Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Namangan qanday rivojlantiriladi? Raqamlar, ma’lumot va yo‘nalishlar

Namangan qanday rivojlantiriladi? Raqamlar, ma’lumot va yo‘nalishlar

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi

Biz — bir guruh jurnalistlar investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Aziz Voitov bilan Namangan shahridagi mehmonxonalardan birida uchrashdik. Bunga qadar u viloyatda amalga oshirilayotgan loyihalar bo‘yicha Prezidentga hisobot bergan edi. Shundan so‘ng vazir o‘rinbosari matbuot vakillari bilan ham uchrashdi va viloyatda yaratilayotgan yangi ish o‘rinlari bo‘yicha suhbatlashib olindi.

Suhbat avvali brifing ko‘rinishida boshlandi. Aziz Voitov loyihalar haqida batafsil ma’lumot berdi va faqat shundan so‘ng savol-javob o‘tkazildi. Brifing davomida bilib olganlarimiz esa quyidagilar bo‘ldi.

YO‘NALIShLAR
Namanganda yangi ish o‘rinlari yaratish va kambag‘allikka qarshi kurash bo‘yicha ishlar bir nechta yo‘nalishda olib borilmoqda. Avvalo ishchi guruh uch kun davomida viloyatda bo‘ldi va hududiy investitsiya dasturi doirasida loyihalarni ko‘rib, Namanganda qaysi sohada va qaysi yo‘nalishda o‘sish nuqtasi borligini aniqlab oldi. Aniqlangan sohalar bo‘yicha loyihalarga pul tikiladi va ish o‘rinlari tashkil etiladi.

IXTISOSLAShUV
Viloyatdagi har bir tuman qaysidir sohaga ixtisoslashadi. Vazirlik va tijorat banklari tomonidan ishchi guruh tuzilib, har bir tuman o‘rganib chiqildi va kuchli hamda zaif tomonlari aniqlab olindi. Mana shu o‘rganish asosida kuchli tomonlarni yanada rivojlantirish va zaif jihatlarni bartaraf etish uchun amalga oshiriladigan ishlarning uch yillik rejasi ishlab chiqildi.

KASANAChILIK
Namanganda kasanachilik tizimi rivojlantiriladi. Ya’ni, yirik tadbirkorlarga kredit beriladi va ular kasanachilarni ish bilan ta’minlaydi. Masalan, charm sohasini olsak — tadbirkor 100-200 xonadonni xom-ashyo bilan ta’minlaydi, buyurtma beradi va qayta ishlangan mahsulotni o‘zi yana sotib oladi. Yoki chorvani oladigan bo‘lsak — yirik tadbirkor kredit oladi va bir qancha xonadonga sog‘in sigir yetkazib beradi. Ular yetishtirgan sut yana tadbirkor tomonidan sotib olinadi va qayta ishlanadi. Bu tizim xuddi klaster-kooperatsiya singari ish yuritadi.

KIChIK BIZNES YaXShI RIVOJLANGAN
Namanganning o‘ziga hos jihati — kichik biznes yaxshi rivojlangan. Shu sababli investitsiya kompleksidagi uchta bank — Asaka bank, Milliy bank va O‘zsanoatqurilishbank bilan hamkorlikda kichik biznesni rivojlantirish bo‘yicha xizmatlar paketi taqdim etiladi.

Shunchaki kredit berish va xizmatlar paketi taqdim etishning qanday farqi bor? Bu holatda tadbirkorga kredit shunchaki berib yuborilmaydi, balki biznes reja tayyorlash va o‘qitishda yordam beriladi. Tadbirkor tanlagan soha diagnostika qilinib, kuchli va kuchsiz tomonlari o‘rgatilib, so‘ngra kredit beriladi. Bunday holatda xavf kamroq bo‘ladi va tadbirkor ham kerakli bilimga ega bo‘ladi.

Yaxshi bilamiz, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining tadbirkorlarni o‘qitishga qaratilgan maxsus loyihasi mavjud. Mana shunday loyiha vodiyda ham ish boshladi. Tadbirkorlar o‘quv kursiga bog‘lanadi va biznesni boshqarishni o‘rganadi.

BOG‘DORChILIK
Namanganning yana bir jihati — issiqxonalar mavjud, ammo bog‘lar ko‘proq. Shu soha nisbatan yaxshiroq rivojlangan. Ayni vaqtda viloyatda 16 100 gektar bog‘ bor, biroq shundan 3 300 gektari eskirgan, samarasizdir. Mana shu bog‘lar qayta tashkil etiladi va qo‘shimcha 1 200 gektar adirlikdagi yerlar o‘zlashtirilib, tomchilab sug‘orish tizimi joriy etiladi. Bu o‘rinda shunchaki bog‘ yaratilmaydi, balki meva-sabzavotni quritish va qayta ishlash bo‘yicha eksport-klaster tashkil etiladi.

Viloyatning muammosi shundaki, bu yerda 670 tacha bog‘dorchilik korxonalari mavjud. Ammo ular xorij bilan bevosita ishlay olish darajasida emas. Aytaylik, Moskvadagi «Magnit» kabi yirik supermarketlarga mahsulotini yetkazib bera olmaydi.

Bu muammoni hal qilish uchun maxsus tizim tashkil etilmoqda va unga ko‘ra 13 ta yirik eksporterlar tanlab olindi. Ular bog‘bonlardan hosilni yig‘ib oladi va qayta ishlab, xorijga yetkazib beradi. Vazirlik qoshida eksportni rag‘batlantirish agentligi bor. Bu agentlik tadbirkorlarga sertifikatlar sotib olishga yordam beradi. Tadbirkor sertifikatga ega bo‘lgach, supermarketlar tarmog‘iga to‘g‘ridan-to‘g‘ri mahsulot yetkazib bera oladi.

EChKIChILIK
Shuningdek viloyatda echkichilikni rivojlantirish ko‘zda tutilgan. Unga ko‘ra yungi qayta ishlanadigan 50 mingta angor echkisi Namanganga olib kelinadi va klaster tashkil etiladi. Yung qayta ishlanib, oxirgi tayyor mahsulot olinadigan tizim yaratiladi.

Echkilarni tadbirkorlarning o‘zi boqadi. Shuningdek 3 500 ta oilaga echki tarqatish ham ko‘zda tutilgan. Ular ishlab chiqaradigan yung klaster tomonidan qayta sotib olinadi va xom-ashyo sifatida foydalaniladi.

TRIKOTAJ
O‘sish nuqtalaridan yana biri trikotaj sohasi hisoblanadi. Namanganda bu soha juda yaxshi rivojlangan. Lekin endi bularning barchasini brendlashtirishga ehtiyoj mavjud. Bu borada ikkita yo‘l bor — milliy brendni rivojlantirish yoki dunyo brendlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish.

Ayni vaqtda xorijiy kompaniyalar bilan ish olib borayotgan mahalliy tadbirkorlar va «Iftixor» hamda «Ideal» kabi milliy brendlar mavjud. Mana shu milliy brendlarni rivojlantirish orqali qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish mumkin.

TABIIY QAZILMA BOYLIKLAR
Namanganda qurilish sohasida ko‘plab qazilma boyliklar mavjud. Ammo hammasidan ham foydalanilmaydi. Investitsiya va tashqi savdo vazirligi viloyatda va yurtimizda qanday qurilish mahsulotlariga ehtiyoj kuchli ekani va nimalar import qilinayotganini aniqlab oldi. Shundan kelib chiqib amalga oshiriladigan loyihalar belgilab berilgan.

Raqamlardan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak — 234 ta loyiha uchun jami 438 milliard so‘m sarflanadi. Natijada 6900 ta ish o‘rni yaratiladi.

XORIJDAGI VATANDOShLAR
Yana bir yo‘nalish — xorijdagi vatandoshlar bilan yanada yaqinroq ishlash. Faqat sal boshqacha uslubda. Endi ularga shunchaki puli bor sarmoyador sifatida qaralmaydi, balki intellektual bilim olish va hamkorlik qilish rejalashtirilgan. Bu ham qo‘shimcha 1640ta ish o‘rni beradi.

XULOSA
Shu yilning o‘zida 2148 ta loyiha amalga oshirilishi maqsad qilingan. Buning uchun 13 trillion so‘m sarmoya ishlab chiqarishga qaratiladi. Agar mana shu rejalarning barchasi ishga tushsa, 55 mingdan ziyod ish o‘rni yaratiladi.

Bu bizga nima beradi? Yaxshi bilamiz, hozir ishsizlar bor, yana xorijda hamyurtlarimiz yuribdi. Loyihalar amalga oshsa, ular yurtimizda qolib ishlash imkoniga ega bo‘ladi.

PREZIDENT TOPShIRIG‘I
Prezidentga loyihalar haqida ma’lumot berilganda: «Bu rejalar yaxshi, ammo ularni shu yilning o‘zida amalga oshirimiz kerak. Kelasi yil kamida 75 mingta yangi ish o‘rni yaratadigan loyihalar qilishimiz kerak», — degan topshiriq berildi. Endi shu bo‘yicha ham ishlaymiz.

Aziz Voitov barcha ma’lumotlarni taqdim etib bo‘lgandan so‘ng suhbatning savol-javob qismi boshlandi.

— Loyihalar uchun kiritiladigan sarmoyaning manbasiga aniqlik kiritib olsak yaxshi bo‘lardi. Qanchasi xorijdan kredit sifatida olinadi?
— 13 trillion so‘m mablag‘dan 393 million dollari xorijiy kredit liniyalaridan ajratiladi. Qolgani mahalliy tadbirkorlarning o‘z sarmoyasi yoki mahalliy banklar krediti orqali amalga oshiriladi.

— Loyihalarning ko‘pligi yaxshi, ammo qishloqdagi odamlar bundan qanday xabardor bo‘ladi. Buning targ‘iboti qanday bo‘ladi?
— Yaxshi savol. Bu bo‘yicha «Loyihalar fabrikasi» tashabbusi amalga oshiriladi. Har bir viloyatda shunday fabrika tashkil etiladi. Yoshlar ittifoqi bilan hamkorlik qilinadi va hamkorlik qilayotgan banklar vakillari birgalikda har bir tumanni o‘rganadi. Ularning ishi targ‘ibot qilishdan ham iborat.

Masalan, Chortoq tumani o‘rganildi va alohida mobil ilova hamda sayt ishlab chiqildi. Istalgan kishi loyihalar fabrikasiga murojaat qilishi mumkin. Shuningdek biznes boshlashni maqsad qilgan, ammo nima qilishni bilmayotgan tadbirkorlar ham bor. Ularga biznes rejalar ishlab chiqish, yer kerakmi yoki xorijiy banklar bilan aloqa qilish kerakmi — barcha sohada yordam berish ko‘zda tutilgan.

— Namanganda issiqxonalar kamligi haqida aytib o‘tdingiz? Bu ma’lumot qayerdan olindi?
— Bu o‘rinda kam emas, nisbatan kam, deb ishlatsak to‘g‘ri bo‘lsa kerak. Masalan, Buxoroni olaylik, u yerda alohida erkin iqtisodiy zona mavjud. «Buxoro agro»da issiqxona uchun 3 ming gektar ajratilgan. Namanganda esa kichik issiqxonalar ko‘p. Sanoat miqyosida katta joylar esa kamroq. Asosan kichik va o‘rta tadbirkorlar bu bilan shug‘ullanadi. Viloyatda issiqxona biznesidan ko‘ra bog‘dorchilik yaxshi rivojlangan.

— Namanganning eksport geografiyasi asosan qaysi yo‘nalishda ishlaydi?
— Viloyatning meva-sabzavot yo‘nalishini olsak, faqat Markaziy Osiyo emas, balki Xitoy, Janubiy Koreya va Yevropaga eksport qilayotgan korxonalar ham bor. Avval eksport sohasida asosiy muammo nimada edi? Sertifikatlar olish va boshqalar. Hozir bu muammo hal qilinmoqda, fondimiz tomonidan subsidiya berilmoqda va tadbirkorlarning eksport salohiyati kengaymoqda. Namanganlik tadbirkorlar uddaburon, ularga sal dalda bersak yana ko‘plab davlatlarga mahsulot yetkazib berish mumkin.

— Pandemiya eksportga qanday ta’sir ko‘rsatdi? Shu haqda ma’lumot bera olasizmi?
— Pandemiya avvaliga sohaga qattiq ta’sir ko‘rsatdi, ko‘p korxonalar to‘xtab qolgan edi. Ammo bosh vazir o‘rinbosari har bir viloyatga borib, tadbirkorlar bilan ishladi, korxonalar ishga tushirildi. Natijada pandemiyadan avvalgi ko‘rsatkichlarga tez chiqib olindi. Bizning mo‘ljal bo‘yicha aprel va may oylarida kamayish kuzatilgan bo‘lsa-da, hozirga kelib yana eski salohiyatga chiqib olinmoqda. O‘ylaymanki, yil boshida belgilab olgan prognozimiz amalga oshadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring