Qachon mashhur bo‘lar O‘zbekistonim?!

Har birimiz Vatanimizning ijobiy qiyofasini tashuvchisi bo‘lishimiz shart!
Xorijga borgan bo‘lsangiz albatta shu vaziyatga duch kelgansiz: qayerlik ekanligingizni so‘rashadi, «O‘zbekiston» deysiz faxr bilan. Ammo shu payt g‘alati holga tushasiz. Ko‘pchilik yelka qisib bosh silkiydi, kimdir bilmasa ham bilgandek bosh irg‘ab jilmayib qo‘yadi, eng alam qilarlisi ayrimlar «Afganistan» yoki «Pakistan» deydi ko‘zlarini katta-katta qilib.
Tan olishimiz kerak, mamlakatimizni chet eldagilar biz xohlaganchalik yaxshi bilishmaydi!

Foto: «Miсe Uzbekistan»
Xo‘sh, nega shunaqa? Axir biz jannatmakon deya alqagan, tarixidan g‘ururlangan, buyuk kelajagiga umid qilayotgan vatanimizni tanimasliklari alam qilarli emasmi?
Endi oddiyroq tarzda tahlil qilib ko‘raylik – davlatni aslida nimalar yoki kimlar tanitadi?
- Mashhur insonlar: sportchilar, san’atkorlar, olimlar... (masalan, Portugaliya desa, ko‘z o‘ngimizga Krishtianu Ronaldu keladi);
- Tarixiy shaharlar, me’moriy obidalar, ziyoratgohlar (Italiyada har bir shahar tarixiy, Fransiya poytaxti Parijadagi Eyfel minorasini bilmaydigan odam yo‘q);
- Dunyoga dong‘i ketgan mahsulotlar: avtomobillar, harbiy qurollar («Mersedes», «BMW» kabi avtomobillar nemis sanoatini dunyoga tanitgan, «Kalashnikov» avtomati Rossiyaning ramzlaridan biri hisoblanadi);
- Olamshumul voqealar, tadbirlar: futbol bo‘yicha Jahon chempionati, yirik boks uchrashuvlari, ommaviy karnavallar (masalan, Kongo poytaxti Kinshasa shahri Muhammad Ali va Forman o‘rtasidagi jangga mezbonlik qilgani bilan ham tarixga kira olgan);
- Maftunkor tabiat: baland tog‘lar, sharsharalar, o‘ziga xos landshaft (Niagara sharsharasi AQSh va Kanadaga sayyohlarni chorlasa, O‘rta Yer dengizining qumli sohillari Turkiyaga turistlar oqimini ta’minlovchi omillardan biri hisoblanadi).
Bir qarashda bularning bari bizda mujassamdek. Futbolchilarimiz jahon chempionatiga chiqa olishmagan bo‘lishsa-da, jussasi kichkinagina Hasanboy Do‘smatov dunyo e’tiborini qarata oldi. San’atkorlarimizning yutuqlari hali ancha kamtarona, nari borsa Turkiya va Rossiyada konsert berishyapti. Ancha-muncha xorijiy gastrollar ham faqat o‘zbek auditoriyasiga mo‘ljallangan.

Foto: Youtube
Tarixiy shaharlarimiz bilan maqtansak arziydi: Samarqand obidalari Istanbul, Agra kabi shaharlar bilan bemalol bellasha oladi, Buxoro ham qadim tarixi orqali Rimga teng kela biladi.
Mahsulotlarimiz bilan hozircha ko‘p joyni zabt etganimiz yo‘q. Og‘ir sanoatimiz iftixori bo‘lgan avtomobilsozligimiz ham asosan ichki bozorimizni to‘ldirish bilan ovora (yana xorijda taklif etiluvchi narxdan qimmat bahoda).
Olamshumul voqealar ham deyarli yo‘q. An’ana tusini olgan «Sharq taronalari» festivali nomidan ham ko‘rinib turibdiki, asosan sharq e’tibori uchun va faqat san’at yo‘nalishida olishadi. Futbol chempionatimiz, tan olaylik, hatto o‘zimizni ham qiziqtirmaydi, boshqa sport turlari bo‘yicha, aytaylik basketbol, voleybol kabi ommaviy o‘yinlar chempionatlari o‘tkazilish-o‘tkazilmasligini ham ko‘pchiligimiz bilmaymiz. Sportdagi yutuqlarimiz o‘ta kamtarona bo‘lgani bois, olamshumul chempionatlarni yurtimizda o‘tkazish bo‘yicha hozircha orzu ham qilmay turibmiz.
Tabiatimiz o‘zimizga yoqadi. Ammo jahon ahli e’tiborini tortgulik noyob go‘shalarimiz, masalan Nepal degan davlatni mashhur qilgan Jomolungma kabi cho‘qqilarimiz, Venesuelaga chorlovchi Anxeldek baland sharsharalarimiz yo‘q.
Ammo yuqoridagi jihatlar borasida bizdan ancha ortda bo‘lsa-da, o‘zining turistik salohiyati, uzluksiz targ‘iboti, qulay sayyohlik muhiti bilan o‘ziga mehmonlarni jalb etayotgan davlatlar talaygina.
Xo‘sh, Vatanimizni ijobiy jihatdan tanitish, dunyo e’tiborini tortish va eng muhimi turistlarni yurtimizga ko‘proq jalb etish uchun nimalar qilmog‘imiz kerak?
- Targ‘ibot. Bu vazifa faqat xorijdagi elchixonalarimizning har zamonda o‘tkazadigan kichik tadbirlari bilan cheklanib qolmasligi lozim. Har qancha balandparvoz tuyulmasin, chet elga chiquvchi har bir yurtdoshimiz o‘z qalbida O‘zbekistonning bir bo‘lagini olib ketishi va taqdim eta bilishi kerak. Har birimiz Vatanimizning ijobiy qiyofasini tashuvchisi bo‘lishimiz shart;
- Tarixiy shaharlarimizning faol reklamasi. Bunday loyihalarga kirishilgan, misol tariqasida ko‘hna Buxoro roligini olishimiz mumkin. Bir guruh tashabbuskorlar tomonidan yaratilgan bu rolik ancha omadli va tomoshabop chiqqan. Ammo, bu bir rolik butun mamlakatimiz salohiyatini qamrab ololmaydi. Har bir hudud, har bir shahar bo‘yicha bunday mediamahsulotlar yaratilishi va yetakchi OAVlarda yoritilishi lozim;
- Maxsus dastur bo‘yicha yurtimizga tashrif buyurgan har bir xorijiy sayyohga O‘zbekistonning qandaydir ramzini yaratib, bepul taqdim etish kerak. Masalan, Registon maydonining kichik nusxasini har bir mehmonga taqdim qilish mumkin. Toki ularning har biri tayyor targ‘ibotchiga aylansin;
- Xorijliklar uchun vizalar tartibini yanada soddalashtirish, yetakchi davlatlar uchun butunlay voz kechish masalasini o‘ylab ko‘rish lozim (bu masalaning o‘zi alohida mavzu);
- Kelgan sayyohlarni hujjatlar va cheklovlar bilan hurkitmasdan imkon qadar erkin sayohat qilishlari uchun sharoit yaratishimiz kerak. Chunki suratga olish, tomosha qilish bo‘yicha ortiqcha cheklovlar mamlakat to‘g‘risida xavotir muhitini yaratishi hech gap emas;
- Ko‘pchilik e’tirofiga sazovor bo‘lgan mazali oshxonamiz bor. «8 tonnali palov» kabi aksiyalarni nafaqat o‘zimizda, balki xorijda ham o‘tkazib, bunday tadbirlar ortidan nafaqat oshxonamizni, balki butun yurtimiz turistik salohiyatini ko‘z-ko‘z qilishimiz kerak.
Maqolamiz boshida O‘zbekiston deganimizda «Afganistan» deya asabimizni buzishlari haqida yozgandik. Albatta, Afg‘oniston kabi notinchlik hududiga aylanib shuhrat qozonishdan yomoni yo‘q. Shuningdek yana bir og‘riqli jihat: dini va millati yo‘q ayrim terrorchilarning O‘zbekistonda tug‘ilib o‘sganlari va manfur qilmishlari ortidan millatimizni qora qilishga uringanliklari har bir o‘zbekning qalbiga tig‘dek botgani ham rost. Bunday tanilishdan ham Yaratganning o‘zi saqlasin.
Istardikki, Sharq tamaddunida salmoqli o‘rin tutgan, tinchlikparvar siyosati, mehmondo‘st va tanti xalqi bilan havas qilgulik Vatanimiz o‘zining ezgu jihatlari bilan tanilsa hamda mehmonlarni ko‘proq jalb qila bilsa...
Abror Zohidov
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter