Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tadqiqot: kambag‘allik qanday mezonlar asosida baholanadi?

Tadqiqot: kambag‘allik qanday mezonlar asosida baholanadi?

Foto: Xabar.uz

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ekspertlari kambag‘allik masalasi bo‘yicha aholi fikrini o‘rgandi.

Kambag‘allik darajasini hisoblashning keng tarqalgan usuli bu inson uchun kunlik zarur bo‘lgan minimal oziq-ovqat mahsulotlari kaloriyasi narxi asosida minimal iste’mol xarajatlarini hisoblash orqali kambag‘allikning monetar chegarasini aniqlashdir.

Ammo, hozir ko‘p tadqiqotchilar va amaliyotchilar kambag‘allik faqatgina monetar chegara bilan aniqlanmaydi, u insonning hayot kechirish sifatini belgilovchi turli omillar yig‘indisidan tashkil topgan, ya’ni ko‘p o‘lchovli, deb hisoblaydi.

Masalan, Kambag‘allik va inson potensialining rivojlanishi muammolari bo‘yicha Oksford unversiteti tashabbusi tomonidan har yili e’lon qilinadigan Global ko‘p o‘lchovli kambag‘allik indeksida kambag‘allikni hisoblashda ovqatlanish, bolalar o‘limi, ta’lim davomiyligi, maktabga borish, taom tayyorlashada ishlatiladigan yonilg‘i turi, sanitariya holati, ichimlik suvi, elektr ta’minoti, uy-joy bilan ta’minlangalik va moddiy aktivlar kabi indikatorlardan foydalaniladi.

Amaliyoda har bir davlat aholisining yashash tarzi va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda o‘zining Milliy ko‘p o‘lchovli kambag‘allik indeksini (MKI) ishlab chiqadi. Milliy kambag‘allik indeksi indikatorlarini tanlab olishda asosan quyidagi usul yoki bir necha usullar kombinatsiyasidan foydalaniladi:
- Aholining kambag‘allik haqidagi fikrini chuqur o‘rganish;
- Ekpertlar, tadqiqotchilar va amaliyotchilar orasida ko‘psonli muhokamalar yordamida aniqlash;
- Milliy strategiyalar va konsepsiyalar asosida;
- Mavjud nazariy bilimlar asosida.

PMTI ekspertlari aholining kambag‘allik haqidagi fikrini o‘rganish asosida Milliy ko‘p o‘lchovli kambag‘allikning mezonlarini aniqlash maqsadida Navoiy viloyatida aholi o‘rtasida (300 ta xonadon) so‘rov o‘tkazdi.

So‘rov natijalariga ko‘ra, Navoiy viloyati aholisi kambag‘allik belgilari sifatida birinchi o‘rinda ishsizlik, shaxsiy uyining yo‘qligi, to‘yib ovqatlanmaslik, savodsizlik, keyingi o‘rinlarda esa surunkali kasalliklarning ko‘p bo‘lishi, bolalarning maktabga bormasligi, mavsumiy bandlik, go‘sht va tuxumning kam iste’mol qilinishi, bolalarning kasallikdan vafot etishi va bolalarning daromad topish uchun mehnat qilishi kabi indikatorlarni ahamiyatli, deb topdi. Ushbu holat aholining turli qatlam vakillari uchun qayta hisoblanganda ham saqlanib qoldi.

Olingan natijalar Kambag‘allik va inson potensialining rivojlanishi muammolari bo‘yicha Oksford unversiteti tashabbusida Dasturlar va operatsiyalar bo‘yicha direktor sifatida faoliyat yurituvich Korin Mitchel xonim tominidan ijobiy baholandi.

Aniqlangan natijalar asosida ta’kidlash mumkinki, O‘zbekistonda kambag‘allikka ta’rif berish, uning darajasini kamaytirish borasida samarali siyosat yuritish va aholi farovonligini oshirishda kompleks yondashuv va bir paytning o‘zida turli yo‘nalishlarni qamrab olgan xatti-harakatlar talab etiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring