Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Paxta maydonlarining 1 gektariga 1 million so‘mdan subsidiya beriladi

Paxta maydonlarining 1 gektariga 1 million so‘mdan subsidiya beriladi

Foto: Xabar.uz

Vazirlar Mahkamasining qarori (360-son, 05.07.2022-y.) bilan Paxta maydonlarida tuproq unumdorligi va hosildorlikni oshirish bo‘yicha agrotexnik tadbirlar uchun subsidiya ajratish tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizom tasdiqlandi.

Nizomga muvofiq, paxta maydonlarida tuproq unumdorligi va hosildorlikni oshirish bo‘yicha agrotexnik tadbirlar uchun 13 ta tumandagi yerdan foydalanuvchilarga har bir gektar maydonga 1 million so‘m subsidiya beriladi.

Yerdan foydalanuvchilar qishloq xo‘jaligi bo‘linmasiga «Agrosubsidiya» axborot tizimi orqali subsidiya oluvchilar ro‘yxatiga kiritish uchun 2022-yil 25-iyulgacha ariza bilan murojaat qiladi.

Qishloq xo‘jaligi bo‘linmasi arizalarga asosan 2022-yil 1-avgustgacha yerdan foydalanuvchilarning nomi, manzili, paxta maydoni to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan ro‘yxatni viloyat hokimliklariga taqdim etadi.

Hokimliklar 2022-yil 5-avgustgacha yerdan foydalanuvchilar ro‘yxatini tasdiqlaydi.

Moliya vazirligi ro‘yxatga muvofiq subsidiyaning dastlabki 70 foizini 2022-yil 1-oktyabrgacha quyidagi taqsimotga ko‘ra tashkilotlarning hisobvaraqlariga o‘tkazib beradi.

- 60 foizini – yerdan foydalanuvchilarga;
- 6 foizini – Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutiga;
- 4 foizini – Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar institutiga.

Davlat statistika qo‘mitasi 2023-yil 25-noyabrgacha yerdan foydalanuvchilarning 2023- yildagi paxta hosildorligini avvalgi yil bilan taqqoslagan holda ma’lumot tayyorlaydi va Moliya vazirligiga taqdim etadi.

Moliya vazirligi Davlat statistika qo‘mitasining ma’lumotiga asosan paxta hosildorligi avvalgi yilga nisbatan 15 foiz yoki undan ko‘p miqdorda oshganda, subsidiyaning qolgan 30 foizini 2023-yil 20-dekabrgacha yerdan foydalanuvchilarning hisobvarag‘iga o‘tkazib beradi.

Ushbu vaqtinchalik nizom 2024-yil 1-yanvargacha amal qiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring