QQS pasaytirildi, ammo narxlar nega tushmadi?
Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari O‘zbekistonda qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) ning 15% dan 12% ga tushirilishi iste’mol tovarlari narxiga qanday ta’sir ko‘rsatishini o‘rgandi.
QQS to‘lovchisi bo‘lgani va asosan rasmiy ish yurituvchi hisoblangani sababli tahlil uchun milliy supermarketlardagi narxlar asos qilib olindi. Jumladan, 97 turdagi 3754 ta iste’mol tovarlari bo‘yicha to‘rt oylik statistik ma’lumotlar data-scraping yo‘li bilan yuklab olindi. Har bir tovar turi bo‘yicha dekabr va yanvar oylarida narxlar o‘rtasidagi o‘zgarish (treatment group) noyabr-dekabr va yanvar-fevral oylaridagi narxlar o‘zgarishi (control group) bilan solishtirildi.
Natijalar shuni ko‘rsatadiki, QQS 15% dan 12% ga tushirilishi narxlarning tegishli ravishda tushishiga olib kelmagan. Jumladan, dekabr-yanvar oylarida narxlardagi o‘zgarish noyabr-dekabr va yanvar-fevral oylaridagi narxlar o‘zgarishiga nisbatan 0,3 foiz punktiga ko‘p bo‘lgan. Bu degani boshqa barcha omillarning ta’sir kuchi to‘xtatib turilgan taqdirda ham 2,6% ga (1,12/1,15*100%-100%) tushishi kerak bo‘lgan narxlar 0,3% ga oshgan.
Xususan, 46 ta guruh bo‘yicha 1115 ta tovar narxi o‘zgarmagan (bolalar ozuqasi, muzqaymoq, makaron, tana parvarishi mahsulotlari va b.). 20 ta guruh bo‘yicha 1306 ta tovar narxi 1% gacha oshgan (shokolad, shirinlik, gigiyena mahsulotlari va b.). 12 ta guruh bo‘yicha 585 ta tovar narxi 1-5%ga oshgan (kir yuvish kukunlari, meva, go‘sht mahsulotlari, sut va b.). 7 ta guruh bo‘yicha 567 ta tovar narxi (1,6% gacha) pasaygan (kanselyariya tovarlari, souslar, qahva va b.).
Avvalroq PMTI ekspertlari Input-output modeli asosida iqtisodiyotning 78 ta tarmog‘i uchun QQS stavkasining 3 foiz punktiga pasaytirilishi, xarajatlarning kamayishiga va buning hisobiga iqtisodiyotning real sektorida narxlarning 0,8 foiz punktiga pasayishiga olib kelishi aniqlagan edi. Ammo, amaliyotda esa hozircha tadbirkorlar soliq bo‘yicha olgan yengillikni iste’molchiga o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qilmayapti.
QQSning tushirilishi narxlar darajasiga ta’sir etmaganligining asosiy sabablari qatoriga quyidagilarni kiritish mumkin:
- Iste’mol tovarlari bozorida xufyona iqtisodiyot ulushining kattaligi va soliqlardagi pasayishlar rasmiy ishlayotgan firmalarning nisbatan kichik miqdordagi foyda marjasi oshishiga yo‘naltirilishi;
- Bozorlarda tegishli ravishda raqobat muhitining shakllanib ulgurmagani;
- Narxlarga ta’sir etuvchi boshqa asosiy omillar (dollar kursi, qayta moliyalash stavkasi, pul massasi va b.) ta’sir kuchining oshib borishi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter