«Tanglik holati hammaga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi» — Jamshid Xo‘jayev
Joriy yilning 21-oktyabr kuni Shanxay hamkorlik tashkilotiga (ShHT) a’zo davlatlar vazirlarining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha beshinchi yig‘ilishi videokonferensiya ko‘rinishida tashkil etildi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Muloqotda koronavirus pandemiyasining jahon iqtisodiyotiga salbiy ta’sirini yumshatish, qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini yanada rivojlantirish, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish uchun ko‘rilayotgan choralarni muhokama qilishdi. Global muammoga qarshi turish birgalikdagi muvofiqlashtirilgan sa’y-harakatlarni talab etishi ta’kidlab o‘tildi.
Yig‘ilishda ShHT Bosh kotibi V.Norov, ShHT Bosh kotibi o‘rinbosari Sh.Djonon, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) Bosh direktori o‘rinbosari – Yevropa va Markaziy Osiyodagi Mintaqaviy vakili V. Raxmanin, O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vaziri J. Xo‘jayev, Rossiya Federatsiyasi qishloq xo‘jaligi vaziri D. Patrushev, Hindiston Qishloq xo‘jaligi va fermerlar farovonligi davlat vaziri P. Rupala, Qozog‘iston Qishloq xo‘jaligi vaziri S. Omarov, Xitoy Xalq Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Ch. Taolin, Qirg‘iziston Qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati va melioratsiya vaziri E. Choduyev, Pokiston Islom Respublikasi milliy oziq-ovqat xavfsizligi va tadqiqotlar vaziri S. Imam, Tojikiston Qishloq xo‘jaligi vaziri A. Salimzoda ishtirok etdi.
Qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xo‘jayev o‘z nutqida qishloq xo‘jaligi sohasini yanada rivojlantirishda ShHTga a’zo davlatlarning birdamligi va hamkorlikdagi sa’y-harakati o‘z samarasini berayotganini bildirdi.
— Biz ShHT davlatlarining texnologik salohiyatidan foydalanish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ilmiy tekshirish va tajriba-konstruktorlik ishlarini moliyalashtirish, kadrlarni tayyorlash, zarur infratuzilmani yaratish uchun ochiqmiz. COVID-19 pandemiyasi faoliyatimizga sezilarli o‘zgarishlar kiritdi. Dunyo bo‘ylab qishloq xo‘jaligi yangi ish sharoitlariga moslashishiga to‘g‘ri kelmoqda. Ko‘rib turganimizdek, hech bir davlat chetda turgani yo‘q. Tanglik holati hammaga, jumladan, ShHT davlatlariga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Jahonda koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha mislsiz choralar ko‘rilmoqda. So‘zsiz, bugungi kunda oziq-ovqat xavfsizligi davlatlar milliy xavfsizligining muhim elementi hisoblanadi. Respublikada meva-sabzavot mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmini oshirish maqsadida meva-sabzavot yetishtirishga ixtisoslashtirilgan kooperativlar va klasterlar mexanizmlari keng joriy etilmoqda. Ayni damda O‘zbekistonda ishlab chiqarish va ilm-fan integratsiyasini ta’minlash, qishloq xo‘jaligi sohasida yangi bilim va innovatsiyalar tizimini joriy etishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. ShHT va FAO o‘rtasida 2019 yilda imzolangan Memorandum 2030 yilgacha bo‘lgan Barqaror rivojlanish maqsadlari sohasidagi Kun tartibiga muvofiq hozirgi va bo‘lajak avlodlar uchun oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni birlashtirish jarayonida muhim siljish bo‘ldi. Aholining barcha qatlamlarini arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash eng muhim vazifa hisoblanadi. Qisqa muddatda barcha davlat va jamoat resurslarini safarbar etishga erishdik. Davlat va xo‘jalik boshqaruvi bo‘g‘inlarining yaqin va muvofiqlashtirilgan hamkorligi ta’minlandi. Global epidimiologik vaziyat masalalari bo‘yicha xalqaro hamjamiyat, shuningdek oziq-ovqat xavfsizligi masalalarini tezkor hal etish bo‘yicha bizga qo‘shni mamlakatlar bilan samarali muloqot yo‘lga qo‘yildi. Biz pandemiya sharoitida mintaqa davlatlarining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qishloq xo‘jaligidagi sa’y-harkatlarini muvofiqlashtirish yo‘llarini muhokama qilib oldik. Mahalliy hukumat organlari bilan birgalikda pandemiya sharoitida aholini oziq-ovqat bilan ta’minlash, barqaror bozor narxlarini saqlab turish, shuningdek eksportni va ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish bo‘yicha dastur tayyorlandi.
ShHTga a’zo-davlatlar hukumatlari o‘rtasida 2010 yil 11 iyun kuni Toshkent shahrida imzolangan qishloq xo‘jaligi sohasidagi Kelishuvni amalga oshirish bo‘yicha 2021-2025 yillar uchun chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi. Hujjatga muvofiq, tomonlar turli istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha, jumladan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va oziq-ovqat savdosini kengaytirish, agrosanoat majmuiga investitsiyalarni jalb qilish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, birgalikdagi ilmiy tadqiqotlar va akademik almashinuvlarni o‘tkazish, qishloq xo‘jaligiga oid innovatsiyalarni tatbiq etish, ko‘rgazma-yarmarka faoliyatini faollashtirish bo‘yicha qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni rivojlantiradi.
Bundan tashqari, delegatsiyalar rahbarlari 2018 yil 12 oktyabrda Dushanbe shahrida imzolangan ShHTning Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha hamkorlik dasturini amalga oshirishga qaratilgan Rejani tasdiqlashdi. Mazkur rejaga ko‘ra, ShHTga a’zo davlatlarning oziq-ovqat xavfsizligi masalalariga umumiy yondashuvini ishlab chiqish, oziq-ovqat xavfsizligi sohasida vaziyat yuzasidan ixtiyoriy axborot almashinuvini amalga oshirish, ushbu mavzuga doir, jumladan, tajriba almashish va malaka oshirish bo‘yicha umumiy tadbirlar o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
Xitoylik vakillarning agrar texnologiyalar almashinuvi va o‘qitish bo‘yicha ShHT Ko‘rgazmali bazasini yaratishga oid tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi. Ko‘rgazmali baza Xitoyning Shensi viloyatidagi Yanlin ko‘rgazma zonasi asosida ta’sis etilgan qishloq xo‘jaligi uchun texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etish maydonini rivojlantirishni ko‘zda tutadi.
Shu bilan birga delegatsiyalar rahbarlari Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining (FAO) 2020-2023 yillarga mo‘ljallangan hamkorlikdagi harakatlari rejasi bo‘yicha ShHT Kotibiyatining ma’lumotlari bilan tanishishdi.
Shanxay hamkorlik tashkilotiga (ShHT)ga a’zo davlatlar vazirlarining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha beshinchi yig‘ilishi yakuni bo‘yicha kelishuv imzolandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter