Faktoring xizmati haqida bilasizmi?
Bugun faktoring tushunchasi va uning qator qulayliklari borasida ko‘plab savollar tug‘ilmoqda. Ana shu savollar yuzasidan «Mikrokreditbank» ATB Faktoring xizmatlarini ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘i Abdusamad Sultonov suhbat o‘tkazdik.
— Faktoring xizmati o‘zi nima, uning tadbirkorlar uchun qanday afzalliklari bor?
— O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksida (42-bob, 749-758-moddalar) faktoring tushunchasi keltirilgan bo‘lib, faktoring — pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalashtirish xizmati hisoblanadi. Yoki oddiy qilib aytganda, faktoring — bu kelgusidagi tushumni hozirgi pul mablag‘lariga almashtirish desa ham bo‘ladi.
Faktoringni moliya agenti sifatida banklar va boshqa kredit tashkilotlari tuzishi mumkin. Faktoringning bir qator avzalliklari mavjud, xususan:
- garov ta’minoti talab qilinmaydi (garov sifatida debitorlik qarz qaraladi);
- tadbirkorlarning aylanma mablag‘lari uzluksizligi ta’minlanadi;
- mablag‘larning maqsadli ishlatilishi talab etilmaydi.
— Faktoring xizmatining qanday turlari bor va ular bir-biridan nimasi bilan farq qiladi?
— Faktoring xizmatining bir nechta asosiy turlari mavjud bo‘lib, bular:
- An’anaviy, teskari (reversiv), bir faktorli, ko‘p faktorli, regress huquqi bilan, regress huquqisiz, ochiq va yopiq turlari.
An’anaviy faktoring bu faktoring amalga oshirish tashabbuskori — tovar yetkazib beruvchi tadbirkor.
Teskari (reversiv) faktoring bu tashabbuskor – sotib oluvchi tadbirkor.
Bir faktorli bu mahalliy faktoring amaliyotlarida qo‘llaniladi.
Ko‘p faktorli bu xalqaro faktoring amaliyotlariga mos xizmat.
— Faktoring bilan kredit o‘rtasidagi farq nimada?
— Faktoring xizmatlari va kredit amaliyotlari bir biridan farq qiladi.
Faktoring xizmatlari qisqa muddatda, kredit esa 1-5 kungacha muddatda rasmiylashtiriladi. Shuningdek, faktoring xizmatida garov talab etilmaydi, kredit uchun esa garov shart hisoblanadi.
— Faktoring xizmatidan foydalanish uchun qayerga murojaat qilish kerak va qanday hujjatlar talab etiladi?
—Bugungi kunda barcha tijorat banklarida faktoring xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, mijozlarimiz MKBANKning o‘ziga yaqin bo‘lgan bank filialiga murojaat qilishlari mumkin. Bugun tijorat banklari tomonidan integratsiya qilingan elektron platformalardan foydalangan holda faktoring xizmatlaridan foydalanish imkoniyati kengaygan.
Shu o‘rinda faktoring xizmati kimlarga kerakligi haqida ham aytib o‘tsam...
Korporativ, kichik va o‘rta biznes vakillari, ishlab chiqaruvchilar, savdo kompaniyalari.
Demak, faktoring xizmati orqali tadbirkorlarning aylanma mablag‘lari uzluksizligi, va eng muhimi ishlab chiqarish jarayonlarining uzluksizligi ta’minlanadi.
Faktoring xizmatidan asosan kechiktirilgan to‘lovli savdolarda foydalaniladi va korxonalarga tezkor moliyaviy resursga ega bo‘lish imkonini beradi.
Shuningdek, MKBANKning faktoring xizmati haqida bu yerda ma’lumotga ega bo‘lasiz.
Bank Axborot xizmati
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter