Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘zmilliybank» Andijon viloyati rivojiga hissa qo‘shmoqda

«O‘zmilliybank» Andijon viloyati rivojiga hissa qo‘shmoqda

Keyingi yillarda mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Andijon viloyatida ham keng ko‘lamli qurilish, bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Ayniqsa, iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish, yangi korxonalar tashkil etish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, aholi bandligini ta’minlash, yangi uy-joylar qurish, qo‘yingki, barcha yo‘nalishlarda e’tiborga molik ishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur jarayonlarda banklar, xususan, «O‘zmilliybank» AJ, uning viloyat bosh boshqarmasi hamda hududlardagi Bank xizmatlari markazlari faol ishtirok etib, erishilayotgan ijobiy natijalarga munosib hissa qo‘shmoqda.

«O‘zmilliybank» AJ tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun Andijon viloyatiga tashkil etilgan press-tur doirasida ana shu yo‘nalishdagi ishlar bilan yaqindan tanishildi.

Press-tur qatnashchilari dastlab Andijon shahridagi «DOCTOR S PREMIUM» mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli «SEHAT» klinikasida bo‘ldilar.

Aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirish, kasalliklarni erta aniqlash, aniq tashxis qo‘yish va davolash yo‘nalishida umumiy qiymati 3 milliard 900 million so‘m bo‘lgan loyiha doirasida tashkil etilgan mazkur klinikani zarur tibbiy jihoz va uskunalar bilan ta’minlash uchun «O‘zmilliybank» AJ tomonidan 1 milliard 900 million so‘m miqdorida kredit ajratilgan.

- Klinikamizda urologiya, travmatologiya, ginekologiya, neyroxirurgiya, stomotologiya singari o‘ndan ortiq yo‘nalishlarda murakkab jarrohlik amaliyotlari o‘tkaziladi, - deydi klinika bosh shifokori Shavkatbek Anvarov. – To‘rtta jarrohlik blokimiz bo‘lib, ular Germaniya, Turkiya, Fransiya davlatlarida ishlab chiqarilgan eng zamonaviy, ilg‘or tibbiy apparat va uskunalar bilan jihozlangan. «O‘zmilliybank»ning moliyaviy ko‘magi bilan xarid qilingan ushbu apparatlar jarrohlik amaliyotlarini tez, sifatli, aniq va ishonchli amalga oshirish, aniq laboratoriya tahlillarini olish imkonini berdi. Joriy yilda yana yangi-yangi yo‘nalishlarda ish tashkil etish rejalarimiz bor. Ishonamanki, ana shu ishlarni yo‘lga qo‘yishda ham moliyaviy ko‘makchimiz «O‘zmilliybank» yaqindan yordam beradi.

Bank ko‘magida amalga oshirilgan mazkur loyiha doirasida ish boshlagan klinikada ayni kunda 60 nafardan ortiq kishi doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi.

Press-tur ishtirokchilari tashrif buyurgan ikkinchi ob’yekt Andijon shahridagi «STEM SCHOOL» nodavlat ta’lim muassasasi bo‘ldi.

- Muassasamiz 2021 yilda tashkil etilib, 2022 yilda ish faoliyatini boshladi, - deydi tadbirkor Abdurasul Ismoilov. – Bu yerda o‘quvchilarning o‘qishi, puxta bilim olishi uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan. O‘quvchilar IT yo‘nalishi bo‘yicha chuqurlashtirilgan holda o‘qitiladi. «O‘zmilliybank» ta’lim muassasamizni jihozlash, kompyuter jamlanmalari xarid qilishimizda yaqindan yordam berdi. Bank tomonidan ajratilgan 2 milliard so‘m kreditga sinf xonalarimiz zamonaviy stol-stullar, doskalar bilan jihozlandi, kompyuter xonalari tashkil etilib, 60 dan ortiq zamonaviy kompterlar xarid qilindi. Bundan tashqari, axborot-resurs markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Mazkur markaz ham ko‘plab o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar, elektron adabiyotlar bilan ta’minlandi.«O‘zmilliybank» faoliyatimizni doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlab kelmoqda, umuman, biz bank xizmatidan xursandmiz.

Mazkur nodavlat ta’lim muassasasi ish boshlashi bilan 21 nafar fuqaro doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi.

Keyingi yillarda Andijon viloyatining turistik salohiyati ham ortib bormoqda. Ayniqsa, gostronomik turizm yo‘nalishi rivojlanib bormoqda. «O‘zmilliybank» AJ Andijon viloyati Bosh boshqarmasining moliyaviy ko‘magida ish boshlagan Andijon shahridagi «MERHABA KEBAB» restorani faoliyati bunga yaqqol misoldir.

Bank tomonidan ajratilgan 624 million so‘m kredit hisobiga restoranda asosan, o‘zbek va turk milliy taomlari tayyorlanadi. Bugun ushbu maskanda tayyorlanayotgan turli-tuman taomlarning betakror mazasidan nafaqat andijonliklar, balki Andijonga tashrif buyurayotgan ko‘plab sayyohlar ham bahramand bo‘lmoqda.

Ayni kunda ushbu maskanda 10 nafardan ortiq yoshlar doimiy ish o‘rniga ega bo‘lgan.

Press-tur ishtirokchilari Andijon shahridagi «ROBOCODE» mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan ham tanishdi. Jamiyat bankning 600 million so‘m miqdordagi moliyaviy ko‘magidan foydalanib, IT akademiyasi faoliyatini yo‘lga qo‘ygan. Yuzlab yoshlar IT sohasida bilimlar olayotgan ushbu maskanda 10 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring