«Olmaliq KMK» sof foydasi ma’lum qilindi
O‘zbekiston Milliy matbuot markazida «Olmaliq KMK» AJda besh oylik ishlab chiqarish va eksport ko‘rsatkichlari bajarilishi» mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Unda yirik sanoat korxonasi hisoblangan Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida 2022-yilning 5 oyi yakunlari hamda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning eksporti bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, kombinatning eksport salohiyati haqida ma’lumot berildi.
Qayd etilishicha, o‘tgan 5 oyda Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida barcha belgilangan ishlab chiqarish vazifalari bajarilgan. Jumladan, 13 640,4 mlrd so‘mlik tovar mahsulotlari ishlab chiqarilib, reja 121,4 foizga uddalangan holda, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan o‘sish sur’ati 115,7 foizni tashkil etdi.
Mahalliylashtirish dasturi bo‘yicha 117,0 mlrd so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, reja 128,0 foizga bajarildi. O‘sish sur’ati 160,3 foizni tashkil etdi.
Kombinat o‘tgan 5 oyda 3 342,7 mlrd so‘mlik sof foydaga erishdi va reja 143,5 foizga bajarildi.
Mahsulotlar kesimida olinadigan bo‘lsa, 58 625 tonna mis ishlab chiqarilgan holda vazifa 100 foizga bajarilgan. Oltin va kumush metallini ishlab chiqarish bo‘yicha ham belgilangan rejalar uddalangan.
Eksport ko‘rsatkichlari korxona iqtisodiy salohiyatining yildan-yilga o‘sib borayotganidan dalolat beradi.
2022-yilning yanvar-may holatiga ko‘ra, 452 mln dollarlik mahsulot eksporti amalga oshirilib, reja 144,1 foizga bajarilgan.
Hozirgi vaqtda kombinat 18 turdagi eksportbop, yuqori likvidli mahsulotlarni sotmoqda. Ular ichida mis asosiysidir.
Bugungi kunda OKMK mis ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha Rossiya va Qozog‘istondan keyin uchinchi o‘rinda turadi: korxona yiliga 148 ming tonnaga yaqin mis ishlab chiqaradi, shundan 85-90 ming tonnasi eksportga chiqariladi, bu ishlab chiqarish umumiy hajmining taxminan 70 foizini tashkil etadi.
Xorijiy iste’molchilarga molibden, reniy, kuporos, rux, kadmiy, volfram, palladiy va boshqa nodir metallar yetkazib beriladi. Surxondaryo viloyatida joylashgan Sherobod sement zavodi mahsulotlarining katta qismi ham eksport qilinadi.
2021-yil boshida rangli metallar uchun jahon kotirovkalarining o‘sishi kon-metallurgiya korxonalarini, xususan, OKMKni rivojlantirish uchun qo‘l keldi. Masalan, katodli mis va misdan tayyorlangan mahsulotlarning narxi sezilarli darajada oshdi.
Bu, shubhasiz, OKMKning rivojlanish darajasi va uning mahsulotlariga bo‘lgan talabning oshishiga yordam berdi. 2021-yilda jami 1124,2 mln. dollarlik mis, rux, qo‘rg‘oshin, sement va boshqa mahsulotlar eksport qilinib, reja 142,4 foizga bajarildi. Ta’kidlash joizki, qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar eksporti qariyb ikki barobarga oshdi – tashqi bozorlarga 99,8 mln. dollarlik mis quvurlar va mis katanka yetkazib berildi.
Yana bir ahamiyatli jihati shundaki, korxonaning eksport geografiyasi g‘oyatda keng. Ozarbayjon, Armaniston, Afg‘oniston, Belarus, Bolgariya, Hindiston, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Niderlandiya, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston, Turkiya, Ukraina kabi dunyoning yigirmadan ortiq davlatlari OKMK mahsulotlarining iste’molchilari hisoblanadi. Bugungi kunda kombinat tomonidan Avstraliya, Indoneziya, Polsha, Litva, Qatar va Gruziya bozorlari ham o‘zlashtirilgan.
Shuningdek, kombinat tomonidan umumiy qiymati 6,2 mln. dollarlik mis mahsulotlari yangi bozorlarga Ispaniya, Avstriya, Kanada, Portugaliya, Finlandiya, Marokash va Singapur davlatlariga eksport qilindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter