Prezident yig‘ilishida agrar sohadagi vazifalar muhokama qilindi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 18-oktyabr kuni agrar sohada yil yakunigacha kutilayotgan natijalar va kelgusi yildagi vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Uch yil avval mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020–2030-yillarga mo‘ljallangan strategiyasi qabul qilinib, katta islohotlar boshlangan edi. Jumladan, meva-sabzavot eksporti 1,7 baravar oshib, 1,1 milliard dollarni tashkil etdi. G‘allachilikda bozor mexanizmlariga o‘tilgani natijasida fermerlar daromadi 2 baravarga oshdi. Aholiga yerlarni bo‘lib berish hisobiga bu yil qo‘shimcha 1 million tonnadan ziyod oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirildi.
Iqlim o‘zgarishi va jahondagi murakkab vaziyat sababli oziq-ovqat xavfsizligi asosiy masalaga aylanmoqda. Jahonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining narxi oshishi kutilmoqda. Bunday vaziyatda, avvalo, aholi talabini qondirish hamda eksport imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish kerak.
Yig‘ilishda qishloq xo‘jaligi vaziri shu boradagi rejalar haqida axborot berdi.
Davlatimiz rahbari sohadagi dolzarb vazifalarni ko‘rsatib o‘tdi.
«Qishloq xo‘jaligi masalasini alohida e’tiborga olib, tez-tez muhokama qilib borayotganimiz bejiz emas. Chunki bu iqtisodiyotimizning to‘rtdan bir qismini tashkil qiladigan muhim soha. Buning zamirida xalqimiz farovonligi, narx-navo barqarorligi, qancha ish o‘rinlari yotibdi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter