Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Markaziy bank ayrim tijorat banklariga jarima sanksiyalari qo‘lladi

Markaziy bank ayrim tijorat banklariga jarima sanksiyalari qo‘lladi

Foto: «Xabar.uz»

Bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish borasida olib borilayotgan ishlar doirasida joriy yilning iyun-iyul oylarida ayrim banklarda o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida ular tomonidan bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlari buzilishi holatlari aniqlandi.   

Xususan, «Ipoteka-bank» ATIB va «Xalq banki» ATBlarning tariflarida qonun hujjatlari bilan mijozlardan undirilishi taqiqlangan komissiya to‘lovlari mavjud bo‘lsa, «Davr-bank» XATB o‘z faoliyatida mijozlarga bank xizmatlarini ko‘rsatish jarayonida qonun hujjatlari talablariga rioya qilmaslik holatlariga yo‘l qo‘yilgan. Jumladan, Davrbank tomonidan mijozlarga ko‘rsatiladigan bank xizmat turlarining tarkibiga asosiy xizmat bilan bog‘liq bo‘lmagan qo‘shimcha xizmatlar kiritilgan hamda bankning veb-sayti va axborot stendlarida haqqoniy bo‘lmagan ma’lumotlar joylashtirilgan.  

Shu munosabat bilan, ushbu banklar faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berish bilan bir qatorda, ularga nisbatan belgilangan tartibda jarima sanksiyalari qo‘llanildi.

«Asaka bank» ATB tomonidan o‘z mijoziga nisbatan shartnomaga muvofiq komissiya to‘lovlarini hisoblash tartibi qayta ko‘rib chiqilib, noto‘g‘ri hisoblangan 84 mln. so‘m miqdoridagi mablag‘ning mijozga qaytarilishi ta’minlandi.  

Markaziy bank bundan buyon ham bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish borasida qonun hujjatlari talablarining buzilishiga yo‘l qo‘ygan kredit tashkilotlariga nisbatan qonuniy ta’sir choralarini qo‘llab boradi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring