Kimyo sanoatida 12,1 milliard AQSh dollariga teng loyihalar amalga oshiriladi
Kimyo sanoatini yanada isloh qilish va uning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali xabar berdi.
Qaror bilan 2019-2030-yillarda kimyo sanoatini rivojlantirish dasturi tasdiqlandi.
Dasturning qiymati 12,1 milliard AQSh dollariga teng, shu jumladan, 1,7 milliard AQSh dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar hisobiga 31 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish nazarda tutilgan.
Shuningdek dastur quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
- azotli, fosforli, kaliyli va murakkab mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish;
- polimer mahsulotlari, polietilentereftalat (PET), polivinilxlorid (PVX), sintetik kauchuk, polistirol, poliuretan, poliol, akrilonitril-butadiyen-stirol (ABS) plastik, poliakrilonitril (PAN) mahsulotlarini chiqarish bo‘yicha yangi ishlab chiqarishlarni barpo etish;
- kimyoviy mahsulotlarning yangi turlarini ishlab chiqarish klasterlarini tashkil etish.
Xo‘jalik jamiyatlari ustav kapitalidagi davlat va «O‘zkimyosanoat» AJ ulushlari quyidagi tartibda sotiladi:
- investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarni qabul qilish sharti bilan potensial investorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar olib borish yo‘li bilan:
- «Samarqandkimyo» AJ ustav kapitalidagi 60,35 foiz davlat aksiyalari va «O‘zkimyosanoat» AJning 39,65 foiz aksiyalari «nol» xarid qiymatida;
- «Qo‘ng‘irot soda zavodi» MChJ ustav fondidagi «O‘zkimyosanoat» AJning 51 foiz ulushi bozor qiymatida;
- «Qo‘qon superfosfat zavodi» AJ ustav kapitalidagi 70,54 foiz davlat aksiyalari va «O‘zkimyosanoat» AJning 25 foiz aksiyalari – «Indorama» (Singapur) kompaniyasiga 4,3 million AQSh dollariga;
- «Farg‘onaazot» AJ ustav kapitalidagi 48,05 foiz davlat aksiyalari va «O‘zkimyosanoat» AJning 2,95 foiz aksiyalari tanlov savdolarida bozor qiymatida;
- «Elektrkimyozavod» QK AJ ustav kapitalidagi «O‘zkimyosanoat» AJning 26,14 foiz aksiyalarini – ochiq savdolarda bozor qiymatida;
- «Jizzax plastmassa» AJ ustav kapitalidagi 25 foizgacha aksiyalar – dastlabki bosqichda birlamchi ommaviy taklifni (IPO) o‘tkazish asosida;
- «Dehqonobod kaliy zavodi» MChJni aksiyadorlik jamiyatiga o‘zgartirib jamiyatning ustav kapitalidagi 51 foiz aksiyalari bozor qiymatida;
- «Birinchi rezinotexnika zavodi» MChJni aksiyadorlik jamiyatiga o‘zgartirib jamiyatning ustav kapitalining 51 foizigacha bo‘lgan aksiyalari bozor qiymatida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter