Markaziy bank qayta moliyalash stavkasi bo‘yicha qaror qabul qildi
![Markaziy bank qayta moliyalash stavkasi bo‘yicha qaror qabul qildi](https://static.xabaruz.com/crop/2/9/720_460_95_2904897203.jpg)
Markaziy bank boshqaruvi bugun, 28-aprel kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda iqtisodiyotdagi mavjud va kutilayotgan o‘zgarishlardan kelib chiqib, qayta moliyalash stavkasini yillik 14 foiz miqdorida o‘zgarishsiz qoldirishga qaror qildi.
Iste’mol narxlari o‘sish sur’atlarining sekinlashishiga qaramasdan, inflyasiya darajasini 2018-yil uchun prognoz ko‘rsatkichlari doirasida bo‘lishini ta’minlash bo‘yicha xatarlar saqlanib kolmoqda. Bu haqda Markaziy bank axborot xizmati xabar berdi.
Asosiy iste’mol tovarlari narxlari hamda valyuta almashuv kursining barqarorlashuvi ta’sirida iqtisodiyotda inflyasion kutilmalar pasayib borayotgan bo‘lsa-da, inflyasiyaning kutilayotgan darajasi yuqoriligicha qolmoqda.
Iste’mol baholari indeksi (IBI) usuli bo‘yicha hisoblangan inflyasiya darajasi 2018 yilning yanvar oyidagi 2,7 foizlik ko‘rsatkichdan so‘ng, fevral va mart oylarida 1,1 foizgacha pasayib, prognoz ko‘rsatkichlari doirasida bo‘ldi.
Ushbu sharoitlarda, 2018-yil uchun inflyasiyaning prognoz ko‘rsatkichlariga kat’iy pul-kredit siyosatini davom ettirish orqali erishiladi. Shuningdek, raqobat muhitini yaxshilanishi, tashqi-savdo faoliyatini liberallashtirilishi hamda qishloq xo‘jaligi sohasini isloh qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan amaliy choralar ichki narxlar barqarorligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Markaziy bank tomonidan inflyasion xatarlarni baholashda makroiqtisodiy siyosatdagi tarkibiy o‘zgarishlar natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy xatarlar ham inobatga olinib, umumiy talab miqdori hamda iqtisodiyotning iste’mol sektorida narxlarning keskin oshib ketishini oldini olish maqsadida pul-kredit siyosatining inflyasiyani jilovlashga qaratilgan yo‘nalishi saqlab qolinadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter