Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kaltakni fermer, holvani «O‘zdonmahsulot» yeyaveradimi?

Kaltakni fermer, holvani «O‘zdonmahsulot» yeyaveradimi?

Foto: O‘zA

Fermer xo‘jaliklari O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida asosiy rolni egallashi ma’lum. Shunga qaramay, hanuzgacha ular faoliyatida bir qator to‘siqlar saqlanib qolmoqda. Bu esa soha taraqqiyotiga tushov bo‘layotgani nodonga ham ayon. 

Muammolar

Huquqiy jihatdan fermerlar o‘z faoliyatini mustaqil olib borish va o‘zi yetishtirgan mahsulotni erkin, bozor narxlarida sotish huquqiga ega. Biroq ayrim hollarda bu huquqlar qog‘ozni bejamoqda, xolos. Amaliyotda esa buning aksi ko‘rinadi. Oqibatda fermer xo‘jaliklarining shartnomaviy qaramligi hanuzgacha saqlanib qolmoqda.

Shartnomaviy qaramlik nimalarda ko‘rinadi?

  1. Yer ijarasi shartnomasi shartlari davlat organlari talablari bilan belgilanadi. Bunda fermerlar foydasiga muqobil shartlarni kiritish imkoniyati keskin cheklangan.
  2. Fermerlarga shartnomada belgilangan ekinlarni ekish va yetishtirilgan mahsulotning asosiy qismini davlatga sotish majburiyati yuklatiladi. Ya’nikim, xohlasang – shu, xohlamasang – katta ko‘cha!
  3. Yetishtirilgan mahsulotni davlat ehtiyojlari uchun sotish shartnomasining shartlari fermerlarga majburiy yuklanishi va amalda bunday shartnomani fermerlar tomonidan o‘zgartirish yoki boshqacha shartlar kiritish imkoniyati yo‘q darjada.
  4. Davlat ehtiyojlari uchun yetishtirilgan mahsulotga narx bozor tamoyillariga rioya etmasdan, markazlashgan holda ma’muriy usulda belgilanadi. Bu – dard ustiga chipqon, deganidir.
  5. Mazkur mahsulotni saqlash va qayta ishlash jarayonidagi muammolar ham oxir-oqibatda fermerlar gardaniga yuklanadiki, faqat bir tomon manfaatidan kelib chiqib tuziladigan bunaqa shartnomalar g‘ayriqonuniy, deydigan birorta mard yo‘qdek go‘yo... Vaholanki, fermerlar boshini birlashtirib, ular to‘laydigan badal evaziga tirikchilik qiladigan amaldorlar ko‘p. Aytish mumkinki, keragidan ko‘p!

Endi, keling, sanab o‘tilgan ushbu masalalarni boshoqli don yetishtirish misolida tahlil qilishga urinib ko‘ramiz.

Ma’lumki, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer davlatniki bo‘lib, u uzoq muddatli (30 yildan 49 yilgacha) shartnoma asosida fermerlarga ijaraga beriladi. Aslida shartnoma ikki tarafning o‘zaro kelishuvi hisoblansa-da, fermerlar bilan tuziladigan yer ijarasi shartnomasida davlatning xohish irodasi ifoda etiladi, xolos. Fermer ushbu shartlarga rozi bo‘lishdan boshqa chorasi yo‘q (shartnoma shartlarini ming azobda bajarganiga qaramay «o‘zi xon, ko‘lankasi maydon» ayrim hokimlar tomonidan zo‘rlik bilan yerlari olib qo‘yilayotgan fermerlar masalasi – alohida mavzu).

Yerni fermerlarga ijaraga berish tartibi belgilangan 2003 yil 30 oktyabrdagi Hukumat qarorida yer ijarasi shartnomasining namunaviy shakli ham keltirilgan.

Angladingizki, shartnoma shartlari «tepadan» belgilangan.

Ikkinchidan, fermerlar yetishtiriladigan ekinlarni ham mustaqil tanlay olmaydi. Ijaraga beriladigan yer oldindan qanday mahsulot yetishtirish uchun mo‘ljallanganligi namunaviy shartnomada ham, boshqa e’lonlarda ham aniq belgilab qo‘yiladi.

Eng achinarlisi jihati, fermer boshqa ekin eksa, shartnoma bekor qilinadi.

Endi mardona tan olaylik: fermer bozor talablari asosida emas, ma’muriy buyruqbozlik asosida faoliyat olib bormayaptimi?!

Keyingi muammo yetishtirilgan mahsulotlarni davlat ehtiyojlari uchun yetkazib berish shartnomasi tuzilishida bo‘lib, unda ham fermerning xohish irodasi bilan hisoblashilmaydi.

Davlat reja-topshiriqni belgilab beradi, fermer uni bajarishi shart. Yil davomida mehnat qilgan fermerlar bilan yakuniy hisob-kitob qilish yilning oxirida (2020 yil 31 dekabr) amalga oshirilishi esa, ularning iqtisodiy ahvolini og‘irlashtirib qo‘yadi.

Davlat ehtiyojlari uchun yetishtirilgan mahsulot narxini belgilashdagi muammolarni-ku, aytmang, aytmang...

Bizda don arzonmi?

Nihoyat, narxni bozor tamoyillari asosida belgilash bo‘yicha dastlabki qadamlar ko‘yilmoqda. Xususan, Prezidentning 2020 yil 6 martdagi «G‘alla yetishtirish, xarid qilish va sotishga bozor tamoyillarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, joriy yil hosilidan boshlab davlat buyurtmasi asosida boshoqli don yetishtirish amaliyoti va 2021 yil hosilidan davlat tomonidan g‘allaga xarid narxini belgilash amaliyoti, ya’ni davlat xaridi to‘liq bekor qilinadi.

Davlat xaridi o‘rniga fermer yetishtirgan g‘alla birja orqali yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bilan erkin narxlarda sotilishi belgilangan.

Amaldagi holatni kuzatsak, davlat ehtiyojlari uchun sotib olinadigan mahsulot narxi bozor narxi asosida belgilanishi umumiy qoida sifatida ko‘rilsa, amalda narxlar Hukumat qarori bilan bozordagi real narxlardan jiddiy farq qiladigan darajada belgilab qo‘yilgan. Bu esa fermerlarning jiddiy ziyon ko‘rishiga sabab bo‘lmoqda.

Xususan, 2020 yil hosilidan davlat ehtiyojlari uchun sotib olinadigan boshoqli don narxlari Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 15 iyundagi «2020 yil hosili uchun ekilgan boshoqli don hosilini o‘z vaqtida va sifatli o‘rib-yig‘ib olishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan belgilangan. Unga ko‘ra, 1-sinf qattiq bug‘doy, ya’ni eng sara mahsulot, narxi 1 tonna uchun 2.543.180, 3-sinf yumshoq (yetishtiriladigan bug‘doyning asosiy qismi shu sinfga mos keladi) bug‘doy narxi esa 1.555.000 so‘m yetib belgilandi.

Shu o‘rinda, 2020 yil don mahsulotlarining dunyo va ichki bozordagi narxlarini solishtirsak, yuqoridagi narx bozor narxidan birmuncha past ekani ko‘rinadi. Jumladan, https://grainsprices.com/article/15500 sayti ma’lumotlariga ko‘ra, Ukrainaning eng arzon oziqabop bug‘doyi narxi 1 tonna uchun 187 AQSh dollar, ya’ni so‘mda taxminan 1.921.000 so‘m, Rossiyaning 3-sinf bug‘doyi esa 1 tonnasi 200 AQSh dollari, ya’ni so‘mda 2.055.000 so‘mdan sotilmoqda.

Ichki bozorda esa (tovar xomashyo birjasida) Hukumat qarori qabul qilingan davrga mos 2020 yilning 11-15 may kunlarida 3-sinf bug‘doy o‘rtacha narxi (1 tonna uchun) 2.854.454 so‘m, aynan hosil yig‘ishtirilib olinayotgan paytga mos 15-19 iyun kunlari esa 3-sinf bug‘doy 2.544.043 so‘m narxda sotilgan.

Ko‘rinadiki, Hukumat belgilagan narx va bozor narxi o‘rtasida taxminan (1 tonna uchun) 1 mln. so‘m farq bor. Albatta, bunday holatda fermer o‘z mehnati natijasi yetarli baholanmaganligidan norozi bo‘lishi, bu esa ishlab chiqarish samaradorligiga salbiy ta’sir etishi tayin.

«O‘zdonmahsulot» qachon fermerga qayishadi?

Davlat ehtiyojlari uchun yetishtiriladigan boshoqli don mahsulotlari bo‘yicha davlatning tijoriy agenti bo‘lgan «O‘zdonmahsulot» davlat aksiyadorlik kompaniyasi (DAK) va uning tizimidagi suistemolchiliklar oddiy holga aylangandek go‘yo. Buni oddiy statistikadan ham ko‘rish mumkin.

Bosh prokuraturama’lumotlariga ko‘ra, 2017—2019-yillar va 2020-yilning 8 oyida «O‘zdonmahsulot» DAK va uning quyi tizimidagi mansabdor shaxslariga nisbatan 93 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Shundan 78 tasi qonuniy baho berish uchun sudga yuborilgan bo‘lib, sud hukmi bilan 175 nafar mansabdor shaxslari (164 tasi o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, 4 tasi hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish, 6 tasi pora olish, 1 ta boshqa jinoyatlarni sodir etgan) javobgarlikka tortilgan. Ular tomonidan davlat va jamiyat manfaatlariga yetkazilgan zarar miqdori 146 749 100 mln. so‘m ekani aytiladi.

Javobgarlikka tortilgan 175 nafar xodimni ular egallab turgan lavozimlar kesimida tahlil qiladigan bo‘lsak, ushbu davrda kompaniyaning o‘zida 2 ta, Donni qayta ishlash zavodlari (AJlar) va don qabul qilish shaxobchalaridan – 29  nafar rahbar, 19 ta bosh hisobchi va hisobchi, 2 ta iqtisodchi, 28 ta ombor mudiri, 2 ta laborant, 8 ta don qabul qilish shaxobchasi mudiri, 85 ta boshqa xodimlar tashkil etadi. Qisqasi, jinoiy javobgarlikka tortilganlarning aksariyati «yog‘li joy»ni egallagan muttahamlar ekani oydinlashadi.

Javobgarlikka tortilgan 175 nafar soha xodimlarining xizmat mavqei nuqtai nazaridan tahlil qiladigan bo‘lsak, respublikasi miqyosidagi xodimlar 2 ta, viloyat miqyosidagi xodimlar 9 ta, tuman (shahar) miqyosidagi xodimlar 164 tani tashkil etadi.

Amaliyotda «O‘zdonmahsulot» tizimi korxonalari boshoqli don qabul qilishda don maxsulotlarini asossiz ravishda past navda qabul qilish, tarozidan urib qolish, topshirilayotgan don mahsulotlaridan chegirmalarni me’yordan ko‘p miqdorda olib qolish holatlari uchraydi.

Donni yig‘ish paytida «O‘zagroservis» AJ korxonalari tomonidan ekilgan boshoqli don maxsulotlarini kontraktatsiya shartnomasida nazarda tutilgan hajmini yig‘ib olib, ortiqcha qismi qoldirib ketilishi oqibatida ekilgan boshoqli don maxsuloti asossiz ravishda nobud bo‘ladi.

Bu muammolarning barchasi, fermerlar faoliyati samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi.

Yechim bormi?

Ushbu muammolarning yechimi sohaga bozor tamoyillarini keng joriy etish, boshoqli don yetishtirishda davlat ehtiyojlari uchun sotib olish tizimi bekor qilishdir. Qishloq xo‘jaligida ushbu islohotlarning amalga oshirilishi fermerning manfaatdorligi o‘sishiga va bu orqali qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlar ko‘payishiga olib keladi. Bu esa fermerning kosasi orqaradi, deganidir.

Mahkam Ergashev,
tadqiqotchi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring