Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ispaniya ajoyibotlari: Atigi uch kishi ishlaydigan va hatto qorovuli ham yo‘q suv ombori...

Ispaniya ajoyibotlari: Atigi uch kishi ishlaydigan va hatto qorovuli ham yo‘q suv ombori...

Foto: «Xabar.uz»

Tangri inoyati bilan yaratilgan ne’matlardan biri va eng azizi suvdir. U borliqni yashnatadi, tiriltiradi.  Odamzod, nabotot va hayvonot uchun ham birdek aziz ne’mat u. Poklanish ham, oziqlanish ham u bilan. Ichimlik suvidan tortib ekin-tekinlarning sug‘orilishi, ariq, daryo, ko‘l-u dengizlarning achchiq va chuchuk suvlarining sharaflanishi va taqsimoti dunyoni tashvishga solayotgan global muammolardan biri. Shuning uchun ham suv muammosini hal etishda hamjihatlik va hamkorlikkina ijobiy natijalar berishi mumkinligini bugungi kunda jahon ahli anglab yetgani rost.

UzWaterAware loyihasi doirasida Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi tomonidan Ispaniyaga uyushtirilgan o‘quv safari ham ana shu maqsadga yo‘naltirilgan.

Ispaniya poytaxtidan janubga tomon yurish asnosida mahalliy aholining suvga bo‘lgan munosabati ijobiy yo‘sinda ekaniga amin bo‘ldik. Suvning sarflanishi va taqsimoti masalasi ilmiy asosda o‘rganilgani e’tiborga molik.

Ilk manzilimiz xuddi Samarqand, Buxoro va Xiva qal’asidagidek tosh yotqizilgan ko‘chalar, me’moriy yodgorliklarga boy Toledo shahri bo‘ldi. Aylanma va burilmalarga boy tor ko‘chalarda oldin yurmagan sayyoh adashib qolishi hech gap emas. O‘rta asrlarga xos shukuh va ko‘rk saqlanib qolgan ushbu shahar aholisi samimiy va dilkashdir. Ochiq yuzlilik bilan muomala qilishlari beixtiyor sizni havaslantiradi. Negadir ingliz tilida savol so‘rasangiz, o‘z tilida javob berishni ma’qul ko‘rishadi, imo-ishoralar bilan bo‘lsa-da sizga yordam berishadi, muruvvat qo‘lini cho‘zishadi. Shu tobda o‘z tilini ulug‘lash va muqaddas tutish nahotki, Ispaniya qiroli Karl 5 dan meros qolgan deb o‘ylaysan kishi. Biz Karl 5 nomi bilan ataladigan mehmonxonaga joylashdik. Yerlik aholining mashhur qirolni maqtash sharafi ham shundandir, balki. U shunday degan: «Agar sen do‘sting bilan gaplashishni istasang fransuz tilida gaplash, do‘st bo‘lmaganlar bilan nemis tilida, go‘zal qizlar bilan italyan tilida gaplash. Xudo bilan ispan tilida so‘zlash!» Bu gapda albatta, mubolag‘a, g‘uluv san’ati ishlatilgani aniq. Lekin yana bir jihati borki, unda o‘z tilini ulug‘lash, muqaddas tutish, ayni paytda tilparvarlik zamiridagi elparvarlik borligini ham inkor etib bo‘lmaydi. 

Yana sayohatimizni davom ettiradigan bo‘lsak, Toledodan chiqishda Ispaniya milliy vodorod markazida ham bo‘ldik. Vodorodning suvdan olinishi, energiya manbai sifatida undan foydalanishning yo‘lga qo‘yilgani ham diqqatimizni jalb etdi. Serra-Morena tizmasining yonbag‘irlarida, Gvadalkvivir daryosining o‘ng qirg‘og‘ida joylashgan Kordova shahri (Qurtuba) alohida ahamiyata ega.

Bu shahar 756 yildan Kordova amirligining, 929-yildan 1031-yilgacha Kordova xalifaligining poytaxti bo‘lgan. X asrda 1 millionga yaqin aholisi bo‘lgan mazkur shaharda ilm-fan, she’riyat, san’at gullab-yashnagan. Ko‘plab qasrlar, masjid va karvonsaroylar qurilgan. Shuning uchun ham bu yerdan sayyohlarning qadami uzilmaydi. Tarixiy yodgorliklar o‘z aslicha saqlanib qolgan Kordova shahri Ispaniyaning sayyohlar gavjum maskanlaridandir.

U yerda mutaxassis sifatida Gvadalkvivir daryo havza boshqarmasining mutasaddilaridan Xoakin del Kampo Benito bilan muloqot uyushtirildi. U o‘zining faoliyati va ilmiy-nazariy qarashlari borasida batafsil so‘zlab berdi.

50 yoki 60 kishining ishini kam sonli mutaxassis ham hal etishi mumkinligiga iqror bo‘ldik. «Vadomoxon» suv omborida bor-yo‘g‘i 3 kishi ishlaydi. Umuman, 6 nafar texnik xodim hududdagi 4 ta suv omboriga xizmat ko‘rsatadi. Eng qizig‘i, boshqaruv to‘liq avtomatlashtirilgan suv omborini qo‘riqlaydigan doimiy qorovul yo‘q. Hudud mahalliy politsiyachilar nazoratiga olingan, xolos.

Mazkur inshootning qurilishi 1993-1997-yillarga mansub bo‘lib, platinaning balandligi 67 metr. Omborning suv sig‘imi esa 163 m³. Uning normal holatda sekundiga 350 litr suv chiqadigan ikkita suv darvozasi bor. U orqali  15 ming gektar yer suv bilan ta’minlanadi. Shundan 5 ming gektari suv omborining yuqori qismida, 10 ming gektari quyi qismida joylashgan.

Jurnalist Shuhrat Suyunov keltirgan ma’lumotlarga tayangan holda, yana shularni qayd etish mumkin. «Vadomoxon» suv ombori texnik rahbari Pedro Eskrivanoning aytishicha, ilgari bir-ikki marta elektr kabellarini o‘g‘irlab ketish holatlari kuzatilgan. 3-4 nafar qorovulga yil-o‘n ikki oy davomida maosh to‘lagandan ko‘ra, o‘g‘irlangan kabelning o‘rniga yangisini sotib olish arzonga tushadi. Buning ustiga hozir mahalliy aholi suv ularning hayoti uchun qanchalik qadrli ekanini tushunib yetgan. Shu bois, o‘g‘irlik holatlari kuzatilmayapti.

Suv ombori darvozalarini ochib-yopish, suvni nazorat qilish to‘liq avtomatlashtirilgan. Boshqaruv pulti yuqorida joylashgan. Boshqaruv uskunalari esa pastda, suv darvozasining ustki qismida joylashgan. Texnik xodimga darvozani ochish yoki yopish haqida topshiriq berilganidan so‘ng, yuqoridagi va pastdagi boshqaruv tugmalari ikki kishi tomonidan bir paytda bosilganidagina uskuna ishlaydi. Ya’ni, bir kishining uskunani boshqarish imkoni yo‘q. Ishlar bajarilganidan so‘ng, xodimlar eshiklarni qulflab ketadi.

Gvadalkvivir daryo havza boshqarmasi tizimiga kiruvchi suv omborlari uchta vazifani bajaradi:

  • suv resurslarini nazorat qilish va boshqarish;
  • hududdagi yerlarni suv bilan ta’minlash;
  • suv toshqinlarining oldini olish.

Keyingi 5 yilda yana bir vazifa qo‘shilgan bo‘lib, bu gidroelektr stansiyasining ishga tushirilishidir.

Hozir suv kam vaqti. Qish va bahor faslidagi yog‘ingarchilik hisobiga suv ombori to‘ladi. Shu bilan birga, bahordagi yog‘ingarchiliklar mavsumida ehtimoliy toshqinlarga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida suv kamaytirilgan.

Suv ombori atrofidagi barcha maydonlar, shu jumladan, adirliklarga ham zaytun daraxti ekilgan.

Ilgari Guadaxos daryo havzasi bo‘ylab 10 ming gektar hududda paxta, lavlagi, qisman makkajo‘xori yetishtirilgan. Keyingi yillarda ushbu hududlar zaytun yetishtirishga ixtisoslashdi. Zaytun kam suv ichadi. Tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy qilinadigan bo‘lsa, suv yanada tejaladi. Daromad yaxshi bo‘lgani va suvni kam talab qilgani bois, boshqa ekinlar o‘z o‘rnini zaytunga bo‘shatib berdi.

Hozirda havza hududidagi maydonlarning 90 foizida zaytun yetishtiriladi. Ilgari zaytundan faqat yog‘ olingan bo‘lsa, endilikda mevasini sotish va zaytun sharbati ishlab chiqarish kengaymoqda.

Hududdagi yirik suv omborlari davlat tomonidan boshqariladi. Nisbatan kichik suv omborlarida davlat – xususiy sherikligi yo‘lga qo‘yilgan. Bunga gidroelektr stansiyasi barpo etilgan suv omborini misol qilib keltirish mumkin.

Suv ombori bilan tanishuv yakunida uning texnik rahbariga Pedro Eskrivanoga O‘zbekiston suv xo‘jaligi haqida elektron kitob va boshqa esdalik sovg‘alari topshirilarkan, hamkorligimiz bardavom bo‘lishiga ishonch hosil qildik.

Rahimboy Jumaniyozov,
Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash
 muhandislari instituti matbuot xizmati rahbari

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring