Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident ikkita qarorni imzoladi

Prezident ikkita qarorni imzoladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 5 may kuni karantin sharoitini yanada yengillashtirish va iqtisodiy faoliyatni qayta tiklash chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida xabar qilgandik.

Unda ikki qaror qabul qilingani ma’lum qilindi.

Korxonalar barqaror ishlab ketishi uchun ularni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda davlatimiz rahbarining «To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini qo‘llab-quvvatlashga doir kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi  qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra:

- to‘qimachilik korxonalari va klasterlarini yanada qo‘llab-quvvatlash, mahsulot raqobatdoshligini oshirish maqsadida xomashyo narxini 10 foizgacha pasaytirish imkoniyatini beruvchi xalqaro birja narxlariga o‘tiladi;

- 1 aprelga qadar ichki bozorda sotilgan paxta tolasi uchun yakuniy to‘lov muddati 90 kundan 150 kungacha uzaytirildi;

- to‘qimachilik korxonalari eksport qilgan mahsulot respublikadan chiqib ketishi bilan qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘liq qaytariladi;

- soha uchun muhim bo‘lgan 64 turdagi xomashyo va materiallar bojxona bojidan ozod qilindi.

Shuningdek, tayyor mahsulot eksportini keskin ko‘paytirish, yirik, kamida 1 mingta odam ishlaydigan, xalqaro brend ostida ishlab chiqaruvchi zamonaviy yirik to‘qimachilik va tikuv klasterlarini barpo etish ko‘zda tutilmoqda.

Prezidentning «Eksport faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ham qabul qilindi.

Unga muvofiq, tashish xarajatlari uchun subsidiya beriladigan mahsulot turlari hozirgi 52 tadan 86 tagacha ko‘paytirildi. Bu ro‘yxatga 32 turdagi sabzavot va poliz mahsulotlari hamda ho‘l, muzlatilgan va konservalangan mevalar qo‘shildi.

Ushbu transport xarajatini subsidiyalash mexanizmidan 2 mingdan ziyod eksportyor korxonalar foydalanishi imkoniyati yaratilmoqda va bunga budjetdan 360 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

– Bunday choralardan maqsad – korxonalar faoliyatini tez tiklash, eksport hajmini barqaror oshirish, yangi ish o‘rinlarini tashkil qilish uchun katta imkoniyat yaratish. Shu sababli barcha darajadagi rahbarlar doimiy ravishda har bir tuman va mahallada yangicha g‘oya hamda tashabbuslarni joriy etib, oddiy xalq yoki kambag‘alning hayotini yaxshilash, ularni band qilish va daromadini oshirish masalalari bilan ustuvor darajada shug‘ullanishi kerak, – dedi davlatimiz rahbari o‘tkazilgan yig‘ilishda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring