Markaziy bank raisi: «Inflyasiya darajasi boshqa davlatlarga nisbatan bizda yuqori bo‘ldi»
Markaziy bank O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni (yangi tahrirda) muhokamasida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratovning senatorlar tomonidan bergan savollariga javoblarining ommaviy axborot vositalarida va ijtimoiy tarmoqlarda yoritilishi hamda to‘g‘ri talqin qilinishi bo‘yicha izoh berdi.
Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda joriy yil 11-oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisida Senatorlarning «Nima uchun mamlakatimizda narx-navoning o‘sishi keyingi oylarda Hamdo‘stlik mamlakatlari va qo‘shni davlatlardagiga nisbatan o‘rtacha 2-3 barobar ortiq bo‘lmoqda» degan savoliga Markaziy bank Raisi tomonidan berilgan javob ayrim manbalarda umumiy kontekstdan ajaratilgan holda noto‘g‘ri talqin qilinmoqda, deyiladi xabarda.
Shuningdek, Markaziy bank raisining yuqoridagi savolga to‘liq javobi keltiriladi:
«Haqiqatdan ham oxirgi ikki yilda biz ongli ravishda o‘sha narsaga (yuqori inflyasiyaga) yo‘l qo‘ydik, ya’ni inflyasiya darajasi ma’lum bir darajada boshqa davlatlarga nisbatan bizda yuqori bo‘ldi. Bu nima bilan izohlanadi? Eng avvalo, boshqa davlatlar 30 yil oldin qilingan bozor tamoyillariga o‘tishni, biz haqiqiy hayotda oxirgi 3 yilda amalga oshirdik. Ya’ni, narxlarni erkinlashtirish borasida qilinadigan ishlarimizni oxirgi yillarda amalga oshirmoqdamiz.
Biz shu paytgacha boshqariladigan narxlarni haqiqiy bozor holatidan kelib chiqib emas, aksincha, past darajada ushlab turib, xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga zararga bo‘lsa ham narxni ushlab turdik, lekin buni bozor ko‘tarmaydi. Shuning uchun, bizning birinchi qilayotgan ishlarimiz, boshqariladigan narxlarni erkinlashtirish orqali kelgusi faoliyat uchun zaminni mustahkamlash uchun qilindi.
Ikkinchi bir sababi, bu ham ob’yektiv sabab, bizda 27 yildan so‘ng investitsiya chanqoqligi degan tushuncha paydo bo‘ldi. Ushbu sharoitni Muxtaram Prezidentimiz yaratib berdilarki, hududlarda investitsion faollikni oshirish — bu maqsad o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Albatta, bu qo‘shimcha mablag‘ni, qo‘shimcha resursni iqtisodiyotga chiqarishni taqozo qildi. Bu, o‘z navbatida, bank kreditlari, investitsion kreditlar davlat resurslarini chiqarish orqali amalga oshirildi.
Bu, o‘z-o‘zidan iqtisodiyotdagi pul miqdorining ko‘payishiga olib keldi va buning inflyasiyaga o‘z ta’siri bor, u saqlanib qoldi. Biz hozir bu borada ishlab, inflyasiyani boshqarishni targetlash tizimiga o‘tish bo‘yicha Prezidentimizning Farmonlari loyihasini tayyorladik, bu borada ishlayapmiz.
Uchinchi sababi, buni ham aytib o‘tishimiz kerak, bu valyuta bozorini erkinlashtirish bo‘lib, hamma davlatlar valyutasini erkin ayirboshlashni tashkil qilganda inflyasiya bir necha barobar oshib ketgan. Bizda unga (valyuta siyosatini erkinlashtirishga qariyb 9 oy) tayyorgarlik ko‘rish orqali amalga oshirilishi, inflyasiyani unaqa 2-3 barobar oshib ketishiga yo‘l qo‘ymadi. Agar, e’tibor beradigan bo‘lsak, valyuta kursimiz qariyb 2 barobar oshdi, bu o‘z-o‘zidan narxlarni ham 2 barobar oshishiga asos bo‘lishi mumkin edi. Yo‘q, olib borilgan iqtisoiy, pul-kredit va soliq-budjet siyosati narxlarning haddan ziyod oshib ketishining oldini oldi.
Endi masalaning mohiyatiga nazar solsak, yuqori darajadagi inflyasiya iqtisodiyotga ham, aholiga ham o‘zining salbiy ta’siriga ega, shu nuqtai nazardan kelib chiqqan holda, biz 2020 yildan boshlab bu boradagi Markaziy bankka bevosita bog‘liq bo‘lgan hamda inflyasiyani jilovlash uchun Hukumatga bog‘liq bo‘lgan ishlarni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqqanmiz.
Bu chora-tadbirlar dasturiga asosan, mo‘ljallangan tadbirlarimiz amalga oshadigan bo‘lsa, biz 2021-yildan boshlab bir raqamli inflyasiyaga tushish va 2023-yildan boshlab inflyasiyani targetlash mexanizmi asosida 5-6 foizlik inflyasiyaga erishish mo‘ljallagan. O‘ylaymanki, shuni Sizlar bilan birgalikda amalga oshiradigan bo‘lsak, bizda ham bir raqamlik kichik inflyasiya darajasiga erishish imkoni bo‘ladi», deya qayd etgan Markaziy bank raisi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter