Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Endi davlat mulklari «1 so‘m» qiymatda savdoga chiqarilmaydi

Endi davlat mulklari «1 so‘m» qiymatda savdoga chiqarilmaydi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Avvalroq prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida davlat aktivlarini xususiylashtirish sohasidagi ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilishi to‘g‘risida xabar bergandik.

Xususiylashtirish – muhim iqtisodiy tadbirlardan biri. Bu nafaqat budjetga tushumni ta’minlaydi, balki yangi investitsiya loyihalari, ish o‘rinlari va qo‘shilgan qiymat uchun poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Chunki tadbirkorlik rivoji uchun eng zarur sharoit, avvalo, yer, bino va infratuzilmadir.

Shu bois xususiylashtirish masalasi iqtisodiy islohotlarning asosiy yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan. Joriy va kelgusi yilda davlat ulushi bo‘lgan korxonalar sonini kamida 3 barobar qisqartirish bo‘yicha ish olib borilmoqda. Bu islohotlar dunyodagi nufuzli ekspertlar va ommaviy axborot vositalari tomonidan ham e’tirof etilmoqda.  

2020-yil 27-oktyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilingan edi. Bu boradagi ishlar o‘z samarasini berib, joriy yilning birinchi yarmida 478 ta davlat mulki 1 trillion 100 milliard so‘mga sotildi.

Lekin, bu borada qilinadigan ishlar hali ko‘p. Xususan, sotilishi belgilangan 556 ta mulkdan 288 tasi savdolarga chiqarilmagan. Shuningdek, davlat korxonalari va banklar ixtiyorida ularning asosiy faoliyatiga xos bo‘lmagan 511 ta ob’yekt haligacha sotilmasdan turibdi.

Yig‘ilishda xususiylashtirish jarayonini samarali tashkil etish, auksionda qatnashish tartiblarini soddalashtirish va ishtirokchilar sonini ko‘paytirishga qaratilgan vazifalar muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, joriy yilda 900 dan ortiq davlat mulki sotuvga qo‘yiladi. Endi davlat mulklarini «1 so‘m» qiymatda savdoga chiqarish, yer uchastkalarini investitsiya majburiyati bilan sotish amaliyoti bekor qilinadi va ular bozor bahosida elektron savdolarga chiqariladi.

Bundan tashqari, onlayn auksionda qatnashish uchun to‘lovlar bekor qilinadi va tadbirkorlarga elektron ro‘yxatdan o‘tish xarajatlari Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan qoplab beriladi. Auksionda mulkni sotib olganda, to‘lov muddati hozirgi 5 kundan 15 kungacha uzaytiriladi.

Bundan buyon, davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlarning bino-inshootlari, transport vositalarini sotish va ijaraga berishni faqat elektron auksion orqali amalga oshirish tartibi joriy etiladi.

Mutasaddilarga ushbu yangi tartiblarni nazarda tutuvchi qaror loyihasi ishlab chiqish topshirildi.

Toshkent shahridagi 13 ta yirik ko‘chmas ob’yekti hamda 11 ta tarmoq korxonalaridagi davlat ulushlarini xorijiy konsultantlarni jalb qilgan holda, sotuvga chiqarish zarurligi ta’kidlandi.

Viloyat, tuman va shahar hokimlariga o‘z vakolatidagi 154 ta bo‘sh turgan ob’yektni bir oy muddatda savdoga chiqarish vazifasi qo‘yildi.

Hokimliklar tomonidan sotuvga chiqarilgan mulklar sotilganda, hududlar ixtiyorida qoladigan mablag‘lar ulushi 73 foizdan 87 foizga oshiriladigan bo‘ldi. Bu mablag‘lar viloyat va tumanlar (shahar) budjetlari o‘rtasida teng taqsimlanadi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga davlat korxonalari hamda banklarning asosiy faoliyatga xos bo‘lmagan va bo‘sh turgan ob’yektlarni to‘liq qaytadan xatlovdan o‘tkazib, ularni xususiylashtirishga tayyorlash bo‘yicha topshiriq berildi.

Faoliyat yuritmayotgan yoki zarar ko‘rib ishlayotgan korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish va modernizatsiya qilish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring