Energetika vazirligi zimmasiga javobgarlik yuklandi

Qiymati 200 milliard so‘mga teng loyihalar va sanoat zonalariga infratuzilma yetkazib berish to‘liq davlatning zimmasida bo‘ladi – Prezident to‘rtinchi yo‘nalish haqida to‘xtaldi.
– Infratuzilma muammolarini 3 mingga yaqin tadbirkor ko‘targan. Masalan, Sirdaryoda “Guliston gold yarn” korxonasi uzoq muddatdan beri elektr tarmog‘iga ulana olmagan. Vaholanki, ishlab chiqarish asbob-uskunalari va o‘z hisobidan transformatorgacha olib kelgan. Unga ozgina yordam berilsa, korxona 600 ta yangi doimiy ish o‘rinlari yaratishga tayyor.
Shuning uchun, birinchidan, kelgusi yil 1 yanvardan boshlab, qiymati 200 milliard so‘mga teng loyihalar bo‘yicha elektr, tabiiy gaz, suv tarmoqlari va yo‘l infratuzilmasini yetkazib berish to‘liq davlatning zimmasida bo‘ladi. Bu imtiyoz, hozirgi kungacha faqatgina 50 million dollardan oshadigan xorijiy investorlar loyihalariga qo‘llanib kelinmoqda.
Ikkinchidan, kelgusi 2 yilda respublika bo‘yicha qo‘shimcha 200 ta sanoat zonalari tashkil etiladi. Ularning har biriga kamida 15 ta korxonani joylashtirish mo‘ljallanib, elektr, tabiiy gaz, suv tarmoqlari va yo‘l infratuzilmasi yetkazib berish to‘liq davlatning zimmasida bo‘ladi.
Ushbu maqsadlar uchun, kelgusi yilda budjetdan 2 trillion so‘m mablag‘ ajratiladi.
Qo‘chqorov, Umurzoqov viloyat hokimlari bilan birga 1 noyabrga qadar sanoat zonalarining joylashuvi va aniq loyiha takliflarini tayyorlasin.
Bu choralar hududiy sanoat ulushi ancha past bo‘lgan Surxondaryo, Buxoro, Xorazm, Sirdaryo, Qashqadaryo, Samarqand va Toshkent viloyatlaridagi ayrim tumanlar uchun juda katta imkoniyat yaratadi.
Uchinchidan, elektr energiyasidagi uzilishlar ko‘pchilik tadbirkorlarimizni bezovta qilayotgani ham, ayni haqiqat. Bu masala bo‘yicha har bir tuman, shahar va mahalla kesimida alohida dasturlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yil 1 noyabrgacha 4 mingta transformatorni almashtirish, 35 ta podstansiya, 15 ming kilometr tarmoqlarni yangilash ishlari yakuniga yetkaziladi.
Bu ishlarni amalga oshirish uchun, joriy yilning o‘zida ilk bor 3 trillion so‘m mablag‘ ajratganmiz.
Elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini keskin oshirish maqsadida tariximizda ilk bor bu sohaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy va xususiy biznes kirib keldi. Natijada shu yil yakuniga qadar to‘liq xususiy investitsiyalar hisobiga umumiy quvvati 1 ming 800 megavatt bo‘lgan 8 ta issiqlik va quyosh elektr stansiyalari ishga tushiriladi.
Energetika vazirligi kelgusi yillarda bu kabi loyihalarni keskin ko‘paytirib 2023 yilga qadar elektr energiyasi bo‘yicha qo‘shimcha ishlab chiqarish quvvatlarini 4 ming 400 Megavattga oshirishi shart.
To‘rtinchidan, elektr tarmoqlariga ulanishdagi jarayonlarning murakkabligi, muddatlar uzoqligi va xarajatlar yuqoriligi tadbirkorlarning haqli e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.
Masalan, iste’molchilarning 75 foizi 20 kilovattgacha quvvatli elektr ishlatadigan kichik sexlar, savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari hisoblanadi. Lekin, ularga ham xuddi yirik korxonalar bilan bir xil talablar qo‘yilgan.
Misol uchun, oddiy savdo do‘konini elektr tarmog‘iga ulash uchun 4 ta bosqichdan o‘tish, 7 million so‘m xarajat va bunga kamida bir oy vaqt talab etiladi.
Energetika vazirligi tomonidan kelgusi yil boshidan ushbu masalada yangi, qulay tizim joriy etiladi. Bunda elektr tarmog‘iga ulanish to‘liq elektron platformaga o‘tkaziladi va barcha jarayonlar bir bosqichga tushiriladi.
Tadbirkorlarni elektr tarmog‘iga ulash muddati 20 kilovattgacha bo‘lgan quvvatlar uchun – 10 kun, 50 kilovattli quvvatlar uchun esa 20 kun etib belgilanadi.
Agar elektr ta’minoti korxonasi ishlarni muddatida yakunlamasa, ular tadbirkorlarga kompensatsiya to‘laydi. Ushbu ishlar Davlat xizmatlari markazlari orqali tashkil etilib, muntazam nazorat qilib boriladi.
Umuman, tadbirkorlarni kerakli hajmda energiya resurslari bilan ta’minlash mas’uliyati va javobgarligi Energetika vazirligi zimmasiga yuklanishini qonun bilan mustahkamlab qo‘yamiz, — dedi prezident.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter