Loyiha va hujjatlarni monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi baholaydi
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining qarori (19.04.2019 yilda 3155-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan) bilan Qonun hujjatlarining raqobatga ta’sirini baholash metodikasi tasdiqlandi. Bu haqda «Norma» xabar berdi.
Raqobatga ta’sirni baholash chog‘ida tovar va moliya bozorlarida raqobatni bevosita yoki bilvosita cheklaydigan holatlar aniqlanadi. Bunda baholash ikki xil usul asosida amalga oshiriladi:
- «ex-ante» – qonunlar, Prezidentning, Oliy Majlis palatalarining, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, Prezidentning farmonlari, vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning normativ-huquqiy hujjatlari loyihalariga (bundan keyin – NHH loyihalari) nisbatan;
- «ex-post» – amaldagi qonun hujjatlariga nisbatan.
NHH loyihalarini baholash
Metodikaga ko‘ra, NHH loyihasi quyidagi oqibatlarning biriga olib kelgan yoki olib kelishi mumkin bo‘lganda uning ta’siri raqobat uchun salbiy deb baholanadi:
- tovar ishlab chiqaruvchi yoki xizmat ko‘rsatuvchi xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning doirasi va sonini cheklasa;
- yetkazib beruvchilarning o‘zaro raqobatlashish imkoniyatini chegaralasa yoki ularning bunga qiziqishini pasaytirsa;
- iste’molchilar uchun kerakli axborotni tanlash imkonini chegaralasa.
NHH loyihalarida muayyan ko‘rsatmalar mavjud bo‘lsa, baholash uchun Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga (yuqori yuridik kuchga ega bo‘lgan NHH) yoki uning hududiy bo‘linmalariga (mahalliy hokimiyat organlarining hujjatlari loyihalari) kiritiladi. Masalan: ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlar va litsenziyaning yangi turlarini joriy etish; bozor ishtirokchilarida ortiqcha xarajatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan talablar yoki shartlarni kiritish; tabiiy monopoliya sub’yektlarining tovar (ish, xizmat)lari narxi (tarifi)ni, shuningdek boshqa tartibga solinadigan narx (tarif)ni oshirish va h.k. Jami 10 banddan iborat. Ro‘yxat batafsil hisoblanadi.
Baholash yakunlariga ko‘ra ikki nusxada xulosa tuziladi, bir nusxasi loyihani ishlab chiqqan tashkilotga yuboriladi, u uni ko‘rib chiqishi shart. Olingan xulosa loyiha bilan birga huquqiy ekspertizadan o‘tkazishi uchun Adliya vazirligiga taqdim etiladi. Loyiha Oliy Majlis, Prezidentning Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasiga kiritilganda unga xulosa majburiy tartibda ilova qilinadi.
Amaldagi hujjatlarni baholash
«ex-post» usuli bo‘yicha raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishini aniqlash yuzasidan amaldagi NHH yiliga kamida ikki marotaba xatlovdan o‘tkaziladi. Ular aniqlansa, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va uning hududiy bo‘linmalari:
- yuqori yuridik kuchga ega bo‘lgan qonun hujjatlari yuzasidan – Prezident Administratsiyasi hamda Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi;
- vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, hokimliklarning qonun hujjatlari yuzasidan – qonun hujjatlari buzilish holatini bartaraf etish to‘g‘risida taqdimnoma kiritadi.
Baholashni o‘tkazishda rasmiy va norasmiy axborotlardan foydalaniladi. Rasmiy axborotlarga xalqaro shartnomalar, internetning rasmiy resurslari, vakolatli davlat organlarining statistik ma’lumot va hisobotlari, sud amaliyoti kiradi. Norasmiy ma’lumot Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga NNT hamda fuqarolar tomonidan kiritilgan murojaatlar, internetning norasmiy resurslari, tijorat ma’lumotlari, jamoatchilik orasida o‘tkaziladigan so‘rovnomalar yordamida olinishi mumkin.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter