Kredit olish uchun arizalarni topshirish onlayn bo‘ladi
Prezidentning «Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida amalga oshiriladigan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori (PQ-5041-son, 27.03.2021-y.) qabul qilindi.
Qaror bilan 2021-yilda Dasturlar doirasida loyihalarni moliyalashtirishning manbalar kesimidagi hamda loyihalarni kreditlashning hududlar kesimidagi maqsadli parametrlari tasdiqlandi.
2021-yil 1-apreldan:
- aholi va tadbirkorlik sub’yektlarining kredit olish uchun arizalari Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari yagona elektron platformasi orqali qabul qilinadi;
- kredit olishda talabgorlarga «Agrobank» ATB, AT Xalq banki va «Mikrokreditbank» ATBlar orasidan birini ixtiyoriy tanlab, barcha dasturlar doirasida imtiyozli kredit olish bo‘yicha murojaat etish imkoniyati yaratiladi;
- kredit oluvchi tanlagan mahsulot yetkazib beruvchi tashkilot tomonidan mahsulotlar yetkazib berilgandan so‘ng, kredit mablag‘lari ta’minotchiga ajratib beriladi;
- o‘zini o‘zi band qiladigan fuqarolarga ayrim turdagi faoliyatni amalga oshirish (kasanachilik, hunarmandchilik, issiqxona qurish va shu kabilar uchun zaruriy xomashyo, ehtiyot qism hamda qurilish mollarini sotib olish) maqsadida 5 mln so‘mgacha miqdorida kredit mablag‘lari naqd pulda berilishi mumkin;
- «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari» va «Temir daftar»ga kiritilgan fuqarolarga ajratilgan kreditlarning maqsadli ishlatilishini monitoring qilish mas’uliyati tijorat banklari bilan birga mos ravishda tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari, Yoshlar ishlari agentligining tuman (shahar) bo‘limlari hamda sektor rahbarlari, shuningdek, mahalla fuqarolar yig‘ini raislari zimmasiga yuklatiladi.
Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish loyihalarini moliyalashtirish uchun 1,3 trln so‘m miqdoridagi mablag‘ni vakolatli banklarning ustav kapitalini oshirishga, shu jumladan «Agrobank» ATBga – 700 mlrd so‘m, «Mikrokreditbank» ATBga – 400 mlrd so‘m va AT Xalq bankiga – 200 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter