘rnatilishi sababli o‘rtacha 20-25 yil davomida xizmat ko‘rsatadi. Xonadon egasi ehtiyojidan ortgan qismini elektr tarmoqlari korxonasiga sotib daromad qilishi ham mumkin. Bunda jismoniy shaxslar tomonidan hech qanday soliq to‘lovlari amalga oshirilmaydi.

Serquyosh o‘lkada yashaymiz, shuni hisobga olib, tabiatning ushbu ne’matidan qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqarishda unumli foydalanishimiz kerak. Yashil energetikaning taraqqiy etishi bugungi sharoitda mamlakat energetika tizimiga tushayotgan ulkan yuklamani kamaytirishga xizmat qiladi.

Ammo bir narsani unutmaslik kerakki, ushbu yangi yo‘nalishni rivojlantirish, sohaga sarmoya kiritish, yirik xorijiy hamkorlarni jalb qilish uchun energetika sohasi bozor mexanizmlari asosida ishlayotgan bo‘lishi kerak. Yo‘qsa yoki investorlar umuman kelishdan bosh tortadi, yoki yana barcha zarar davlat budjetining zimmasiga tushadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring