Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zsanoatqurilishbank va Fransiya taraqqiyot agentligi o‘rtasida texnik ko‘maklashuv bitimi imzolandi

O‘zsanoatqurilishbank va Fransiya taraqqiyot agentligi o‘rtasida texnik ko‘maklashuv bitimi imzolandi

Joriy yilning 30-yanvar kuni O‘zsanoatqurilishbank va Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) o‘rtasida qiymati 400 ming yevroga teng texnik ko‘maklashuv bo‘yicha bitim imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbir FTAning Turkiya, Markaziy Osiyo, Kavkaz va G‘arbiy Bolqon mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy direktori Sesil Kupri rahbarligidagi delegatsiyaning davlatimizga tashrifi doirasida tashkil etildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning o‘tgan yil 21-22-noyabr kunlari Fransiyaga rasmiy tashrifi doirasida O‘zbekiston hukumati va Fransiya taraqqiyot agentligi o‘rtasida 2025-yilga mo‘ljallab yangi strategik hamkorlik dasturi imzolandi. Hujjatga asosan FTAning O‘zbekistondagi faoliyati qishloq xo‘jaligi, energetika, yashil iqtisodiyot, bank-moliya, shahar sharoitlarini yaxshilash (suv ta’minoti, chiqindilar va kanalizatsiya tizimlarini boshqarish), transport sohasi kabi bir nechta yo‘nalishlarga kengaydi. Fransiya taraqqiyot agentligi va O‘zsanoatqurilishbank o‘rtasida qiymati 30 mln. yevroga teng kredit bitimi tuzildi.

Joriy bitim ushbu kelishuvning mantiqiy davomi bo‘lib, unga ko‘ra FTAning Bank tomonidan iqlimga oid loyihalarni ishlab chiqishda 4 yil davomida texnik ko‘mak ko‘rsatishini ifodalaydi.

Bunda iqlim bilan bog‘liq loyihalar uchun texnik-iqtisodiy asoslarni ishlab chiqish, loyihalar maqbulligini baholash, kredit liniyasini texnik va moliyaviy baholash, monitoring qilish va qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, ekologik va ijtimoiy tavakkalchiliklarni boshqarish va marketing qilish hamda kommunikatsiya faoliyatga ko‘maklashish kabi ishlar ko‘zda tutilgan.  

Ta’kidlash joizki, O‘zsanoatqurilishbank Markaziy Osiyoda birinchilardan bo‘lib FTAdan davlat kafolatisiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyalashtirishni qo‘lga kiritgan moliya instituti sanaladi.

FTAning ushbu qarz mablag‘lari Bankning yashil loyihalarni ilgari surish va amalga oshirish borasidagi faoliyatiga hissa qo‘shadi.

Ma’lumot uchun. 1941-yilda tashkil etilgan Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) davlat moliyaviy muassasa hisoblanib, qarorgohi Parij shahrida (Fransiya) joylashgan. Bugungi kunda dunyo bo‘yicha 85 ta xorijiy vakolatxonaga ega bo‘lgan tashkilot foliyati Fransiyaning dengizorti hududlari va 115 mamlakatda iqlim o‘zgarishi, bioxilma-xillik, gender tengligi, ta’lim va sog‘liqni saqlash yo‘nalishlaridagi 4 mingdan ziyod loyihalarni amalga oshirishda ko‘maklashishga qaratilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring