Qoraqalpog‘istonda oltita yangi korxona ishga tushirildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev ramziy tugmani bosib, yangi korxonalarni ishga tushirdi.
Beruniy tumanidagi «Beruniy bug‘doy klaster» hamda «Rayhon apparel», Qorao‘zak tumanidagi «Qoraqalpoq sement» zavodining 3-bosqichi, Qo‘ng‘irot tumanidagi «KKRasi kemikal», Nukus shahridagi «Azimut hotel», To‘rtko‘l tumanidagi «Xozagro» vakillari videoaloqa orqali majmualar salohiyati haqida axborot berdi. Bu korxonalarda jami 1 ming 100 ta doimiy ish o‘rni yaratiladi, ular orqali ishlab chiqarishga 300 milliard so‘m, eksportga 20 million dollar qo‘shiladi.
Bu Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi rivojlanishning izchil davomi aslida. So‘nggi olti yilda hududda 15 trillion so‘m investitsiya hisobiga 5 ming 300 dan ziyod loyiha amalga oshirilgan. Tadbirkorlar soni 2 baravar ko‘payib, 46 mingta doimiy ish o‘rni yaratilgan. Ilgari sanoati eng past bo‘lgan 6 ta tumanda ishlab chiqarish 2-3 baravar oshib, Qoraqalpog‘istondagi ulushi 12 foizga yetgan.
Umuman, bu davrda Qoraqalpog‘istonda sanoat 1,3 baravar o‘sib, 61 turdagi yangi mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Ayniqsa, kimyo, qurilish materiallari, oziq-ovqat, tekstil va to‘qimachilik, farmatsevtika sanoati mahsulotlari tayyorlash 2 baravardan ziyod o‘sgan.
O‘tgan yil 31 avgustda davlatimiz rahbarining «Qoraqalpog‘iston Recpublikasida tadbirkorlik, innovatsion texnologiyalar va infratuzilmalarni jadal sur’atlarda rivojlantirish orqali aholi farovonligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni va katta dastur qabul qilingan edi. Bular bilan 2023 yilning o‘zida 670 milliard so‘m va 340 million dollar mablag‘lar ajratildi.
Tadbirkorlarga jozibador biznes muhitini yaratish maqsadida foyda, aylanmadan soliq, yer va mol-mulk soliqlari 2 baravar pasaytirildi, ijtimoiy soliq 1 foiz qilib belgilandi. Bu orqali Qoraqalpog‘istonning barcha tadbirkorlari ixtiyorida yiliga 500 milliard so‘m qolayapti.
Faqat ushbu hudud tadbirkorlariga tijorat kreditlarining 75 foiziga Tadbirkorlik jamg‘armasi kafilligi berilishi belgilandi. Bunday imkoniyatlar sohalar rivojiga qo‘shimcha turtki berdi.
– Biz bitta el va bitta yurtmiz! Hamma viloyatlar Qoraqalpog‘istonni rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shishga bel bog‘lagan. Har bir tumanga vazirlar, viloyat hokimlari, idora va banklar rahbarlari biriktirilgan. Buning natijalari barcha tumanlarda ko‘rinayapti va bu ishlar to‘xtamaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter