Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Parrandachilik klasterlari tashkil etiladi

Parrandachilik klasterlari tashkil etiladi

Foto: «Selecciones Avícolas»

Parrandachilikni yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» kanali xabar berdi.

Qaror bilan parrandachilikni rivojlantirishning ustuvor vazifalari belgilandi. Xususan, endilikda xorijiy davlatlar tajribasidan foydalanib parrandachilik klasterlari tashkil qilinadi, bunda innovatsion texnologiyalar keng tatbiq etiladi.

Qarorga muvofiq, «O‘zsanoatqurilishbank» ATBning ustav kapitalidagi davlat ulushi 50 million AQSh dollari miqdorida oshirildi.

Ushbu mablag‘lar parrandachilikni rivojlantirish loyihalarini moliyalashtirish maqsadida boshqa tijorat banklariga ham kreditlar ajratish uchun yo‘naltiriladi.

Parrandachilik loyihalari uchun banklar tomonidan 2019–2020-yillarda ajratilayotgan kreditlar foizi uchun kompensatsiya berishning quyidagi tartibi o‘rnatildi:

  • aylanma mablag‘larni to‘ldirishga tijorat banki tomonidan o‘rnatilgan kredit stavkasining 25 foizi miqdorida, ammo kredit stavkasining 5 foizdan ortiq bo‘lmagan miqdorda;
  • asbob-uskunalar sotib olish, parrandachilik klasterlarini va inkubatsiya sexlarini tashkil qilish, bino-inshootlarni qurish va qayta ta’mirlash, maxsus texnika xarid qilish uchun tijorat banki tomonidan o‘rnatilgan kredit stavkasining 50 foizi miqdorida, ammo kredit stavkasining 10 foizdan ortiq bo‘lmagan miqdorda.

Shuningdek, qarorga muvofiq parranda xo‘jaliklariga xizmat ko‘rsatuvchi zamonaviy ilmiy-diagnostika laboratoriya markazi tashkil etiladi.

Parranda kasalliklarining oldini olish va ularga qarshi kurashishning samarali mexanizmini ishlab chiqish markazning asosiy vazifalaridan etib belgilandi.

Endilikda barcha hududda parranda yetishtirish, uni qayta ishlash va yakuniy mahsulot tayyorlash va uni iste’molchiga yetkazishni qamrab olgan parrandachilik klasterlari tashkil etiladi (shu jumladan, 2019-yilda 13 ta).

Mahsulot sifatiga ta’sir ko‘rsatuvchi xavf va muhim nazorat nuqtalari tahlil qilinadi («HACCP»), Xalqaro standartlashtirish tashkiloti («ISO») va «Halal» standartlari talablari asosida parranda mahsulotlari sertifikatlashtiriladi.

Parranda kasalliklariga emlash uchun GMP – Good Manufacturing Practice sertifikati bo‘lgan kompaniyalarning vaksina va biopreparatlari O‘zbekistonda tan olinadi va qo‘shimcha muvofiqlik sertifikatlari talab qilinmaydi.

2021-yil 1-noyabrgacha quyidagilar bojxona to‘lovlaridan ozod etiladi:

  • naslli ona tovuq va barcha turdagi texnologik asbob-uskunalar sotib olish, parranda yetishtirishni tashkil etish, parranda mahsulotlarini qayta ishlash va saqlash, inkubatsiya sexlarini tashkil etish, parrandachilikka ixtisoslashgan bino-inshootlarni qurish va qayta ta’mirlash, maxsus texnika, ehtiyot qismlar va boshqa asosiy vositalar;
  • chet el tashkilotlari va uning sho‘’ba korxonalari, firma do‘konlari, dilerlik tarmoqlari va tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan parrandachilik xo‘jaliklari ehtiyoji uchun chetdan keltiradigan parranda ozuqa va ozuqa qo‘shimchalari, veterinariya preparatlari, diagnostikumlar.

Bundan tashqari, 2019-yildan boshlab har yili sentyabr oyida parrandachilikka oid ko‘rgazma o‘tkaziladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring