Monopoliya deb e’lon qilmaslik sharti belgilandi
Oxirgi kalendar yilida tovarlar (xizmatlar)ni sotishdan tushgan tushumi bazaviy hisoblash miqdorining 10 ming baravaridan oshmaydigan yuridik shaxslar yoki yakka tartibdagi tadbirkorlar yoxud shaxslar guruhi tovar yoki moliya bozorlarida ustun mavqe egallagan deb e’tirof etilmaydi hamda ularga nisbatan monopoliyaga qarshi choralar qo‘llanilmaydi.
Tabiiy monopoliya sub’yektlari, davlat xaridlari va birja savdolari ishtirokchilari, mahsulotlarining narxlari davlat tomonidan tartibga solinadigan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar bundan mustasno.
Iqtisodiyotda raqobat muhitini yanada yaxshilash va xususiy sektor oldidagi byurokratik to‘siqlarni qisqartirish maqsadida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, Moliya vazirligi va Adliya vazirligining shu taklifi prezident farmonida ma’qullangan.
Shuningdek, 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab, raqobatga qarshi harakatlarni sodir etgan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga nisbatan quyidagilar uchun moliyaviy jarimalar qo‘llaniladi:
- tovar va moliya bozorida raqobatni cheklashga olib keluvchi kelishuvlar (kelishib olingan harakatlar) va iqtisodiy faoliyatni muvofiqlashtirish;
- tovar va moliya bozoridagi ustun (monopol) mavqeni hamda yuqori muzokara ustunligini suiiste’mol qilganlik, ijtimoiy va strategik ahamiyatga ega mahsulotlar narxlarini asossiz oshirganlik va insofsiz raqobat;
- xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarni qo‘shib yuborishda, qo‘shib olishda va ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalarni (ulushlarni) sotib olish bo‘yicha bitimlar tuzishda raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik;
- ommaviy savdolarda raqobatga zid harakatlar amalga oshirganlik va monopoliyaga qarshi talablarni buzganlik.
Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda moliyaviy jarimalarning aniq miqdorlari va ularni qo‘llash tartibini nazarda tutuvchi yangi tahrirdagi «Raqobat to‘g‘risida»gi qonun loyihasini Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritadi.
Bunda undirilgan moliyaviy jarimalar summasini to‘liq Davlat budjetiga yo‘naltirish hamda raqobatga qarshi harakatlarning boshqa turlari uchun ham javobgarlik nazarda tutiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter