Mirziyoyev «ACWA Power» boshqaruv raisini qabul qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4-iyun kuni O‘zbekiston-Saudiya Ishbilarmonlar kengashi hamraisi, «ACWA Power» kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyanni qabul qildi.
Saudiya Arabistoni yetakchi kompaniyalari bilan amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Davlatimiz rahbari «ACWA Power» bilan samarali sheriklik yuksak darajaga chiqqanini mamnuniyat bilan ta’kidladi.
Kompaniyaning mamlakatimiz energetika bozorini rivojlantirishdagi yetakchi o‘rni qayd etildi. Bugungi kunda joriy va istiqbolli qo‘shma loyihalar portfeli 17 milliard dollardan oshdi.
Ishbilarmonlar kengashi faoliyati doirasida Saudiyadan yangi kompaniyalarni mamlakatimizga jalb qilish ishlarini davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.
Aeroportlarni qurish va boshqarish, raqamli va energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish, issiqlik ta’minoti tarmoqlarini kengaytirish, chiqindilarni qayta ishlash, farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish, onkologiya klinikalarini ochish, turizm markazi, to‘qimachilik klasterini tashkil etish, issiqxona xo‘jaligi va chorvachilikni rivojlantirish kabi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter