Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ipak olishning muqobil usullari yo‘lga qo‘yiladi

Ipak olishning muqobil usullari yo‘lga qo‘yiladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlatimiz rahbari ipakchilikdagi muammo va imkoniyatlarga to‘xtalib o‘tdi.

Oxirgi yetti yilda bu sohaga katta e’tibor berilib, klaster tizimi joriy qilindi. Jumladan, 74 ta pilla-ipakchilik klasteri va 11 ta urug‘chilik korxonasi tashkil qilindi. Tut maydonlari 40 ming gektardan 55 ming gektarga ko‘paydi.

Buni hisobiga, pilla yetishtirish hajmi 2,5 barobar oshib, 26 ming tonnaga yetdi, ipak mahsuloti eksporti 3 barobar ko‘paydi.

Yig‘ilishda sohaga ipak qurtini parvarishlash, kasallikdan saqlash agrotexnikasi va innovatsiyalari kirib kelmagani hisobiga urug‘dan pilla olishda yo‘qotishlar saqlanib qolayotgani ta’kidlandi.

Shuningdek, dunyoda ipak mahsuloti importini 45 foizi to‘g‘ri kelayotgan Yevropa bozoriga chiqish muhimligi qayd etildi.

Eksportda ipakdan tayyor mahsulot ulushini, jumladan, pillani chuqur qayta ishlab, tayyor ipak mahsulotlari, mato va uy tekstili ishlab chiqaradigan quvvatlarni ko‘paytirish zarur.

Pillachilik uchun ozuqa bazasi bo‘lgan tutzorlarda yangi navli hosildor tut ekishini kengaytirish muhim. Bizdagi 1 million gektarga yaqin paxta maydoniga bir-ikki qatordan tut ekilsa, 50-60 ming tonna ozuqa zaxirasini shakllantirish mumkin.

Pillani xarid narxi pastligi uchun pillakorlarda manfaatdorlik past.

Shuning uchun ipakchilikni rivojlantirish bo‘yicha kuni kecha imzolangan Prezident farmoni bilan pilla xarid narxi 25 foizga oshirildi.

Pillakorlar daromad va ijtimoiy soliqlardan ozod qilindi, tutzorlar uchun yer solig‘ining 10 foizi to‘lanadi.

Mutasaddilar va hokimlarga yangi tutzorlar tashkil qilsa bo‘ladigan 105 ming gektar yer ajratish topshirildi. Bu yerlar lotlarga bo‘linib, auksionda beriladi, auksiondagi yerning boshlang‘ich narxi 10 foiz etib belgilanadi.

Yig‘ilishda ipak olishning muqobil usullarini yo‘lga qo‘yish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Masalan, Xitoyda kanakunjut qurtini parvarishlab, ipak olish keng yo‘lga qo‘yilgan.

Bu yangi yo‘nalishni o‘zimizning iqlim sharoitimizdan kelib chiqib tatbiq qilish maqsadga muvofiqligi qayd etildi.

O‘simliklar karantini va himoyasi agentligiga kanakunjut o‘simligi va qurti urug‘larini olib kelib, Ipakchilik institutida sinov ishlarini boshlash topshirildi.

Umuman, hokimlar va soha mutasaddilariga pilla mavsumini sifatli tashkil etib, hosil yo‘qotishsiz yig‘ib olinishini ta’minlash bo‘yicha qator topshiriqlar berildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring