O‘zbekiston Qozog‘istonga 50 million dollarlik mahsulot yetkazib beradi
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘istonga tashrifi chog‘ida O‘zbekiston-Qozog‘iston o‘zaro hamkorligining turli yo‘nalishlarini qamrab oluvchi 22 ta hujjat imzolangan bo‘lsa, ulardan biri agrosanoat sohasidir.
«Agrosanoat majmuasidagi hamkorlikning kengayishi o‘zaro savdoga jiddiy turtki beradi. Mamlakatlarimiz nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasini oziq-ovqat bilan ta’minlash, balki yanada kengroq geografik miqyosda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari xavfsizligining o‘ziga xos kafiliga aylanishga qodir», — degandi Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev.
Qosim-Jomart Toqayev bu borada O‘zbekiston muhim rol o‘ynashini ta’kidlab, O‘zbekistonni «qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish sohasidagi qudratli davlat», deya ta’kidlab o‘tgan. Shuningdek, u «qardosh O‘zbekistonning bu boradagi eksport imkoniyatlari amalda cheksiz», deya o‘z ta’rifini berdi.
Shavkat Mirziyoyevning Nur-Sultonga tashrifi arafasida Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida III Mintaqlararo hamkorlik forumi tashkil etildi. Shuningdek, Ishbilarmonlar kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirlar natijasida umumiy qiymati qariyb 6,6 milliard dollarga teng bo‘lgan iqtisodiy shartnomalar tuzildi.
Ikki davlat o‘rtasidagi Mintaqalararo hamkorlik forumi doirasida «UZAgro Logistics Centers» (O‘zbekiston) va «TL NIKA keden» (Qozog‘iston) o‘rtasida hamkorlik memorandum ham imzolandi.
Bunday hamkorlikning asosiy maqsadi O‘zbekistondan Qozog‘istonga tovarlar va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish tizimini yaratish va joriy etishdir. Shuningdek, 2005 yilda Jahon bojxona tashkiloti (JBT) tomonidan qabul qilingan xavfsizlik standartlarini tadbiq etish ham e’tibordan chetda qolmadi.
Vakolatli iqtisodiy operator va «TL NIKA keden» bojxona vakili O‘zbekistondan Qozog‘istonga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini (tez buziladigan mahsulotlar) yetkazib berish bo‘yicha umumiy qiymati 50 million dollarlik yirik shartnomalar imzoladi.
«Hamkor davlatlar hukumati iqtisodiyotni rivojlantirish, xususan, tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun katta ishlarni amalga oshirmoqda. Bojxona organlari faoliyatida ham ijobiy o‘zgarishlar ko‘zga tashlanmoqda. Ya’ni tovarlarni ro‘yxatdan o‘tkazishda bojxona chegarasi orqali o‘tish tartibi soddalashtirildi va tezlashtirildi», — dedi «TL NIKA keden» direktori Nikolay Marusevich.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter