Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbek banklaridan biri ham «Mir» kartalariga xizmat ko‘rsatishni cheklab qo‘ydi

O‘zbek banklaridan biri ham «Mir» kartalariga xizmat ko‘rsatishni cheklab qo‘ydi

Ijtimoiy tarmoqlarda Turonbank Rossiyaning «Mir» kartalaridan voz kechgani haqida xabarlar tarqaldi.

Mazkur xabarlarni tekshirish asnosida ayni vaqtda Turonbank rasmiy saytidan «Mir» kartalari bo‘limi olib tashlangani kuzatildi.

Xabarlarda aytilishicha, mazkur bankda kecha soat 17:00larga qadar «Uzcard-Mir» kartalarini 36 ming so‘m evaziga ochish mumkin bo‘lgan, ammo ayni damda bu xizmat turi bank saytidan olib tashlangan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 15-sentyabr kuni AQSh Moliya Vazirligi tomonidan Rossiyaning «Mir» kartalari bilan ishlaydigan banklarga sanksiya e’lon qilinishi mumkinligi haqidagi xabarlar ortidan Qozog‘iston, Turkiya, Vetnam kabi davlatlarning bir nechta banklari «Mir»  kartalari bilan ishlashni to‘xtatgani haqida ma’lum qilgandi.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonning beshta banki – Xalq banki, Mikrokreditbank, Qishloq qurilish bank, Turonbank hamda Aloqabanklar «Mir» kartalarini emissiya qiladi.

O‘z navbatida Uzcard protsessing markazi O‘zbekistonda «Mir» to‘lov kartalari joriy etgan banklar nomidan Rossiyaning TASS agentligiga hisobot berib, mazkur kartalarga xizmat ko‘rsatish O‘zbekiston banklarida hech qanday cheklovlarsiz davom etayotganini bildirgan.

«Hozirda O‘zbekiston banklarida «Mir» kartalariga hech qanday cheklovlarsiz xizmat ko‘rsatilmoqda», – deyiladi xabarda. 

Yagona umumrespublika protsessing markazi (UZCARD to‘lov tizimi)ning ushbu masala yuzasidan rus OAVsiga hisoboti ayrim iqtisodiy-tahlilchilarda «shunchaki protsessing markazi qanday qilib banklarning ichki siyosatiga aralashishi mumkin» degan savolni tug‘dirmoqda.  

«Uzcard banklarning biznes siyosatiga aralashmaydi, u shunchaki protsessing markazi. Uning O‘zbekistonda «Mir» to‘lov kartalari joriy etgan banklar nomidan gapirishi – bu noto‘g‘ri», – deyishmoqda ular. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring