Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident tomorqa xo‘jaligi bo‘yicha qonunni imzoladi

Prezident tomorqa xo‘jaligi bo‘yicha qonunni imzoladi

Foto:«Xabar.uz»

«Tomorqa xo‘jaligi to‘g‘risida»gi qonun (O‘RQ–681-son, 01.04.2021-y.) Prezident tomonidan imzolandi.

Qonunga ko‘ra, tomorqa xo‘jaligi shaxsiy tomorqa yer uchastkalarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ham erkin savdo uchun, ham oila ehtiyojlari uchun yetishtirish (qayta ishlash) bilan bog‘liq mehnat faoliyatidir.

Tomorqa xo‘jaligi tadbirkorlik faoliyati hisoblanmaydi va tomorqa xo‘jaligini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish talab etilmaydi.

Tomorqa xo‘jaligini yuritish uchun ajratilgan shaxsiy tomorqa yer uchastkasida yetishtirilgan (qayta ishlangan) qishloq xo‘jaligi mahsulotlari xususiy mulkdir.

Tomorqa xo‘jaligidagi faoliyat shaxsiy tomorqa yer uchastkasi egasining va oila a’zolarining shaxsiy mehnatiga asoslanadi.

Maydoni kamida 0,04 gektar bo‘lgan shaxsiy tomorqa yer uchastkasida band bo‘lgan yoki mazkur maydonda shoxli qoramol yoxud kamida 50 bosh parranda boqayotgan shaxsiy tomorqa yer uchastkasining egasi yoki uning oila a’zolari ijtimoiy soliq to‘lashi mumkin.

Tomorqa xo‘jaliklarining hisobi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan Tomorqa xo‘jaliklarini hisobga olish reyestrini shakllantirish orqali yuritiladi.

Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring