«O‘zbekneftgaz»: Boshqaruv raisi amalga oshirilayotgan ishlar holatini o‘rganish maqsadida Muborak gazni qayta ishlash zavodida bo‘ldi (foto)

«O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev tabiiy gazni qayta ishlash, ishchi-xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar holatini o‘rganish maqsadida, Muborak gazni qayta ishlash zavodida bo‘ldi.
Boshqaruv raisi zavoddagi ishlab chiqarish jarayonlari, olib borilayotgan istiqbolli loyihalar hamda qurilish montaj ishlari bilan tanishdi.
Zavod hududiga joylashgan qozonxonalar uchun suvni kimyoviy tozalash uchastkasida texnik xizmat ko‘rsatayotgan «Maxsusenergogaz» AJ tomonidan olib borilgan mukammal (kapital) ta’mirlash ishlari va buning natijasida soatiga 320 kub metr kimyoviy suv tayyorlanib, qozonlarga yetkazilayotganligi holati o‘rganildi.
Shundan so‘ng, zavodning 2-sexga qarashli 1980 yillarda o‘rnatilgan 16 ta umumzavod havo haydash kompressorlarining holati o‘rganilib, ma’nan eski, ko‘p elektr energiya talab qiladigan, ammo foydali ish koeffitsiyenti kam, yillik operatsion xarajatlari yuqori bo‘lgan havo haydash kompressorlarining holati muhokama qilindi.
Boshqaruv raisi tomonidan ushbu kompressorlar o‘rniga yangi va zamonaviy, energiya tejamkorligi yuqori bo‘lgan kompressorlarni o‘rnatish borasida Muborak gazni qayta ishlash zavodi mas’ullariga topshiriqlar berildi.
O‘z navbatida, zavodda ishlab chiqarish jarayonining uzluksizligi ta’minlash va elektr energiya resurslari xarajatlarini keskin qisqartirish maqsadida, zavodda mustaqil elektr energiya resurslarini ishlab chiqarish bo‘yicha istiqbolli loyihalar muhokama qilinib, loyihani amaliyotga tadbiq qilish yuzasidan investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha mas’ul departament rahbarlariga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Tashrif davomida Boshqaruv raisi ishchi-xodimlarning salomatligini saqlash, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda ular uchun qulay mehnat sharoitlari yaratib berishda amalga oshirilayotgan qurilish ta’mirlash ishlari, ya’ni tarkibida tuz miqdori yuqori bo‘lgan hamda inson salomatligiga salbiy ta’sir qiladigan suvlarni toza ichimlik suviga aylantiradigan 5 bosqichli filtrlardan iborat «Teskari osmos» uskunasi o‘rnatish lozimligi bildirildi.
Bundan tashqari, ishchi-xodimlar uchun yangi 300 o‘rinli «Ishchilar oshxonasi» binosining ishga tushurilishi bilan tanishib, ishlarni jadallashtirish yuzasidan ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter