O‘zbek aviakompaniyasi Toshkent-Dushanbe-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha parvozlar daromadli emasligini tan oldi
O‘zbekistonning Tojikistondagi elchixonasi Tojikiston rasmiylariga murojaat qilib, «O‘zbekiston havo yo‘llari» aviakompaniyasi samolyotlariga Dushanbe aeroportida xizmat ko‘rsatilishida chegirmalar berilishini so‘radi.
O‘zbek diplomatlari aviakompaniya vakillarining so‘zlariga tayanib ma’lum qilishicha, aeroportdagi to‘lovlarning yuqoriligi tufayli aviakompaniya Toshkent-Dushanbe-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha har bir parvozdan so‘ng 5 mingdan 8 ming dollargacha zarar ko‘rmoqda.
«O‘zbekiston havo yo‘llari»ning Tojikistondagi vakolatxonasi rahbari Orifjon Ro‘zimurodovning 25 aprel kuni aytishicha, Dushanbeda aeroport to‘lovlari Toshkentnikidan uch barobar yuqori ekan. Bugungi kunda Toshkent-Dushanbe-Toshkent yo‘nalishi qamrovi o‘rtacha 33 foiz bo‘lib, bitta reysga 50 ta chipta sotiladi, aslida samolyot 150 dan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishi kerak. Dushanbe-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha chipta narxi, avvaldan xarid qilinadigan bo‘lsa, 750 somoniy($80)ga teng. Parvoz kuni uchmoqchi bo‘lganlar esa chiptani 90 dollarga sotib oladi.
Dushanbe xalqaro aeroporti rahbariyati hozircha o‘zbek diplomatlarining iltimosiga javob qaytarmadi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning aprel oyidan O‘zbekiston 1992-yilda to‘xtatib qo‘yilgan Toshkent-Dushanbe-Toshkent yo‘nalishida samolyot parvozlarini tikladi. «O‘zbekiston havo yo‘llari» Tojikiston poytaxtiga haftaning seshanba kunlari «A320» samolyotlari parvozini yo‘lga qo‘ygan.
Vaziyat shunday davom etadigan bo‘lsa bu yo‘nalish yana to‘xtatilishi mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter