Qanday qilib «Teshik tog‘ora» bilan qolib ketmaslik mumkin: mutaxassis raqamli markirovkalash nega kerakligini aytdi
«Texnopark» mas’uliyati cheklangan jamiyati sifat bo‘limi boshlig‘i Aziz Jalilov «Asl Belgisi» tizimi orqali iste’molchilar maishiy texnika vositalarining haqiqiyligini qanday qilib oson va tez tekshirishi mumkinligini tushuntirib berdi.
Avvalroq xabar berganimizdek, hukumatning 148-sonli qaroriga asosan joriy yilning 15 aprelida O‘zbekistonda ilk bor maishiy texnika vositalarini raqamli markirovkalash joriy etilgandi.
Birinchi navbatda, aholi o‘rtasida talab yuqori bo‘lgan va shunga mos ravishda eng ko‘p qalbakilashtiriladigan mahsulotlar majburiy markirovkalanishi kerak edi. Gap televizorlar, kir yuvish mashinalari, changyutgichlar, sovutgichlar, muzlatgichlar va monitorlar haqida bormoqda.
Davlat bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, respublikaga noqonuniy olib kirilayotgan maishiy texnikalar orasida televizor va changyutgichlar yetakchilik qilmoqda. Masalan, joriy yilda umumiy qiymati 126 million so‘mdan ortiq bo‘lgan 180 dona changyutgich va qariyb 370 million so‘mlik 145 dona televizorning mamlakatimizga noqonuniy olib kirishiga chek qo‘yildi.
Raqamli markirovkalash tovarlarning noqonuniy aylanishi bilan bog‘liq bunday muammolarni hal qilishga yordam beradi. Kod tovarlarning harakatini kuzatish, uning egasi haqida aytib berish va iste’molchiga haqiqiy mahsulotni tanlashda yordam berish imkonini beradi.
Pilot loyihaning faol ishtirokchisi – «Texnopark» tashkiloti mamlakatimizda markirovkalashni yo‘lga qo‘yishga tayyor turgan edi. 15 aprel kuni birinchi markirovkalangan kir yuvish mashinalari va muzlatgichlar konveyerdan chiqdi.
«Texnopark» sifat bo‘limi boshlig‘i Aziz Jalilov markirovkalash bilan ishlash jarayoni haqida gapirib berdi.
— «Texnopark» MChJ qanday turdagi mahsulotlarga markirovkani qo‘llaydi?
– To‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘limimiz haqida gapiradigan bo‘lsak, biz avtomatik kir yuvish mashinalarini ishlab chiqaramiz. Pilot loyiha yakunida biz raqamli kodga ega mahsulotlarni ishlab chiqarishni davom ettirdik. 2022 yil 1 yanvardan boshlab barcha mahsulotlarga markirovka kodlari qo‘llaniladi. Umuman olganda, avvalo kir yuvish mashinalari, sovutgichlar, muzlatgichlar va ustunli konditsionerlar markirovkalanishi kerak: ular markirovkalanishi lozim bo‘lgan tovarlarning 1-guruhiga kiritilgan.
— Yangi tizimning joriy etilishi ishlab chiqarishda qiyinchiliklar yoki uzilishlarga olib keldimi?
— Murakkab qiyinchiliklarga uchramadik. Mutaxassislar Asl Belgisi Data Matrix kodlarini avtomatik ravishda yaratish va qabul qilish uchun biz foydalanadigan MES tizimini zudlik bilan birlashtirishdi. CRPT-Turon xodimlari tizim faoliyati davomida yuzaga kelgan muammolarga tezkorlik bilan javob qaytardi va ularni hal qilishda yordam berdi. Shuningdek, biz operatorning qo‘llab-quvvatlash xizmati yordamidan foydalanamiz. Bu esa bizga tajriba loyihada ishtirok etishda katta yordam berdi: majburiy markirovkalash ishga tushirilgandan keyingina pilot loyiha muhim va to‘g‘ri qaror ekanligini angladik. Tajriba davomida kerakli uskunalarni tanlashga, tizimlarni birlashtirishga, xodimlarni o‘qitishga va Asl Belgisi tizimi orqali kodlarni buyurtma qilishga muvaffaq bo‘ldik. Biz bunga tayyor edik. Tizim to‘liq avtomatlashtirilgan bo‘lib, barcha operatsiyalar ishchi kuchi aralashuvisiz bajariladi. Data Matrix kodlari qo‘llanilishi 2 bosqichda amalga oshiriladi: mahsulotning o‘zida va qadoqlash paytida. Kodlar qo‘llanilishi konveyer ishiga muammosiz birlashtirilgan. Tizim «soat kabi» ishlaydi, deb bemalol aytish mumkin.
— 1 avgustdan boshlab yana qanday mahsulotlar markirovkalanadi?
— 1 avgustdan boshlab kir yuvish mashinalarining yangi modellarini markirovkalashni davom ettiramiz. Shu bilan birga, yana ikkinchi guruh mahsulotlarini markirovkalash boshlanadi: maishiy gaz pechlari, oshxona dudbo‘ronlari, duxovka va pechkalar, mikroto‘lqinli pechlar, dazmollar va suv isitish qozonlari.
— Asl Belgisi tizimining afzalliklari nimada?
— Bugungi kunda iste’molchi xarid qilayotgan mahsulot sifati va haqiqiyligiga ishonch hosil qilishni istaydi. Bu to‘g‘ri, chunki maishiy texnika — kundalik ehtiyoj tovari emas. Shu sababli, umid ham katta: iste’molchi mahsulot sifatiga, uning ishlash muddatiga talablar qo‘yadi. Bu maishiy texnika tanlashga alohida yondashuvni oqlaydi.
Tovarlarni markirovkalash shaffof tovar aylanmasini yaratish, halol raqobatni rivojlantirish, soliq va bojxona to‘lovlarini oshirish orqali davlat budjetini to‘ldirish vositasigina emas.
Eng muhimi, markirovkalash iste’molchilarning ishonchini uyg‘otadi, chunki raqamli kodlar ularga to‘g‘ri tanlov qilish va qalbaki mahsulotlarni sotib olishdan himoya qilish imkonini beradi. Kir yuvish mashinasi yoki televizor sotib olmoqchi bo‘lgan xaridor birinchi navbatda o‘z yordamchisi – «Asl Belgisi» mobil ilovasidan foydalanadi, mahsulotdagi kodni skanerlaydi va maslahatchi bilan uzoq suhbatlashmasdan, tovar haqida to‘liq va batafsil ma’lumot oladi. Bu raqamli texnologiyalarning katta afzalligidir.
— Raqamli markirovkalashdan qanday umidlar bor?
— Ishlab chiqaruvchi sifatida men maishiy texnika bozorini soyadan olib chiqishni rejalashtirmoqdaman, bu esa ishlab chiqaruvchilar va importchilar o‘rtasida halol raqobatni kuchaytiradi. Bundan tashqari, o‘z brendingizni himoya qilish, ishlab chiqarishni kengaytirish va aholiga xorijlik hamkasblardan aslo kam bo‘lmagan keng turdagi mahsulotlarni taklif qilish imkoniyatlari paydo bo‘ladi.
Iste’molchi sifatida men sotib olishdan oldin mahsulotning haqiqiyligini tekshirishni, ishlab chiqaruvchilar va importchilarga ishonishni, o‘z tanlovimga ishonch hosil qilishni va «teshik tog‘ora» bilan qolmaslikni xohlardim.
1 avgustda ikkinchi guruh mahsulotlarining raqamli markirovkasiga start berildi. Endilikda maishiy gaz plitalari, oshxona dudbo‘ronlari, duxovkalar va pechkalar, mikroto‘lqinli pechlar, dazmollar, suv isitkichlarning asliyatini tekshirish imkoniyati paydo bo‘ladi. Eslatib o‘tamiz, iste’molchilar «Asl Belgisi» ilovasi (Android va iOS) yordamida mahsulot sifatini tekshirib, soxtani asl nusxadan ajrata olishlari mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter