O‘zbekiston iqtisodiyoti: bizni nimalar kutmoqda?
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti anjumanlar zalida bugun, 28-may kuni «O‘zbekistonni rivojlantirishning Harakatlar strategiyasi: makroiqtisodiy barqarorlik, investitsion faollik va innovatsion rivojlanish istiqbollari» mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Mazkur konferensiyada xorijiy mamlakatlarning taniqli iqtisodchi olimlari, xususan, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston fanlar akademiyasining akademiklari, Germaniya, Buyuk Britaniya, Avstraliya, Indoneziyadan kelgan oliy ta’lim muassasalari rektorlari va iqtisodchi olimlari, xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus va xorijiy kompaniyalar vakillari hamda O‘zbekistondan O‘zFA akademiklari, ilmiy-tadqiqot institutlari direktorlari, amaliyotchi mutaxassislar hamda nufuzli oliy ta’lim muassasalarining rektorlari va o‘qituvchilari ishtirok etishdi.
Konferensiyada Harakatlar strategiyasining uchinchi ustuvor yo‘nalishi – «Iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish» bo‘yicha amalga oshirilgan islohotlar haqidagi ma’ruzalar tinglandi. Ma’ruzachilar mamlakatimizda makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash, qat’iy pul-kredit siyosatini yuritish, milliy valyuta va ichki bozordagi narxlar barqarorligini ta’minlash, soliq-budjet islohotlarini olib borishga asosiy e’tibor qaratilganiga alohida to‘xtaldilar.
Anjumanda 2017-yilda so‘mning erkin ayirboshlanishi ta’minlanganligi qayd etilgani holda, tashqi savdoni liberallashtirish va samarador bozor iqtisodiyotini yaratish maqsadida boj stavkalari ikki barobar pasaytirilishi natijasida iqtisodiy o‘sishning ta’minlanishi bilan bog‘liq prognozlar konferensiya ishtirokchilariga yetkazildi.
Ma’lumki, o‘tgan yilning o‘zida Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri, shuningdek, alohida tuman va shaharlarni rivojlantirish bo‘yicha qirqdan ortiq dastur qabul qilindi, har bir tuman uchun 2077 ta yirik loyiha tasdiqlandi. Shuningdek, 11 ta iqtisodiy zona tashkil etildi va umumiy qiymati 419,5 mln. dollarlik 108 ta loyiha amalga oshirilmoqda.
O‘tgan yili qulay investitsion muhit va tashqi iqtisodiy faoliyatni erkinlashtirish hamda eksportni qo‘llab-quvvatlash borasida ham muayyan ishlar amalga oshirildi.
Birinchidan, hamkor mamlakatlar va xalqaro moliya institutlari bilan munosabatlardagi yondashuv o‘zgartirildi. Oliy darajadagi tashriflar chog‘ida Xitoy bilan 23 mlrd. dollar, Rossiya bilan 16 mlrd. dollar, Janubiy Koreya bilan 10 mlrd. dollar, Turkiya bilan 3,5 mlrd. dollar, Qozog‘iston bilan 2,2 mlrd. dollar, Qirg‘iziston bilan 455 mln. dollar miqdorida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha ikki tomonlama shartnomalar imzolandi. Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan to‘laqonli munosabatlar tiklandi, bank kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka 190 mln. AQSh dollari miqdorida kredit ajratdi. Turli yo‘nalishlarda 20 dan ortiq loyiha ishlab chiqildi. Yevropa investitsiya banki, Fransiya rivojlanish agentligi bilan hamkorlik o‘rnatildi. O‘zbekiston yangi tuzilgan Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankining teng huquqli a’zosiga aylandi.
Ikkinchidan, tashqi savdodagi barcha sun’iy to‘siqlar olib tashlandi. Xususan, oldindan to‘lovsiz va kafolat majburiyatisiz eksport qilish tartibi joriy etildi. Ortiqcha va eskirgan ruxsat beruvchi talablar bekor qilindi. Qishloq xo‘jalik mahsulotlarini eksport qilish mexanizmlari soddalashtirildi. Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida respublikaning tashqi savdo aylanmasi 2017-yilda 26 mlrd. 907 mln. AQSh dollarini, jumladan eksport 13 mlrd. 893 mln. 600 ming AQSh dollarini, import 13 mlrd. 13 mln. 400 ming AQSh dollarini tashkil etdi.
Yalpi majlisda bir qator masala va muammolar muhokama qilindi, jumladan, global iqtisodiyotda yuz berayotgan ijtimoiy-iqtisodiy tendensiya va hodisalar, ularning milliy iqtisodiyotga ta’siri; inson kapitali: uni oshirish yo‘llari va hisoblashning xalqaro usullari; mintaqalarni kompleks va mutanosib ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish; qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirish; valyuta bozorini liberallashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar; tashqi savdoni erkinlashtirish va samarali bozor iqtisodiyotini yaratish maqsadida xalqaro andozalarga mos ravishda olib borilayotgan iqtisodiy siyosat; davlatning iqtisodiyotga aralashuvini qisqartirish, iqtisodiyotda xususiy sektorning ahamiyatini oshirish kabi masalalar ko‘rib chiqildi.
Konferensiyaning birinchi bosqichi, yalpi majlisi yakunlandi. 29-may kuni konferensiya Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Bank-moliya akademiyasi, Xalqaro Vestminster universitetida davom ettiriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter