Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda GSP+ imtiyozidan eng ko‘p foyda ko‘rayotgan yo‘nalishlar ochiqlandi

O‘zbekistonda GSP+ imtiyozidan eng ko‘p foyda ko‘rayotgan yo‘nalishlar ochiqlandi

O‘zbekistonda Yevropa Ittifoqining GSP+ imtiyozlaridan eng ko‘p foydalanadigan ishlab chiqarish segmentlari to‘qimachilik va tayyor kiyim mahsulotlari, plastmassa buyumlar, mevalar, yong‘oqlar va sabzavotlar bo‘lib turibdi. Bu haqda O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabar berdi.

500 milliondan ortiq aholiga ega Yevropa Ittifoqi dunyodagi eng yirik bozorlardan biridir. Masalan, Yevropa to‘qimachilik sanoati mahsulotlarining bozori – 98 milliard, charm-poyabzal buyumlari – 24 milliard, qishloq xo‘jaligi sanoati – 24 milliard dollarni tashkil etadi.

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston 2021 yil aprel oyidan YeIning GSP+ tizimiga a’zo bo‘lgan. Shu tariqa mamlakatimiz Yevropa bozoriga 6200 dan ortiq tovar pozitsiyalarini bojsiz eksport qilish imkoniga ega bo‘ldi.

GSP+ benefitsiari maqomi tufayli ikki tomonlama savdo sezilarli darajada oshmoqda. 2016 yilda YeI bilan tovar ayirboshlash hajmi qariyb 1,98 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yilda bu ko‘rsatkich ikki baravarga oshib, 4,5 milliard dollarga yetdi. O‘sish davom etmoqda.

GSP+ benefitsiari sifatida O‘zbekiston mazkur tizimga kiritilgan mahsulot turlarining uchdan ikki qismiga tariflarning to‘liq bekor qilinishi hisobiga qo‘shimcha iqtisodiy foyda olish imkoniyatiga ega. Bu esa, o‘z navbatida, eksport hajmi o‘sishi va qo‘shimcha investitsiyalar jalb qilishga xizmat qiladi. Barqaror rivojlanish sohasidagi GSP+ majburiyatlari O‘zbekistonning ishonchli iqtisodiy hamkor sifatidagi mavqeini ham mustahkamlaydi.

YeI 2024–2034 yillarga mo‘ljallangan yangi muddatda O‘zbekistonning GSP+ tizimining benefitsiari  sifatidagi maqomini uzaytirishi kutilmoqda.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2022 yil oktyabr oyida Ostonada o‘tkazilgan Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi sammitidagi chiqishida mamlakatimiz GSP+ tizimiga qo‘shilganidan so‘ng yuqori qo‘shilgan qiymatli o‘zbek mahsulotlarining eksporti qariyb ikki barobar oshganini qayd etgani holda, umumiy raqamlar mavjud ulkan imkoniyatlarga mos emasligini ta’kidlagan va uni oshirish yo‘llarini taklif qilgan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring