Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘zbekneftgaz»: Geologiya ishlari natijasida 8 ta yangi kon ochildi hamda 57.1 mlrd.m3 tabiiy gaz zahiralari ko‘paytirilishiga erishildi

«O‘zbekneftgaz»: Geologiya ishlari natijasida 8 ta yangi kon ochildi hamda 57.1 mlrd.m3 tabiiy gaz zahiralari ko‘paytirilishiga erishildi

O‘zbekiston iqtisodiyotining hozirgi shiddatli va tezkor davrda barqaror rivojlanishi hamda yurtimiz aholisi turmush tarzining barqaror yuksalishida halq xo‘jaligining eng asosiy va muhim bo‘g‘inlaridan biri – neft va gaz sanoatining o‘rni beqiyosdir.

Neft va gaz sanoatining yurtimiz taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shishi uchun Respublikamiz uglevodorod hom ashyo bazasini mustahkamlab borish va doimiy ravishda qayta to‘ldirish eng dolzarb masalalardan biri hisoblanadi.

Hech shubhasiz, ushbu jarayonda yurtimizning qir va adirlarini, cho‘lu-biyobonlarini, keng va bepoyon dalalarini qadamba-qadam o‘rganib, uning har bir qarich yeridan ma’dan va tabiiy boyliklarni izlab topayotgan, neft va gazning yangidan yangi konlarini ochayotgan, ularning sanoat miqyosidagi zahiralarni tayyorlab halqimizga tuhfa etayotgan geologlarimizning xizmati alohida e’tiborga sazovordir.

Bugun ularning kasb bayrami nishonlanadigan kun bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2018 yilning 26 dekabrida imzolangan Qonunga ko‘ra, har yili aprel oyining birinchi yakshanbasi geologlar kuni deb belgilangan.

Bu esa o‘z navbatida, Davlatimiz tomonidan geologiya sohasiga katta e’tibor berish bilan bir qatorda yuksak ishonch bildirilayotganligini hamda undan salmoqli natijalar kutilayotganligini ko‘rsatadi.

Soha har doim Davlat rahbarining e’tiborida bo‘lib, yuqori texnologik «Uzbekistan GTL» zavodinining ochilishi marosimiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashriflarida ham geologiya sohasiga e’tiborni yanada kuchaytirish, bu boradagi maqsadlarimizga erirish uchun moliyalashtirish hajmlarini kamida ikki barobarga oshirish va aynan shu yo‘l bilan bunday zavodlarimiz va boshqa ishlab chiqarish quvvatlarimizni barqaror ravishda xom ashyo bilan ta’minlash bo‘yicha bir qator zarur topshiriqlar berilgan edi.

Ta’kidlash kerakki, 2022 yil «O‘zbekneftgaz» AJ tizimida «Geologiya-qidiruv ishlarini yanada jadallashtirish yili» – deb e’lon qilindi va joylardagi barcha ishlar tezkor mexanizmlar asosida amalga oshirish yo‘lga qo‘yildi.

Ushbu jarayonda «O‘zbekneftgaz» AJda xizmat qilayotgan geologlarning so‘nggi yillarda Davlat geologiya qo‘mitasi va yurtimizdagi boshqa turdosh tashkilotlar, shuningdek xorijiy kompaniyalar bilan birgalikda amalga oshirayotgan sa’y-harakatlari natijasida neft va gaz geologiya-qidiruv ishlari doirasida bir qator samalarali tadbirlar amalga oshirildi.

Jumladan, «Sho‘rtan» va «Uchqir» konlariga tegishli maydonlarda 2600 km2 3D seysmik-qidiruv ishlari bajarildi, 30 ga yaqin yangi maydonlar burg‘ilashga kiritildi, 80 dan ortiq quduqlar qurilish bilan tugatilib jami 246 ming metr burg‘ilash ishlari bajarildi. Yuqoridagi tadbirlarni amalga oshirishga «O‘zbekneftgaz» AJ hisobidan 1,73 trln.so‘m yo‘naltirildi.

Natijada, «O‘zbekneftgaz» AJ bo‘yicha 8 ta yangi neft va gaz konlari ochildi hamda 57,1 mlrd.m3 tabiiy gaz va 2,7 mln. tonna neft va gazkondensat zahiralari ko‘paytirilib, Respublika uglevodorod xom ashyo bazasini 70,1 mln. tonna shartli yoqilg‘iga o‘stirishga erishildi.

Birgina 2021 yil misolida aytishimiz mumkinki, «O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan keng ko‘lamli ishlar bajarilishi yo‘lga qo‘yildi, jumladan 1410 kv.km 3D seysmik ishlar bajarildi, 22 ta yangi maydonlar burg‘ilashga kiritildi, 139 ming metrdan ortiq burg‘ilash ishlari bajarildi, 5 ta – ya’ni, «Ijobat», «G‘arbiy Quyi Surgil» va «Razzoqbobo», «Quyi Sharqiy Berdax» va «Chetqum» yangi gaz konlari ochildi, 42 mln. tonna shartli yoqilg‘i miqdorida uglevodorod zahiralari ko‘paytirildi.

«O‘zbekneftgaz» geolog mutaxassislari erishilgan natijalar bilan qanoatlanib qolmasdan 2022 yilda ham bir qator tadbirlarni samarali amalga oshirishni o‘z oldilariga maqsad qilib qo‘yishgan.

Jumladan, joriy yilda «O‘zbekneftgaz» AJ bo‘yicha 2400 km2 3D seysmik ishlarni bajarish, 20 dan ortiq yangi maydonlarni burg‘ilashga kiritish, 75 ta yangi quduqlarda 215 ming metr burg‘ilash ishlarini bajarish va ushbu tadbirlarni amalga oshirish uchun «O‘zbekneftgaz» AJ hisobidan 1,6 trln. so‘mdan ortiq mablag‘larni yo‘naltirish reja qilib olingan.

Albatta ushbu vazifalarni to‘liq, o‘z vaqtida va samarali amalga oshirish «O‘zbekneftgaz» AJning geolog mutaxassislaridan katta mas’uliyat, kuch-g‘ayrat va shijoatni talab qiladi.

«O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayevning tashabbusi bilan sohada geologiiya ishlarini jadallashtirish borasida qator ishlar bajarildi va doimiy «Ishchi guruhi» faoliyati yo‘lga qo‘yiildi.

«Ishchi guruh» tomonidan o‘tkazilgan muhokamalar jarayonida 2022-2026 yillarda «O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan 10 ming 200 kv.km.dan ortiq 3D seysmik ishlarni bajarish, 100 dan ortiq yangi maydonlarni burg‘ilashga kiritish, 965 ming metr burg‘ilash ishlarini bajarish, 310 ta quduqlarni qurilish bilan tugatish reja qilib olindi.

Ushbu tadbirlar natijasida 177,6 mlrd.kub metrdan ortiq tabiiy gaz hamda 6,5 mln. tonna suyuq uglevodorod zahiralarini o‘stirishni ta’minlash belgilandi.

«O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan Respublikaning Ustyurt, Qashqadaryo va Buxoro mintaqalarida yangi maydonlarni o‘zlashtirish, yangi zaxiralarini aniqlash hamda uglevodorodlarni qazib chiqarishni samarali tashkil etish jarayonida «O‘zbekneftgaz» AJ, Davlat geologiya qo‘mitasi, «O‘ZLITINEFTGAZ»AJ, «O‘zbekgeofizika» AJ mutaxassislari va «IGIRNIGM» DM o‘rtasida hamkorlikdagi ishlar bajarilmoqda.

«O‘zbekneftgaz» AJ geologlari o‘z oldilariga qo‘yilgan ulkan vazifalarni to‘liq ado etish va bildirilayotgan ishonchni to‘liq oqlash uchun xarakat qilmoqdalar.

«O‘zbekneftgaz» AJ barcha tashkilotlar, vazirlik va idoralar bilan birgalikda kelgusida Respublikamizning neft va gaz geologiyasi sohasini muvaffaqiyatli rivojlashtirishga, vatanimiz ravnaqi, yurtimiz taraqqiyoti va xalqimiz manfaatiga beminnat hizmat qilish yo‘lida bor imkoniyatlarini safarbar etishda davom etadi.

«O‘zbekneftgaz» AJ Matbuot xizmati

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring