O‘tgan yili 4 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ iste’molchilarga qaytarib berilgan
Bugun, 19 yanvar kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston iste’molchilar hukquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 2017 yilgi faoliyati yakunlari va 2018 yilgi vazifalarni belgilab olishga bag‘ishlangan majlisi bo‘lib o‘tdi.
Qayd etilishicha, federatsiya markaziy apparati va uning tarkibiga kiruvchi hududiy birlashmalar, tuman (shahar) jamiyatlari rahbariyati yil davomida joylarga chiqib, aholi bilan 10309 ta muloqot o‘tkazdi. 231 nafar ehtiyojmand fuqaro holidan xabar olinib, ularga jami 54 511 688 so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatildi.
2017 yil boshida tashkil qilingan «Iste’molchi bilan muloqot» huquqiy maslahatxonalariga hisobot davrida 5182 ta murojaat kelib tushdi. 4054 ta murojaat egasiga qonun talablaridan kelib chiqib, huquqlari tushuntirildi. 637 ta murojaat yuzasidan davlat va nazorat qiluvchi organlarga, 129 ta murojaat yuzasidan esa sud organlariga murojaat qilish bo‘yicha huquqiy maslahatlar berildi.
2017 yilning 12 oyi davomida federatsiya, uning hududiy tuzilmalari va tuman (shahar) jamiyatlariga iste’molchilardan jami 14 127 ta (7 947 ta (56,3foiz) yozma, 6 064 ta (42,9 foiz) og‘zaki) hamda Federatsiyaning virtual qabulxonasi va yagona davlat interaktiv portaliga 116 ta (0,8 foiz) elektron murojaat (ariza, taklif va shikoyat) kelib tushdi.
Jumladan, iste’molchilardan kelib tushgan murojaatlarning katta qismi tabiiy gaz ta’minoti (4 389 ta – 31,1 foiz), savdo (3 320 ta – 23,5 foiz), elektr ta’minoti (2 201 ta – 15,6 foiz), kommunal xizmat ko‘rsatish (742 ta – 5,3 foiz), suv ta’minoti (506 ta – 3,6 foiz), transport (273 ta – 1,9 foiz), aloqa (317 ta – 2,2 foiz), sog‘liqni saqlash (264 ta – 1,9 foiz) va boshqa sohalarga 2 115 ta (15,0 foiz) taalluqlidir.
Qayd etish joizki, ushbu ariza va shikoyatlar soni 2016 yil bilan solishtirganda, 4 219 taga ko‘pdir, bu iste’molchilarning federatsiya va uning tuzilmalariga ishonchi ortib borayotganini ko‘rsatadi. Iste’molchilarga murojaat qilishlari uchun qulaylik yaratish maqsadida tashkil etilgan 1091 ishonch telefoni orqali tushayotgan murojaatlar soni ham ortib bormoqda.
Zikr etilgan ariza va shikoyatlarning 12 976 tasi, ya’ni 91,9 foizi ijobiy hal etilishi natijasida, iste’molchilar foydasiga jami 4 milliard 397 million 410 ming so‘m yetkazilgan zarar qayta hisob-kitob qilib berildi.
Bundan tashqari, federatsiyaning tuman (shahar) jamiyatlari iste’molchilardan tushgan jami 393 ta murojaatni (ariza, taklif va shikoyat) ular manfaatini ko‘zlab, nazorat organlariga o‘tkazdi Ular ijobiy hal etilishi natijasida iste’molchilar foydasiga 145 547,5 ming so‘m mablag‘ qayta hisob-kitob qilinishiga erishildi.
2017 yil 26 sentyabrida federatsiya bilan «Taraqqiyot strategiyasi» markazi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Hisobot davrida federatsiya markaziy ijro etuvchi apparat huzurida 3 ta tadbirkorlik tuzilmasi: «Hisor Protect Consumers» MChJ, «Surxon Protect Consumers» MChJ va «Bo‘stonliq Protect Consumers» MChJ tashkil etilib, 20 ta ish o‘rni yaratildi.
Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda yana bir qator masalalar muhokama etilib, ular yuzasidan tegishli vazifalar belgilanib, qarorlar qabul qilindi.
Ular sirasiga iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha ijtimoiy sheriklikning samarasini oshirish, «Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi qonunni ishlab chiqishda ishtirok etish, «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnikalarni qo‘llab-quvvatlash yili» Davlat dasturi amalga oshirilishida faol ishtirok etish singari qator vazifalar kiradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter