O‘zbekiston banklari ustav kapitalini kamida 500 mlrd so‘m etib belgilash taklif qilinmoqda
![O‘zbekiston banklari ustav kapitalini kamida 500 mlrd so‘m etib belgilash taklif qilinmoqda](https://static.xabaruz.com/crop/8/1/720_460_95_811987131.jpg)
«Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi qonunning 13-moddasiga o‘zgartish kiritishga oid hujjat loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Unga ko‘ra, bank ustav kapitalining eng kam miqdorini bosqichma-bosqich besh yuz milliard so‘mgacha oshirish yuzasidan tegishli qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda.
Bunda bank ustav kapitalining eng kam miqdori:
- 2023-yil 1-sentyabrdan ikki yuz milliard so‘mni;
- 2024-yil 1-apreldan uch yuz ellik milliard so‘mni;
- 2025-yil 1-yanvardan besh yuz milliard so‘mni tashkil etishi lozim.
Qayd etilishicha, taklif qilinayotgan mazkur o‘zgartirishlar aholining va tadbirkorlik subyektlarining banklarga omonat(depozit) joylashtirishni rag‘batlantiradi, tijoriy va boshqa kreditlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, shuningdek, bank xizmatlari hajmining oshishiga yordam beradi.
Ushbu tartib, xorijiy davlatlar tajribasida ham mavjud bo‘lib, jumladan, Rossiyada jismoniy shaxslar uchun – 1 mlrd. rubl (140 mlrd. so‘m), Gruziyada 50 mln. lari (184 mlrd.so‘m), Armeniyada 30 mlrd. dram (705 mlrd. so‘m), Xitoyda 1 mlrd. yuan (1.773 mlrd. so‘m), Qozog‘istonda 10 mlrd. tenge (240 mlrd. so‘m), Belarussiyada 58,1 mln.belarus rubili (225 mlrd. so‘m) qilib belgilangan.
Bugungi kunda O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan tijorat banklarining soni 33 tani tashkil etib, shundan 13 tasining ustav kapitali (39,39 foiz) 500 mlrd. so‘mdan ortiq, 9 tasining ustav kapitali (27,27 foiz) 200 mlrd. so‘mdan ortiq va 11 tasining ustav kapitali (33,33 foiz) 200 mlrd.so‘mdan kam.
«Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi qonunning amaldagi 13-moddasiga asosan bugungi kunda bank ustav kapitalining eng kam miqdori yuz milliard so‘mni tashkil etadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter