Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Oyliklar oshdi. Endi nimalar o‘zgaradi?

Oyliklar oshdi. Endi nimalar o‘zgaradi?

Foto: «Xabar.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga muvofiq, joriy yilning 1 avgustidan budjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar hamda nafaqalar miqdori 1,1 baravar miqdorda oshirilmoqda.

Jumladan, 2019 yil 1 avgustdan O‘zbekistonda eng kam oylik ish haqi 223 000 so‘m miqdorida belgilanmoqda. Ta’kidlash joizki, minimal ish haqi miqdorining oshishi o‘z navbatida o‘rtacha oylik ish haqining ko‘payishiga olib keladi.  

Ish haqi miqdorini oshishi munosabati bilan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 21 maydagi 5723-sonli Farmoniga o‘zgartirish kiritilib, joriy yil 1 sentyabrdan eng kam ish haqi o‘rniga kiritilayotgan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 577 170 so‘mdan 634 880 so‘mga oshirilmoqda. Ushbu miqdor, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori bo‘lib, iqtisodiyotning barcha sohalariga, shu jumladan xususiy sektorni qamrab oladi.  

Shuni ta’kidlash joizki, ushbu oshirishlar birgina ijtimoiy sohada faoliyat ko‘rsatayotgan 1 mln. 600 mingdan ortiq fuqarolarning ish haqiga taalluqli bo‘lib, ular qatorida 1 mln. 107 ming nafar ta’lim, 465 ming nafar sog‘liqni saqlash hamda 70 ming nafar fan, madaniyat va sport sohalari xodimlarini qamrab oladi. 

Masalan, o‘qituvchining o‘rtacha oylik ish haqi 2,4 mln. so‘mni, vrachlarda – 2,1 mln so‘mni, madaniyat va sport sohasi xodimlarida – 2 mln. so‘mni tashkil etadi.

Bundan tashqari, mamlakat bo‘yicha 3 mln. 693 mingdan ortiq pensiya va ijtimoiy nafaqa oluvchilarning moddiy ta’minoti yaxshilanadi. Endilikda, yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori oyiga 436 150 so‘mni tashkil etadi. 

Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga, xususan minimal miqdorlarda nafaqa oluvchilarga alohida e’tibor qaratilgan. 

Xususan, mamlakatimizda bolalikdan nogironligi bo‘lgan 300 mingga yaqin shaxslarga beriladigan nafaqaning eng kam miqdori 436 150 so‘m qilib belgilandi.

Shu bilan birga, 46 mingga yaqin 2-guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning nogironlik pensiyasi eng kam miqdorini belgilashga nisbatan yondashuvlar tubdan qayta ko‘rib chiqildi.

Xususan, yangi tartibga ko‘ra, 2-guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar pensiyasining eng kam miqdori – hozirgi yoshga doir eng kam pensiyaning  50 foizidan 75 foiziga oshiriladi. Mazkur o‘zgartirish munosabati bilan 25 mingdan ortiq shaxslarning pensiyasi miqdori 150 foizga va – 21 mingga yaqin shaxslarning pensiya miqdori 136 foizga oshirishni ta’minlaydi. 

2-guruh nogironligi bo‘lgan yolg‘iz shaxslar – pensionerlarning pensiyasiga ustama miqdori hozirgi eng kam ish haqining 50 foizidan  75 foiziga oshiriladi. 

Shuningdek, 2019 yil 1 avgustdan 1-guruh nogironlik nafaqasi oluvchilarga eng kam ish haqining 25 foizi miqdorida, ya’ni 55 750 so‘m oylik qo‘shimcha to‘lov joriy qilinadi. Bunday shaxslar 23 mingdan ortiqni tashkil etadi.

Bundan tashqari, zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi  va mehnatga layoqatsiz 83 mingdan ortiq fuqarolarga beriladigan nafaqaning eng kam miqdori oyiga 267 650 so‘m miqdorida belgilandi.

Umuman olganda, mazkur Farmonga muvofiq joriy yilning o‘zida aholi daromadlarini oshirishga 3,5 trln. so‘mga yaqin mablag‘ yo‘naltiriladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring